Bir qator yirik soliq to‘lovchilarning davlat budjetidagi ulushi keskin qisqardi
2023 yilda yirik soliq to‘lovchilarning davlat budjetidagi ulushi qisqargan. Xususan, eng yirik soliq to‘lovchilar – Navoiy kon metallurgiya kombinatining ulushi 0,4 foizga, Olmaliq kon metallurgiya kombinatining ulushi esa 2,38 foizga kamaygan. Shuningdek, bir qator energetika korxonalarining ham budjet tushumlaridagi ulushi kutilganidan sezilarli darajada kam bo‘lgan.
2023 yilgi davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi “Fuqarolar uchun budjet” nashri e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yirik soliq to‘lovchilarining budjet tushumlaridagi ulushi qisqargan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha biznes va aholidan undiriladigan soliqlar o‘sganiga qaramay, davlat budjeti daromadlari o‘sishi sekinlashgan.
2022 yilda budjet daromadlari 22,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 14,8 foizni tashkil qilgan.
Xususan, yer solig‘idan tushumlar 29,9 foizga, mol-mulk solig‘idan tushumlar 27 foizga, jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan tushumlar 23,25 foizga, bojxona bojlaridan tushumlar esa 67,2 foizga oshgan.
Budjet daromadlarining oldingi yilga nisbatan kamroq o‘sgani yirik soliq to‘lovchilarning budjet tushumlaridagi ulushi kamaygani bilan bog‘liq.
“Oltin narxlari osmonga o‘rlaganiga qaramay, eng yirik soliq to‘lovchi NKMKning ulushi 0,41 foizga pasaygan. Misning yuqori narxlariga qaramay OKMKning ulushi 2,38 foizga pasaygan.
Energetikada ahvol tubga qarab ketayotganini tushumlar ulushidan qarab ham bilish mumkin. “O‘zbekneftgaz” ulushi 0,22 foizga, “O‘ztransgaz” ulushi 0,92 foizga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ulushi 0,16 foizga, Uz-Kor Gas Chemical ulushi 0,25 foizga qulagan”, - deb yozadi Otabek Bakirov.
Oltin narxining o‘sishi foyda solig‘i tushumlarini oshirgan
Hisobotda keltirilishicha, tog‘-kon va metallurgiya sanoati korxonalarining asosiy ishlab chiqarish tovari hisoblangan oltinning 1 unsiyasi uchun jahon bozoridagi o‘rtacha yillik narx 1 941,8 AQSh dollariga oshishi foyda solig‘i tushumlarining 2022 yilga nisbatan 6,2 foizga ko‘payishiga olib kelgan.
2022 yilgi hisobotga ko‘ra, foyda solig‘i – 37 trln 649,9 mlrd so‘mni tashkil qilib, shundan jami tushumning 17 trln 393,7 mlrd so‘mi yoki 46 foizi oltin va mis qazib chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ri kelgan. 2023 yilda esa foyda solig‘i tushumlari 40 trln 778,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan, shundan jami tushumning 21 trln 656,7 mlrd so‘mi yoki 53,1 foizi oltin va mis qazib chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ri kelgan. Oltin narxining o‘sishi foyda solig‘i tushumlarida o‘z aksini topgan.
Ammo oltin qazib oluvchi korxonalarning yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlaridagi ulushi qisqargan. 2022 yilda resurs soliqlari tushumlarining asosiy ulushini (15 trln 300,3 mlrd so‘m, yoki 54,5 foiz) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tashkil etib, shundan 62,1 foizi oltin qazib oluvchi korxonalar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich 2022 yilda 63,7 foiz bo‘lgan.
Raqamlar bir qator energetika korxonalarining ham budjet tushumlaridagi ulushi kutilganidek sezilarli darajada kam bo‘lganini ko‘rsatadi.
2023 yilda yirik soliq to‘lovchilarning soliq tushumlaridagi ulushi prognozi va 2023 yilgi budjet ijrosi
Mavzuga oid
19:22 / 05.12.2024
2024 yil uchun tashqi qarz limiti 5 mlrd dollardan 7,3 mlrd dollarga oshirilgan
17:43 / 05.12.2024
Hukumat qonundan tashqari 10 trln so‘m xarajat qilgan. Deputatlar 9 daqiqada bu xarajatlarni qonunga kiritib berdi
20:54 / 26.11.2024
Davlat budjetining 9 oylik ijrosi. Defitsit – 36 trln so‘m
18:33 / 26.11.2024