18:29 / 31.05.2024
3351

Qozog‘istondan Yevropa Ittifoqiga parvozlarga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi

Yevropa Komissiyasi Qozog‘iston aviatsiyasi ma’muriyati tomonidan xavfsizlik choralari bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlarni ijobiy baholadi. 

Foto: Getty Images

Qozog‘istondan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga parvozlar xavfsizligi bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlandi. Bunday qaror Yevrokomissiyaning Parvozlar xavfsizligi qo‘mitasi yig‘ilishida Yevropa Ittifoqining 27 davlati aviatsiya hokimiyati vakillari ishtirokida qabul qilingan. 

Yig‘ilishda Qozog‘iston delegatsiyasi avvalroq aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilganini tushuntirib bergan. Yevropa Komissiyasi amalga oshirilgan harakatlarni ijobiy baholagan. 

Mutaxassislar «parvozlarni boshqarish, parvozga yaroqliligini saqlash, aviatsiya xodimlarini tayyorlash va litsenziyalash sohasida sertifikatlashtirish, nazorat qilish tizimining samarali faoliyati sezilarli darajada yaxshilanganini» qayd etgan. 

Qozog‘iston aviatashuvchilari ilk bor 2009 yilda Yevropa Ittifoqining qora ro‘yxatiga kiritilgan edi. Keyin Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) audit davomida o‘z standartlarining past darajada bajarilishini aniqladi. Shu sababli Yevrokomissiya Qozog‘istonning barcha aviakompaniyalarining (Air Astana kompaniyasidan tashqari) Yevropa mamlakatlariga parvozlarini taqiqladi. 

2018 yilda Yevropa komissiyasi Qozog‘iston aviakompaniyalarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga parvozlaridagi cheklovlarni bekor qildi. Ammo 2019 yilda Bek Air samolyoti halokatidan so‘ng, Yevrokomissiya Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyatining mamlakatda parvozlar xavfsizligini samarali nazorat qilish qobiliyatini yana shubha ostiga qo‘ygan edi.  

Top