Jamiyat | 12:23 / 29.05.2024
7053
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Qo‘qonda Hajga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi

DXX tomonidan sayyohlik firmasi ish boshqaruvchisi va xodimlari qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Haj ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq qator noqonuniy holatlar fosh etildi.

Xususan, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi shaxs Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni ishonchiga kirib, tanishlari yordamida, unga Saudiya Arabistoniga Haj safariga borishi uchun zarur bo‘ladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ziyoratga yuborish evaziga 8,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlandi.

Boshqa holatda esa poytaxtda faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroni soxta hujjatlar orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 5,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Yana bir sayyohlik firmasi boshqaruvchisi va uning xodimi ham Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroning ishonchini suiiste’mol qilib, joriy Haj-2024 mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 8,5 ming AQSh dollari talab qilishib, 4 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Qo‘qon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasining ish boshqaruvchisi 2 nafar fuqaroni Haj amallarini bajarishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Qo‘qon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, boshqa sayyohlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroni hoji maqomiga ega bo‘lishi uchun Haj ziyoratiga yuborish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilib, 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid