Jahon | 13:36 / 29.05.2024
17017
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya: KXDR chiqindi to‘ldirilgan yuzlab havo sharlarini uchirdi

Sharlar har xil turdagi chiqindi: hojatxona qog‘ozi, plastik butilkalar, batareyalar va go‘ng bilan to‘ldirilgan. Rasmiylar jamoatchilikni sharlar qulagani haqida xabar berishga va ularga yaqinlashmaslikka chaqirdi.

Foto: Yonhap News Agency/REUTERS

Janubiy Koreya Shimoliy Koreyani chegaradan katta miqdordagi chiqindi sharlarini uchirayotganlikda aybladi. Bu haqda 29 may, chorshanba kuni «Renxap» agentligi xabar berdi. Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi (JCS) ta’kidlaganidek, seshanba kuni kechqurundan boshlab havo sharlari chegarani kesib o‘tib, mamlakatning turli joylariga qulagan. Chorshanba holatiga ko‘ra, 150 dan ortiq bunday sharlar aniqlangan. «Shimoliy Koreyaning bu harakatlari xalqaro huquqni ochiqdan-ochiq buzadi va xalqimiz xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi», — deyiladi JCS bayonotida. 

Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan sharlarning fotosuratlarida ular chiqindilar, jumladan, hojatxona qog‘ozi, plastik butilkalar, batareyalar, poyabzal qismlari va go‘ng bilan to‘ldirilganligini ko‘rish mumkin. Rasmiylar jamoatchilikni sharlar qulagani haqida xabar berishga va ularga yaqinlashmaslikka chaqirdi. Harbiylar qulagan narsalarni yig‘ish va tekshirish uchun kimyoviy va biologik tahdid bo‘linmalarini yubordi. 

Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreya varaqalari bilan to‘ldirilgan sharlariga javobi 

26 may kuni KXDR rasmiylari «chegara hududiga tashviqot materiallari va chiqindilarning tashlanishiga javoban choralar ko‘rishini» ma’lum qildi. Shimoliy Koreya janubiy koreyalik faollarning Shimoliy Koreya rahbariyatini tanqid qiluvchi varaqalar, yarimorol janubidagi demokratik jamiyat haqida ma’lumot beruvchi va shimolda taqiqlangan Janubiy Koreya pop-guruhlarining musiqiy videolari bo‘lgan USB’lar bo‘lgan sharlarni uchirayotganiga javob qaytardi. 

Janubiy Koreyaning avvalgi hukumatlari faollarning bunday kampaniyalarni o‘tkazishini to‘xtatishga urinib, ular tinchlikni targ‘ib qilmasligini va chegara yaqinidagi aholi xavfsizligiga tahdid solayotganini aytishgan. 2021 yilda havo sharlarini uchirish bo‘yicha taqiq keyinchalik Oliy sud tomonidan konstitutsiyaga zid deb topilgan, chunki bu so‘z erkinligini buzgan.

Mavzuga oid