Qonunçilik palatasining 2025 yilgi davlat budjeti loyihasi körib çiqilgan 26 noyabr kungi majlisida öqituvçilar va tibbiyot xodimlarining oyliklari masalasi kötarildi.
Deputat Qizilgul Qosimova boş vazir örinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamşid Qöçqorovga quyidagiça savol berdi:
“Hozir özingiz aytib ötdingiz, ijtimoiy sohaga budjetning 52 foizi yönaltiriladi deb. Mana, oktyabr oyida budjet taşkilotlarida işlaydigan pedagog va tibbiyot xodimlarining oyligi 15 foizga oşdi, bu ham quvonarli hol. Lekin şunga qaramasdan, mana şu sohada işlaydiganlarning iş haqi nisbatan pastligi, malakali kadrlarning xususiy sektorga ötib ketayotganini körib turibmiz. Agar bu davom etaveradigan bölsa, ertaga davlat ta’lim va tibbiyot tizimining sifatiga salbiy ta’sir qilmaydimi?”

Jamşid Qöçqorovning aytişiça, hukumat tibbiyot sohasi böyiça “kimga va nima uçun yuqori oylik tölaş” masalasida boş qotirmoqda.
“Qizilgul Ermatovna, judayam töğri savolni kötardingiz. Haqiqatan ham tibbiyot xodimlarining iş haqi aholiga [körsatiladigan] tibbiyot xizmatlarining sifatini tuşirmaydimi... Töğri savol.
Avvalombor, şuni aytişim kerakki, hurmatli prezidentimiz Şavkat Miromonoviç Mirziyoyev xuddi pedagoglarda xalqaro sertifikatlar, boşqalar böladigan bölsa, köproq iş haqi olganlari kabi soğliqni saqlaş sohasi böyiça ham xuddi şunday topşiriq berganlar. Endi, iş haqining qançasi köp, qançasi kam – özingiz yaxşi bilasiz, judayam murakkab savol. Endi, döxtirlarimizni ham sertifikatsiyalaşmi, ularning malakasini baholaş...
Katta rahmat, hozir aytdingiz, mana bu yil 15 foizga oşdi. Undan ham avval, oxirgi 6-7 yilda, xabarlaringiz bor, umuman hamma sohada ham oyliklar jiddiy köpaydi. Lekin hurmatli prezidentimiz bu yetarli emas deyapti. Pedagoglar böyiça ham, soğliqni saqlaş xodimlari böyiça ham. Lekin masalaning eng murakkab tomoni şundaki, hammaga 15 foizga, yo 50 foizga, balki 40 foizga köpaytiriş biz kutayotgan natijani beradimi-yöqmi degan savol bor. Şuning uçun topşiriq şunday bölganki, oldinda yurayotgan, malakasi yuqori bölgan, özining işini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlarining oyligini köpaytiriş böyiça, töğrisi, hozir yeçimlarimiz yöq. Bölganida aytib berardik.













