12:05 / 30.05.2024
4466

Tojikiston va Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 78 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi

DXX xodimlari tomonidan Tojikistonning Panjikent tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Samarqand viloyati Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Foto: Videodan kadr

Tezkor tadbir davomida, guruh a’zolaridan qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 11 kg 502 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ulardan 2600 AQSh dollari, 12 mln 690 ming so‘m va 850 somoniy ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi. Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotikni O‘zbekistonda sotishni rejalashtirishgan.

Jinoiy guruhning Urgut tumanida yashovchi 6 nafar a’zosidan 2 nafari muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi. 

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Qozog‘iston fuqarosi to‘xtatilib, uning yuk sumkasi ko‘zdan kechirildi. Natijada, sumka ichida 46 kg 738 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi bo‘lgan Tojikiston fuqarosi hamda haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston fuqarosi ham ushlandi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Xususan, Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan “Jyentra” rusumli avtomashina Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, Marg‘ilon shahrida yashovchi aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kg 885 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, aka-ukaning jinoiy sherigi bo‘lgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi shaxs ham qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotganliklari ma’lum bo‘ldi.

Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246- va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top