O‘zbekiston | 23:05 / 04.06.2024
3691
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident ACWA Power kompaniyasi bilan energetikani rivojlantirish masalasini muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni bilan ustuvor investitsiya loyihalari holatini ko‘rib chiqdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «ACWA Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan bilan uchrashdi. 

Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, shu jumladan qo‘shma investitsiya loyihalari ko‘rib chiqildi. 

Davlat rahbari «ACWA Power» bilan samarali sheriklik olib borilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Ushbu kompaniyaning mamlakatimiz energetika tarmog‘ini «yashil» texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishdagi yetakchi o‘rni qayd etildi. 

Bugungi kunda joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 17 milliard dollardan oshdi. 

Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyadan yangi kompaniyalarni mamlakatimizga jalb qilish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. 

Aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, energetika tarmog‘ini rivojlantirish va raqamlashtirish, issiqlik ta’minoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish, chiqindilarni qayta ishlash, farmatsevtika va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, tibbiy klinikalar ochish, turizm markazlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi loyihalarini ilgari surish va boshqa yo‘nalishlarga doir qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mavzuga oid