O‘zbekiston | 20:14 / 29.05.2024
22401
2 daqiqa o‘qiladi

Plyajga 10 mingta plastik o‘rdak: Ekologiya vazirligi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini ogohlantirdi

“Yangi O‘zbekiston” bog‘i 1 iyun – Bolalar kunida bog‘dagi plyajga 10 mingta o‘yinchoq o‘rdak tashlanishini e’lon qildi. Ekologiya vazirligi buni keskin qoralab, qonunchilikka binoan javobgarlikdan ogohlantirdi. Plastik buyumlar uzoq muddat chirimasligi sabab chiqindi sifatida tabiatga katta zarar yetkazadi.

“Yangi O‘zbekiston” e’lon qilgan reklama videosidan kadrlar

Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i 1 iyun – Bolalar kuni munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlarni e’lon qildi. Ular orasida shu kuni soat 12:00 da bog‘dagi plyajga plastikdan yasalgan 10 mingta o‘yinchoq o‘rdakni tashlash rejasi ham bor.

Ma’muriyatning qayd etishicha, bundan maqsad – bolalarga yaxshi kayfiyat ulashish.

Bog‘ning bu haqda Instagram'da bergan e’loni ostida ko‘plab o‘zbekistonliklar plastik ekologiya uchun zararli ekanini ta’kidlab, bog‘ning bu niyatini tanqid qildi.

Bu holatni, shuningdek, Ekologiya vazirligi ham keskin qoraladi.

“Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bunday xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va bunday holatlar qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini ma’lum qiladi”, – deyiladi vazirlik bayonotida.

Ekologiya organiga ko‘ra, bunday xatti-harakatlar “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi. Vazirlik vakillari voqea joyiga chiqib, mutasaddilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan va javobgarlik to‘g‘risida qat’iy ogohlantirish bergan.

“Plastik buyumlar uzoq muddat chirimaydi va chiqindi sifatida tabiatga katta zarar yetkazadi. Shunday ekan, o‘zimiz va farzandlarimiz yashab turgan tabiatni toza saqlashga, asrab-avaylashga hissa qo‘shaylik!” – deyiladi Ekologiya vazirligi bayonotida.

Mavzuga oid