Jahon | 22:14 / 25.07.2024
7905
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Baydenning prezidentlik poygasidan chiqishini davlat to‘ntarishiga o‘xshatdi

Sobiq prezident demokratlarni Baydenga jiddiy bosim o‘tkazganlikda aybladi.

Foto: AFP

AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp 25 iyul kuni Demokratik partiyaning yetakchi vakillari prezident Jo Baydenni qayta saylanish urinishidan voz kechishga majburlash uchun qo‘pol harakatlar qilganini aytdi. Bu haqda Interfax yozdi.

«Menimcha, bu qandaydir davlat to‘ntarishi edi. Ular uning nomzodini xohlamadilar. Uning so‘rovnoma natijalari yomon edi, ular uni yutqazadi, deb o‘ylashdi. Ular uning oldiga kelib, «Siz bu poygada yutolmaysiz», degan», dedi Tramp Fox News telekanalida.

Uning ta’kidlashicha, o‘z manbalariga ko‘ra, ko‘plab demokratlar Baydenni yaxshi munosabatda bo‘lishlariga ishontirishgan. «Ammo men bilaman, ular sahna ortida unga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lishgan», dedi Tramp.

«Men narigi tomondagi (demokratlar orasidagi) ko‘p odamlarni bilaman. Va bilaman: ular uni poygadan chiqib ketishga majbur qilishdi. Gap Pelosi (Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi), Obama haqida ketmoqda (AQSh sobiq prezidenti Barak Obama) va siz televizorda ko‘rayotgan boshqa odamlar ham bor», deb qo‘shimcha qildi u.

Bayden 21 iyul kuni prezidentlik poygasini tark etayotganini, biroq prezident lavozimida ishlashda davom etishini e’lon qildi va Demokratik partiyani Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatishga chaqirdi.

Demokratik partiyaning milliy qo‘mitasi 7 avgustgacha prezidentlikka nomzod ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

AQShda prezidentlik saylovi 2024 yil 5 noyabrga belgilangan.

Mavzuga oid