Jahon | 19:01 / 03.06.2024
5952
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun birinchi marta ayol ro‘yxatdan o‘tdi

Nomzodlarni ro‘yxatga olish 30 maydan 3 iyunga qadar, nomzodlarning talablarga muvofiqligini tekshirish esa 4-10 iyun kunlari amalga oshiriladi.

Foto: Mehr News Agency

Zuhra Ilohiyon Eronda o‘tkaziladigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida ro‘yxatdan o‘tgan birinchi ayol bo‘ldi. Bu haqda Mehr agentligi xabar berdi. 

«Hukumatimning asosiy shiori - «sog‘lom hukumat, sog‘lom iqtisodiyot va sog‘lom jamiyat» bo‘ladi», dedi u ro‘yxatdan o‘tgach. 

Shu bilan birga, Eron parlamentining sobiq rahbari Ali Larijoniy, mamlakat Markaziy bankining sobiq rahbari Abdunnosir Himmatiy, Eron Oliy rahbarining parlamentdagi vakili Said Jaliliy va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sobiq qo‘mondoni, general Said Vohid Haqqoniyon kabi taniqli siyosatchilar ham o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazgan. 

Ulardan tashqari, sobiq sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim vaziri Mas’ud Pizishkiyon, sport va yoshlar ishlari vaziri sobiq o‘rinbosari Ahmad Rasulinajod, Demokratik partiya bosh kotibi Mustafo Kavokibiyon, Mustaqillik va tenglik partiyasi bosh kotibi Qudratali Hishmatiyon, amaldagi parlament a’zolari Muhammadrizo Sabbaqiyon, Abbos Muqtadiy va Muhammad Xushchehra, shuningdek, sobiq parlament a’zosi Mahmud Ahmadi-Biqosh ham ro‘yxatga olingan. 

Yangi prezidentlik saylovi, Eron konstitutsiyasining 131-moddasiga ko‘ra, prezident vafot etgan yoki muomalaga layoqatsiz deb e’lon qilingan va uning vazifalari birinchi vitse-prezidentga o‘tganidan keyin 50 kun ichida o‘tkazilishi kerak. Hozir bu lavozimni Muhammad Muxbir egallab turibdi. 

Tasdiqlangan saylov taqvimiga ko‘ra, nomzodlarni ro‘yxatga olish 30 maydan 3 iyunga qadar, nomzodlarning talablarga muvofiqligini tekshirish esa 4-10 iyun kunlari amalga oshiriladi. Nomzodlarning yakuniy ro‘yxati 11 iyun kuni e’lon qilinadi, deyiladi agentlik xabarida. 

Saylovoldi tashviqoti ikki hafta davomida – 12 iyundan 26 iyungacha davom etadi. Prezidentlik saylovi 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi tur, agar zarurat tug‘ilsa, 5 iyul kuniga belgilanadi.

Mavzuga oid