Jahon | 10:01 / 24.07.2024
10183
3 daqiqa o‘qiladi

KXDRning chiqindi shari Janubiy Koreya prezidenti idorasiga uchib keldi

KXDRdan uchib kelgan havo sharining tarkibi xavfli emas, deb xabar qildi Janubiy Koreya prezidenti xavfsizlik xizmati. Shimoliy Koreya allaqachon chegaradan 2000 ga yaqin chiqindi sharlarini uchirdi.

Foto: Park Dong-joo/Yonhap/AP/picture alliance

24 iyul, chorshanba kuni Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi xabariga ko‘ra, KXDRdan kelgan havo shari Janubiy Koreya prezidenti idorasi binosiga qo‘ndi. Prezident xavfsizlik xizmati havo shari tarkibini o‘rganib chiqdi va uning kimyoviy, biologik va radiatsiyaviy xavf tug‘dirmasligini ma’lum qildi. Departament qo‘shimcha qilishicha, u Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi bilan birgalikda vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. 

Janubiy Koreya harbiylari 21 iyul kuni Shimoliy Koreya chegaradan yana chiqindi sharlarini uchirayotgani haqida ogohlantirgan edi. Oldingi holatlarda bo‘lgani kabi, rasmiylar aholini qulagan narsalarga tegmaslikka va huquq-tartibot idoralari yoki harbiylarga xabar berishga chaqirdi. 

Avvalroq Seul Shimoliy Koreya chegarasi bo‘ylab karnaylar orqali xalqaro yangiliklar, demokratiya va kapitalizm haqidagi ma’lumotlar hamda K-pop musiqalarini eshittirishni qayta boshladi. Janubiy Koreya tomoni bu qadamni Pxenyanning havo sharlari yordamida amalga oshirayotgan «yovuz, sharmandali va qo‘pol» harakatlariga munosabat sifatida izohladi.

Pxenyan: chiqindi sharlari - Kimni tanqid qiluvchi varaqalarga javob
 
May oyidan beri Shimoliy Koreya janubiy chegara orqali ikki mingga yaqin havo sharlarini uchirdi, ularga chiqindi va go‘ng solingan qoplar ilib qo‘yilgan. Shimoliy Koreya rasmiylari avvalroq ularning janubiy qo‘shnisiga «samimiy sovg‘a»lari «chegara hududiga tashviqot materiallari va chiqindilarning tez-tez sochib yuborilishiga javob» ekanini ta’kidlagan edi. Shu tariqa Shimoliy Koreya janubiy koreyalik faollarning Shimoliy Koreya rahbariyatini tanqid qiluvchi varaqalar, yarimorol janubidagi demokratik jamiyat haqida ma’lumot beruvchi va shimolda taqiqlangan Janubiy Koreya pop-guruhlarining musiqiy videolari bo‘lgan USB’lar bo‘lgan sharlarni uchirayotganiga javob qaytardi. 

Mavzuga oid