DXX giyohvandlik hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hududlarda giyohvandlik hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi to‘xtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Oqoltin tumanidagi “Sardoba” YPX maskanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda, “Toshkent-Jizzax” yo‘nalishida harakatlanayotgan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashina yukxonasiga 3080 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigi bo‘lgan – Baxmal tumanida yashovchi fuqaro ham qo‘lga olindi.
Ta’kidlanishicha, ushbu dori vositalari Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
DXX xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘izistondan keltirilgan 2799 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 65 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan yana bir holatda, Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasida belgilangan tartibni qo‘pol ravishda buzib, Qirg‘izistondan 5600 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib o‘tgan vaqtida Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Bu yo‘nalishda DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi.
Unda “Toshkent-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi Hazorasp tumanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirildi va uning yukxonasidagi maishiy konditsioner ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kg 814 gr “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Ushbu ajal og‘usi Hazorasp tumanida tug‘ilgan fuqaroga tegishli ekanligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u konditsionerni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 158 gr “opiy” va 1 kg 988 gr “gashish” moddalari olindi.
Bundan tashqari, mazkur shaxsni giyohvandlik vositalari bilan ta’minlab kelgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi 2 nafar fuqaro ham ushlanib, ulardan birining yashash xonadonidan 424 gr “opiy” moddasi olindi.
Ushbu holatda narkotik moddalar Tojikistondan olib kelinganligi aniqlandi.
DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahri tomon harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaroga tegishli bo‘lgan va Qirg‘izistondan keltirilgan 4 kg 861 gr “Pregabalin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi modda borligi ma’lum bo‘ldi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qabul qilib olgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi shaxs ushlandi.
Shuningdek, uning tanishlari bo‘lgan Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar ayol ham protsessual tartibda ushlanib, ulardan 1 kg 987 gr “Pregabalin” moddasi hamda 1342 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvi dori vositalari olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
12:38 / 25.11.2024
Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi
15:44 / 24.11.2024
Abdusalom Azizov DXX raisligidan haydalgani tasdiqlandi
19:25 / 23.11.2024
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
19:15 / 23.11.2024