Jahon | 12:12 / 01.06.2024
2274
6 daqiqa o‘qiladi

YeI RFga urushda yordam bergani uchun KXDR va Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Har ikki davlat Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarda foydalanadigan turli turdagi qurollarni yetkazib berishda ayblanmoqda. Tegishli bayonot Yevropa Ittifoqi kengashi saytida e’lon qilindi.

Foto: Virginia Mayo/AP

Yevropa Ittifoqi kengashi 31 may, juma kuni Rossiyaga qurol yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi Eron va Shimoliy Koreya jismoniy va yuridik shaxslarining sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Tegishli bayonot Yevropa Ittifoqi kengashi saytida e’lon qilindi. Yangi ro‘yxatga olti nafar jismoniy va uchta yuridik shaxs kiritilgan bo‘lib, ularning barchasi mos ravishda Shimoliy Koreya va Erondan ta’minot jarayoni bilan bevosita bog‘liq.

KXDR vakillariga qarshi sanksiyalar, Yevropa Ittifoqi kengashi ta’kidlaganidek, «noqonuniy qurol dasturlari va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlash bilan» bog‘liq. Eron vakillariga «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi uchun uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlar hamda Yaqin Sharq va Qizil dengiz mintaqasiga uchuvchisiz uchoqlar va raketalarni yetkazib bergani uchun» sanksiya qo‘yildi, bu esa ushbu davlatga Isroilga raketa hujumi, Yaman va Suriyadagi guruhlarga faol yordam berganlik uchun javobgarlikni ham nazarda tutadi.

Ro‘yxatga aniq kimlar kiritilgan? 

Eron mudofaa vaziri Muhammadrizo Ashtianiy, Islom inqilobi muhofizlari korpusi «Al-Quds» kuchlari qo‘mondoni Ismoil Qaani, Aviations Industries Organization kompaniyasi rahbari Afshin Hoji Fard, dronlarni ishlab chiqarish bo‘yicha butlovchi qismlar sotib olish va sotish bilan shug‘ullanuvchi Kavan Electro kompaniyasi, uning yuqori rahbariyati ikki vakili yangilangan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. 

Yevropa Ittifoqi kengashi veb-saytida KXDR vakillarining nomi ko‘rsatilmagan, biroq sanab o‘tilgan shaxslar «aktivlari muzlatib qo‘yilishi hamda ularga bevosita yoki bilvosita yoki manfaati uchun mablag‘lar yoki iqtisodiy resurslar taqdim etish taqiqlanishi» aytilgan. Bundan tashqari, ularga Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga sayohat qilish taqiqlangan. 

Shimoliy Koreya fuqarolari va kompaniyalaridan tashqari Rossiya Primorsk o‘lkasi gubernatori Oleg Kojyemyako va Rossiyaning «Vostochnaya Stividornaya kompaniya»si ham Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, Kojyemyako Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning 2023 yil sentabrida Rossiyaga tashrifini tashkil etishda muhim rol o‘ynagan va bu tashrif davomida unga BMT sanksiyalari bilan taqiqlangan qurol namunalarini bergan. 

TIV rahbarlarining qo‘shma bayonoti 

Shu kuni Yevropa Ittifoqi saytida Yevropaning bir qancha davlatlari, shuningdek, AQSh, Kanada, Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. 

Unda mamlakatlarning «Ukrainaga hujumda foydalanish uchun KXDRdan Rossiyaga qurol-yarog‘ning noqonuniy o‘tkazilishi» munosabati bilan Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalarni muvofiqlashtirish niyati bildirilgan. Pxenyan yadroviy dasturini kengaytirishi munosabati bilan ham sanksiyalar joriy etilgan. 

AQSh KXDRdan qurol yetkazib berilgani uchun rossiyaliklarga qarshi sanksiyalar joriy qilgan

May oyi o‘rtalarida AQSh Moliya vazirligi ikki nafar Rossiya fuqarosi va uch rus kompaniyasiga KXDRdan Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishga aloqador deb hisoblagan holda sanksiyalar joriy qilgan edi. Rafael Gazaryan va unga aloqador «Trans kapital» hamda «Rafort» kompaniyalari, shuningdek, Aleksey Budnev va unga tegishli bo‘lgan «Texnologiya» kompaniyasi Vashington tomonidan jazo choralariga tortildi. 

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gazaryan Rossiya rasmiylari va Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtichev o‘rtasida vositachi bo‘lib, Pxenyan bilan Moskva uchun qurol sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Gazaryan operatsiyalarni amalga oshirish uchun «Trans kapital» MChJdan foydalangan. Mkrtichev 2023 yil mart oyida AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Budnev esa Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan harbiy aloqa vositalarini Rossiyaga yetkazib berishga yordam berdi, deya ta’kidlaydi Moliya vazirligi.

Sanksiyalar Qo‘shma Shtatlardagi mulk va aktivlarni bloklashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, AQShdagi jismoniy va yuridik shaxslarga sanksiyalar ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslar bilan biznes yuritish taqiqlanadi.

Kimning singlisi Moskva bilan harbiy hamkorlikni rad etyapti

Ayni paytda, Pxenyan Moskva bilan qurol savdosini rad etdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi qurol-yarog‘ bitimlari versiyasi «noxush qarashlar va uydirmalarga to‘la» va «eng bema’ni farazdir», deya Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjonning so‘zlaridan iqtibos keltirgan KXDR markaziy axborot agentligi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday versiyani «dushman kuchlar» tarqatmoqda. 

Mavzuga oid