14:43 / 29.05.2024
9166

FNQZ uchun kelishilgan summa hali to‘liq to‘lanmagani ma’lum bo‘ldi

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi 100 foiz ulushlar ikki yil avval 100 mln dollarga Saneg'ga sotilgan edi. Lekin hozir ham zavoddagi ulushlarning nazorat paketi davlatda qolmoqda, Saneg'ning ulushi esa 41,5 foizni tashkil etadi. Kompaniya hali belgilangan to‘lovni to‘liq to‘lamagan.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi / Foto: Davaktiv

O‘zbekistondagi asosiy neft qazib chiqaruvchi kompaniya – Saneg neft konlaridagi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli uskunalarni nazoratga olmoqda. Bu – hukumatning 2024 yil 2-choragi uchun investitsiya dasturida ko‘zda tutilgan.

Bu xususiylashtirish jarayoni hozir qaysi bosqichda ekani, xususiylashtirish obekti va bitim qiymati ma’lum emas. Investitsiya dasturida keltirilishicha, neft konlaridagi uskunalar, UNG Petro AYoQShlar tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodi bilan birgalikda, jami 70 mln dollarga baholangan.

AYoQShlar tarmog‘i va Chinoz NQZ Petroleum Technology Group nazoratiga o‘tgan bo‘lsa, neft konlaridagi uskunalar Saneg egaligiga o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Saneg bilan bundan ikki yil oldin Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi bo‘yicha ham xususiylashtirish bitimi tuzilgan edi. 2022 yilning 22 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zavodning 100 foiz ulushi 100 mln dollarga “Sanoat Energetika Guruhi” MChJga sotilganini e’lon qilgandi.

Biroq, 2024 yilning 29 may holatiga ko‘ra, zavodning 58,5 foiz ulushi Davaktivga, 41,5 foiz ulushi esa Saneg'ga tegishli.

Davaktivning Kun.uz'ga aniqlik kiritishicha, Saneg hali belgilangan to‘lovni to‘liq amalga oshirmagan.

“Xarid qiymatini to‘lagan qismiga mutanosib ravishda ulush o‘tkazib beriladi. Xarid qiymati to‘liq to‘langandan va shartnoma shartlarini bajargandan so‘ng, ulush ham to‘liq o‘tkaziladi”, – deyiladi agentlik izohida.

Saneg to‘liq to‘lovni qancha muddatda amalga oshirishi kerakligi haqidagi savolga oydinlik kiritilmadi.

Ma’lumot uchun, bitim doirasida xaridorga quyidagi majburiyatlar ham yuklatilgandi:

  • zavodni modernizatsiya qilish orqali zamonaviy va ekologik toza benzin, Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isi, Jyet a-1 reaktiv yoqilg‘isi va suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish;
  • neft agregatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 million tonnaga oshirish;
  • yuqoridagi maqsadlar uchun 380 mln dollardan ortiq investitsiya kiritish.

Kun.uz avvalroq Toshkent metallurgiya zavodi xususiylashtirilishi haqida yozgandi.

Top