O‘zbekiston | 19:07 / 04.06.2024
6429
6 daqiqa o‘qiladi

Ta’til boshlandi – yozni bolalar qanday o‘tkazgani ma’qul?

Maktab o‘quvchilari uchun 3 oylik ta’til boshlandi. 6 mlndan ko‘proq o‘quvchi 3 oylik muddatni uylarida o‘tkazishadi. Psixolog bolalarga ta’til payti o‘qishdan ko‘ra uy yumushlariga mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgatishni, jismoniy faollikni tavsiya qildi. YUNISEF bolalarni issiq havo ta’siridan asrash haqida ogohlantiradi.

Foto: Kun.uz

Maktablarda o‘quv yili tugab, bolalar uchun ta’til boshlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yozgi oromgohlar 9 ming bolani qamrab olishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, 172 ming bola maktablarda tashkil etiladigan sog‘lomlashtirish markazlariga jalb qilinadi.

2023 yilgi statistikaga ko‘ra esa respublikada 6 mlndan ko‘proq o‘quvchi bor.

Ular yozni qanday o‘tkaza oladi?

3 oylik vaqt zerikarli o‘tmasligi uchun ota-onalar bolalarini biror usulda band qilishi, bundan tashqari, issiq ob-havoda salomatliklariga e’tiborli bo‘lishlari talab qilinadi.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida “Ta’tilda bolalaringiz nima bilan band?” degan savolga 100 dan ortiq javob berilgan:

  • “Tushgacha telefon, tushdan keyin repetitor”;
  • “1 oyga dam olishga ketyapmiz, o‘qib charchashdi, qaytgach oromgohga yuboraman, oldinda yana o‘qish, dam olishsin”;
  • “Repetitori davom etadi”;
  • “Kompyuter sotib oldik, AyTiga boradi. Hozir ham ingliz tili darsiga ketgan;
  • “Tikuvchiga boryapti”;
  • “15 yoshli o‘g‘lim somsapazga shogird tushdi, ham hunar o‘rganadi, ham o‘zi biroz pul topishni o‘rganadi”;
  • “Qur’on yodlaydi, ingliz tiliga boradi”;
  • “Telefon, planshet bilan band”;
  • “O‘g‘lim o‘tgan yili dutor chalishni o‘rgangan, bu yil gitarani o‘rganadi”;
  • “O‘g‘lim xo‘jalik mollari do‘konida ishlayapti ta’tilda, ko‘zi pishadi, ish o‘rganadi”;

Javoblarning asosiy qismida bolalar turli o‘quv kurslari, to‘garaklar va hunar o‘rganishga borish bilan band qilinishi aytilgan. Shuningdek, bolasi ta’tilining ma’lum qismini buvisining uyida o‘tkazishi haqida ham javoblar bor.

Ta’til bolaga nega kerak?

Rozaliya Gabdulhaqova, bolalar psixologi:

Bolalarda ham, kattalarda ham doimiy ish faoliyatini o‘zgartirib turish ularning kamroq stressga tushishlariga yordam beradi. Ya’ni yil bo‘yi o‘qigandan ko‘ra ta’tilga chiqish va undan keyin yana o‘qishni davom ettirish o‘qishning yaxshilanishiga, salomatlikka ham foydali.

Bundan tashqari, ta’til oiladagi o‘zaro aka-uka, opa-singil munosabatlarini yaxshilash uchun ham kerak. Chunki doimiy maktab paytida bolalarning birga vaqt o‘tkazishga imkoniyati kam bo‘ladi. Shuning uchun ham ta’til oilaviy yaqinlik uchun yaxshi payt.

Ota-onalar ularning bolalari ta’tilda matematika yoki ingliz tilidan nimadir o‘rganmasa, vaqti bekor ketyapti, deb o‘ylashlari kerak emas. Sababi ular oilada o‘zini qanday tutishni o‘rganishlari, uning ruhiy salomatligi, jismoniy salomatligi ham muhim. Buning uchun ta’tilni faol o‘yinlar bilan tabiatga yaqin tarzda o‘tkazish ma’qul.

Bolalarni band qilish faqat o‘qish-o‘rganish bilan bo‘lishi kerak emas. Ayniqsa, ta’til payti bolalarni oila uchun band qilish, qandaydir vazifalarga mas’ul qilish bilan ularning psixologik rivojlanishiga yordam berish mumkin. Bunda bola ko‘pchilik uchun mas’uliyat his qilishni, boshqalarga yaxshilik qilishni o‘rganadi. Shuning uchun ta’tilda uy ishlarini yozda bolalar o‘rtasida taqsimlash mumkin. Bundan tashqari, ta’tilda bolalar uchun sport mashg‘ulotlari ham yaxshi tanlov.

Bolalar xavfsizligi

Bolalar psixologining qo‘shimcha qilishicha, bolalar uyidan uzoqqa, buvisinikiga yoki oromgohga yuborilganda ularning xavfsizligi ta’minlanishi kerak. Bolalarni yolg‘iz qoldirmaslik, ularning zo‘ravonlik yoki boshqa yomon holatlarga duch kelmasliklari uchun ishonch hosil qilish kerak.

Yaponiyada bolalar ta’tili qanaqa?

Yaponiyada farzandlarini katta qilayotgan vatandoshimiz, 5 farzandning onasi Mahbuba Kamolovaning ma’lumot berishicha, Yaponiyada yozgi ta’til 40 kun atrofida davom etadi. Lekin ta’til payti ham bolalarga qancha kun ekaniga qarab, yozgi ta’til uchun uyga vazifa beriladi. Bolalar buni bajarishadi.

Shuningdek, bolalarning har biriga ta’til uchun mos tadqiqot mavzusi beriladi. Ta’tilga chiqishdan oldin bolalar bu mavzu uchun yetarli ma’lumot va anjomlarni olishadi. So‘ng yozgi paytda mana shu mavzuni o‘zlari tadqiq qiladi.

Bu yerda ham ota-onalar xohishiga qarab bolasi uchun qo‘shimcha to‘garak va o‘quv dasturlari gaplashishi mumkin, ba’zilar esa bolalari to‘liq dam olishini xohlashadi. Bular — tanlov, lekin maktabdan beriladigan uyga vazifani qilish majburiy.

Issiqdan himoyani unutmaslik kerak

Bolalar ta’tili yozgi mavsumga to‘g‘ri keladi, bu payt esa havo harorati boshqa fasllarga qaraganda baland bo‘ladi. YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 820 mln bola issiq to‘lqinlar xavfi bor hududlarda yashashadi.

YUNISEF issiq havoda bolalarni himoya qilishga oid tavsiyalar berib o‘tgan. Ularni bola tashqarida vaqt o‘tkazganda qo‘llash mumkin:

  • Bolalar kunduzgi 10 va 5 oralig‘ida ichkarida bo‘lishgani ma’qul;
  • Bolalar yengil kiyinishi, imkon qadar bosh kiyimda bo‘lishlari kerak;
  • Albatta, bir shisha suv ularning yonida bo‘lishi kerak;
  • Bolalarni hech qachon mashina yoki boshqa transportda yolg‘iz qoldirish kerak emas.

Mavzuga oid