O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Eron bilan durang o‘ynadi va Jaloliddin Masharipov aytganidek, guruhda birinchi o‘rinda borishda davom etyapmiz. Aslida tan olish kerak, Eron bilan durang jamoamiz uchun ham, muxlislar uchun ham qoniqarli natija hisoblanadi. Ammo biz o‘yinga kelajak uchun, bizni kutib turgan BAA va Qatarga qarshi o‘yinlar nuqtayi nazaridan qarashga majburmiz. Agar guruhda peshqadamlikni saqlab qolish uchun bu uchrashuvlarda g‘alaba qozonishimizga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, Eronga qarshi o‘yinning oxirgi uchdan biri, ya’ni bir kishi ko‘p bo‘lib to‘p surgan davrimiz tahlil uchun o‘rinli daqiqalar hisoblanadi. Ungacha bo‘lgan daqiqalarni O‘zbekiston futbolchilari aktiviga ijobiy tomondan qayd etish mumkin, zero Osiyoning eng kuchli jamoalaridan birini yaxshi to‘xtata oldik, tengma-teng o‘ynadik. Ammo g‘alaba qozonishimiz mumkin bo‘lgan 60-90 daqiqalardagi o‘yin juda ko‘p savollarni keltirib chiqardi. Qaytaraman, durang qoniqarli hisob, ammo masala shu – bu o‘yin bilan BAA yoki Qatarga qarshi o‘yinlarda g‘alaba qozona olamizmi?

Nega qizil kartochkadan unumli foydalana olmadik?

Rakursni shu taxlit burganimizda, vaziyat o‘ylaganimizdan yomonroq ekani ko‘zga tashlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir mulohaza o‘qib qoldim – «kuchlar bir biriga yaqin bo‘lgani ikki jamoa to‘qnashganda qizil kartochka biror tomonga yengillik bermaydi, aksincha, bir kishi kam bo‘lib qolgan jamoa himoyaga urg‘u berib, vaziyat yaratish yanada qiyinlashib ketadi». Qisman, to‘g‘ri, Misol sifatida, yaqinda Angliyada bo‘lib o‘tgan «Manchester Siti» – «Arsenal» o‘yinini keltirish mumkin. Londonliklar qizil kartochka olgach, butun jamoa bo‘lib himoyaga yotib oldi. Mezbonlarning vazifasi qiyinlashib ketdi va faqat eng oxirgi daqiqalardagina hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi xolos. Agar futbolchilar soni teng bo‘lganida, ikki tomonlama o‘yin bo‘lishi va balkim «Siti» ko‘proq zonalarga ega bo‘lib, ertaroq hisobni tenglashtirishi va balki g‘alabaga erishishi mumkin edi, to‘g‘rimi?

Ammo bitta katta farq bor. «Arsenal» bir futbolchi kam bo‘lib qolgach, yana bitta gol urish imkoniyati deyarli nolga tenglashdi. Asosiy savol «Manchester Siti» gol ura oladimi yoki yo‘qmi, bo‘lib qoldi xolos. O‘yin statistikasi to‘liq bunga dalolat qiladi. Endi savolni Toshkentdagi o‘yinga ko‘chiradigan bo‘lsak, Eronning qizil kartochkasi bizning vazifamizni og‘irlashtirdi, deya olamizmi? Eronning gol urish imkoniyati bormidi? Bizning asosiy muammomiz Eron himoyasini yorib o‘tish edimi? Bunga harakat qildikmi o‘zi?

Biz bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan daqiqalar statistikasiga ko‘z yugurtirsak, aniq zarbalar soni 0-4 Eron foydasiga, burchak to‘plari ham 0-4, to‘p nazorati deyarli teng – 52-48, biz rostan ham bir kishi ko‘p bo‘lib to‘p surdikmi? Tarkibimiz salohiyati, legionerlar to‘p suradigan klublar darajasi, ichki chempionatlarimiz raqobatbardoshligi nuqtayi nazaridan biz Eronga yetib olmagandikmi? Rostan ham tarkibni birma-bir solishtirganda Eron bilan katta farq ko‘rmayman, demak, maydonda bu qadar ojiz ko‘rinishimizning sababi nimada?