Bayden o‘rniga Harris. U haqda nimalarni bilish kerak?
U prokurorligida qator islohotlarni amalga oshiradi, ammo keyin o‘z prinsiplariga qarshi ham bordi. 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etib, praymerizlar arafasida Baydenga hujum qiladi va uning reytingini tushirib yuboradi, ammo keyin muvaffaqiyatini rivojlantira olmaydi. Tramp bu «yovuz va qo‘rqinchli ayol»ni oson yengishini aytgan.
Jo Bayden 5 noyabr kuniga belgilangan AQSh prezidentligi uchun saylovlarda ishtirok etmasligini ma’lum qilib, o‘z vitse-prezidenti, Kaliforniyaning sobiq prokurori Kamala Harrisning nomzodini prezidentlik uchun ilgari surdi. Endi Harris partiya tomonidan tasdiqlanishi kerak — demokratlarda boshqa nomzodning o‘zi yo‘q. «Meduza» AQSh tarixida prezidentlikka da’vogarlik qilayotgan ikkinchi ayol bo‘layotgan Kamala Harrisning faoliyati haqida hikoya qildi.
«Iyunning birgina oqshomi saylov natijasini o‘zgartirib yubora olmaydi. Debatlarga qadar ham, hozir ham uchta haqiqat bor edi: birinchidan, stavka har qachongidan yuqori, ikkinchidan, nomzodlar orasidagi kontrast bundan ortiq bo‘la olmaydi, uchinchidan esa, biz prezident Baydenga ishonamiz!»
Vitse-prezident Kamala Harris Donald Trampga qarshi muvaffaqiyatsiz kechgan debatlardan keyinoq Jo Baydenning tarafini olib chiqdi. U Las-Vegasdagi mitingda lotin amerikalik saylovchilar qarshisida otashin nutq so‘zlab, partiya tarafdorlarini Baydendan yuz o‘girmaslikka chorladi. Intervyusida esa imkon topilishi bilan mavzuni o‘zgartirishga urinadi — prezidentning yoshidan uning yutuqlariga. Demokratlar Baydenni saylovni tark etishga undayotganida, Harris ularga qo‘shilmaydi.
Vitse-prezident Oq uy jamoasiga sodiqligini ko‘rsatdi — va endi, Baydenni baribir poygadan chiqishga ko‘ndirishganida, u ushbu ayolni o‘z o‘rniga taklif etdi. Agar partiya uning nomzodini tasdiqlasa, u AQSh tarixida davlat rahbari lavozimi uchun nomzodi ilgari surilgan ikkinchi ayol bo‘ladi — va bu roldagi ilk afroamerikalik ayol.
Kamala Harrisning ota-onasi Vetnamdagi urushga qarshi namoyishlarda qatnashgan va afroamerikaliklar huquqlari uchun kurashgan
Donald Harris va Shyamala Golapan 1960-yillar boshida Kaliforniyadagi Berkli universitetida tanishishgan. Aynan o‘sha yerda, radikal afroamerikalik mafkurachilar va so‘llar muhitida kampuslarda siyosat bilan shug‘ullanish huquqi uchun kurashgan talabalar huquqlari harakati yuzaga kelgandi. Bu 1960-yillarni Kaliforniyadagi qora tanli fuqarolar huquqlari, «yoz sevgisi» va Vetnamdagi urushga qarshi noroziliklar o‘n yilligiga aylantirgan yangi avlod ziyolilari edi.
Kelib chiqishiga ko‘ra yamaykalik bo‘lgan Donald hamda asli hindistonlik Shyamala ushbu muhitning bir qismi edi. Donald iqtisodiyot, Shyamala — endokrinologiya sohasi bo‘yicha o‘qigan. Shyamala faollar yig‘ilishi vaqtida yorqin chiqish qilgan Donaldga qiziqib qoladi: u afroamerikaliklar holatini mustamlaka davridagi Yamayka hayotiga solishtirgandi. Ular uchrasha boshlashadi va 1964 yilda birinchi qiz Kamala, yana uch yil o‘tib — Mayya tug‘iladi.
