16:57 / 29.05.2024
8474

«Barselona» yangi bosh murabbiyini e’lon qildi

«Barselona» klubi 2023/24 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, jamoa murabbiylar shtabida o‘zgarishlar ro‘y berganini rasman e’lon qildi.

Foto: Reuters

Klub rasmiy sayti xabariga ko‘ra, Xavi bilan 2025 yilning yoziga qadar imzolangan amaldagi shartnoma bekor qilingan. Uning murabbiylar shtabidagi yordamchilari ham jamoani tark etgan. Klub iste’foga chiqarilgan mutaxassislarga keyingi faoliyatiga omad tiladi.

«Barsa» matbuot xizmati Hans-Diter Flik jamoaning yangi bosh murabbiyiga aylanganini rasman e’lon qildi. Germaniyalik 59 yoshli murabbiy bilan 2026 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan 2 yillik shartnoma imzolangan. Flikga avvalgi ish joyi Germaniya milliy jamoasida yordam bergan assistentlari Kataloniya klubida ham u bilan birga ishlaydigan bo‘ldi. 

Avvalroq, Kataloniya klubi Xaviga 2,5 million yevro miqdorida tovon puli to‘lashi haqida xabar qilingan, Hans-Diter Flikning yangi klubidagi yillik maoshi esa 3 mln yevroni tashkil etishi xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun, Flik 2019-2021 yillarda «Bavariya»da bosh murabbiy sifatida ishlab, tanilgandi. Ungacha u turli klublarda yordamchi murabbiy va sport direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid
Top