13:32 / 31.05.2024
3276

Eronda prezidentlik saylovlari uchun nomzodlar ro‘yxatga olinmoqda

28 iyun kuni Eronda Ibrohim Raisiy aviahalokatda vafot etgani munosabati bilan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish 5 kun davom etadi.

Foto: Morteza Nikoubazl/NurPhoto/picture alliance

Eronda 30 may, payshanba kuni prezidentlikka nomzodlarni rasmiy ro‘yxatga olish boshlandi. Islom Respublikasi prezidenti lavozimida ishlagan Ibrohim Raisiy aviahalokatda vafot etgani munosabati bilan muddatidan oldin saylovlar 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun nomzodlar keyingi besh kun ichida Eron Ichki ishlar vazirligiga shaxsan kelishi kerak.

Nomzodlar ro‘yxatga olingandan so‘ng, 12 a’zodan iborat Konstitutsiya muhofizlari kengashi prezidentlikka nomzodlar mafkuraviy jihatdan mos keladimi yoki yo‘qmi, shu masalani hal qiladi, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. Tasdiqlangan nomzodlarning yakuniy ro‘yxati Kengash tomonidan 11 iyun kuni e’lon qilinadi. Shundan so‘ng siyosatchilarga saylovoldi tashviqoti uchun ikki hafta vaqt beriladi. Agar saylovning birinchi bosqichida nomzodlarning hech biri mutlaq ko‘pchilik ovozni ololmasa, 5 iyul kuni bo‘lajak prezidentni aniqlaydigan ikkinchi tur o‘tkaziladi.

Prezident Eronda ikkinchi eng nufuzli rasmiy shaxs bo‘lib, u vakillik funksiyalarini bajaradi va mamlakat ijroiya hokimiyatini boshqaradi. Prezident 4 yil muddatga saylanadi va bu lavozimni ketma-ket ikki muddatdan ko‘p egallashi mumkin emas. 

Eron prezidenti vertolyot halokatida vafot etdi

20 may kuni prezident Ibrohim Raisy, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, shuningdek, Tabriz masjidi imomi Sayid Muhammad Ali al-Hoshim va Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy 19 may kuni Eron shimoli-g‘arbida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Eron delegatsiyasi Ozarboyjondan qaytayotgan edi. 

Mavzuga oid
Top