11:48 / 06.06.2024
3648

Jorjiya sudi Trampning ishini ko‘rib chiqishni to‘xtatdi

Jorjiyada 2020 yilgi saylov natijalariga ta’sir o‘tkazishga urinish bo‘yicha sud jarayoni sud prokuror Fani Uillisni lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan so‘ng davom etadi.

Foto: Wilfredo Lee / AP

Jorjiya apellyatsiya sudi 6 iyun, payshanbaga o‘tar kechasi ushbu shtatda 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishda ayblanayotgan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ustidan sud jarayonini to‘xtatdi. Sud Trampning ishi sudyalar hay’ati Fulton okrugi prokurori Fani Uillisni chetlashtirish kerakmi yoki yo‘qmi, shu masala bo‘yicha bir to‘xtamga kelguncha to‘xtatib turilishini ma’lum qildi. Sobiq prezidentning advokatlariga ko‘ra, Tramp ustidan tergov boshlagan va uni olib borishni maxsus prokuror Neytan Ueydga ishonib topshirgan demokrat Uillis u bilan shaxsiy munosabatlarga ega, bu esa manfaatlar to‘qnashuvi deganidir.

Sud 4 oktyabr kuni tomonlar uchun sud majlisini belgiladi, shuning uchun apellyatsiya bo‘yicha qaror Donald Tramp joriy yilning noyabr oyiga rejalashtirilgan saylovlarda ishtirok etganidan keyin qabul qilinishi kutilmoqda.

CNN: «Sobiq prezident uchun katta g‘alaba» 

CNN telekanalining ta’kidlashicha, Jorjiya apellyatsiya sudining 5 iyundagi qarori «sobiq prezident uchun katta g‘alaba, u keyingi huquqiy muammolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yengib chiqa olmasa, 2025 yilgacha kechiktirishga harakat qilmoqda». 

Donald Trampning o‘zi 5 iyun kuni kechqurun sud qarorini sharhlar ekan, may oyining oxirida u aktrisaga sukut saqlash uchun pul to‘laganlikda aybdor deb topilganiga qaramay, «ishlari juda yaxshi» ketayotganini aytdi. «Bugun Jorjiyada katta voqea sodir bo‘ldi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Trampdan tashqari, unga aloqador yana 18 kishi Jorjiyada 2020 yilgi saylovlarga aralashishga urinishda ayblangan.

Mavzuga oid
Top