Berklini tamomlagach, bo‘lajak vitse-prezidentning ota-onasi avvaliga Illinoysda, keyin esa Viskonsinda muvaffaqiyatli ilmiy karerani yo‘lga qo‘yishadi. Ammo Viskonsinda ularning munosabati tugaydi va oila ajraladi — o‘shanda Kamala besh yoshda edi. Ajrimdan keyin Donald Harris Kaliforniyaga qaytadi hamda Stenford universitetida iqtisodiyot bo‘yicha ilk qora tanli professor bo‘ladi, Shyamala Golapan esa qizlari bilan Kanadaga yo‘l olib, u yerda onkologik kasalliklarni o‘rganib, Monrealdagi Makgilla Universitetida dars bera boshlaydi.
AQShga qaytishganidan keyin, Harris prokuraturaga ishga kiradi. Va qator islohotlarni amalga oshiradi (ammo keyin o‘z prinsiplariga qarshi ham bordi)
Kamala Harris o‘qish uchun vatanga qaytadi — 1990 yilda u Vashingtonda 1860-yillarda afroamerikalik talabalar uchun maxsus tashkil etilgan Govard universitetida siyosatshunoslik va iqtisodchi diplomini oladi. Harris ataylab ushbu oliy ta’lim muassasasida o‘qishni tanlagandi: maktabda u faqat oq tanli bolalar orasida o‘qigan. 1990-yillarda bo‘lajak vitse-prezident Kaliforniya universitetining Hastings yuridik kollejida huquqshunoslik doktori darajasini oladi.
O‘qishni tamomlaganidan keyin Harris Oklendda okrug prokurori o‘rinbosari sifatida ish boshlaydi. Shu davrda u o‘zidan 30 yosh katta Uilli Braun bilan uchrasha boshlaydi, o‘shanda Braun Kaliforniya parlamentining quyi palatasiga rahbarlik qilardi (1980—1995 yillarda Kaliforniya shtati qonunchilik yig‘ilishi spikeri, 1996—2004 yillarda San-Fransisko shahri meri) va Harrisni shtat hokimiyati huzuridagi ikki kengashga olib kirgandi — va bu unga karerasini qurishda yordam beradi. Braun esa ko‘plab siyosatchilarga yordam bergani va Harrisni u o‘z ishini vijdonan bajargani tufayli qo‘llaganini aytadi.
2004 yilda Harris jinoyatchilar uchun o‘lim jazosi talab qilmaslikka va’da bergan holda San-Fransisko prokurori lavozimi uchun saylovda g‘alaba qozonadi. Prokuror o‘z faoliyati davomida bunga amal qiladi: xususan, u politsiyachining qotili uchun umrbod qamoq jazosi so‘raydi — va undan eng og‘ir jazoni so‘rashni talab qilgan senatorlar va merlar bosimiga dosh beradi.
Harrisning rahbarligi ostida San-Fransiskoda retsidivistlarga qarshi kurashish dasturi ishga tushiriladi: jazo muddatini qisqartirish evaziga yosh jinoyatchilarga o‘qish va jamoat ishlarini bajarish taklif etiladi. Loyihada 200 kishi ishtirok etadi va dastlabki yillarda shahardagi retsidivist jinoyatchilar soni shtatdagi o‘rtacha darajaga qaraganda besh baravar kam bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay dastur butun Kaliforniya bo‘ylab tarqaladi, keyin esa boshqa shtatlarda muqobillarini ishlab chiqish uchun asos sifatida foydalaniladi.
Harrisning boshqa xizmatlari ham bor edi. Masalan, u ishlagan davrda San-Fransiskoda og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudlanib uzoq muddatlarga qamalganlar soni ortadi, prokurorlar esa giyohvandlik moddalari saqlaganlik uchun real muddatlar so‘rashni to‘xtatishadi. Bundan tashqari, Harris ekologik huquqbuzarliklarni tekshirishga mas’ul hamda nafrat jinoyatlariga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus bo‘linmalar shakllantiradi.
2010 yilda Harris Kaliforniya bosh prokurori lavozimi uchun saylovda g‘olib chiqadi, 2014 yilda esa ikkinchi muddatga qayta saylanadi. Bu rolda unda progressiv eksperimentlar o‘tkazish uchun erkinlik kamroq bo‘ladi — shtat va gubernator pozitsiyasini ifodalash uchun bosh prokuror ba’zida avvallari o‘zi qarshi turgan prinsiplarni himoya qilishiga to‘g‘ri keladi. Xususan, 2014 yilda u tuman sudyasining o‘lim jazosi konstitutsiyaga zid ekani haqidagi hukmi yuzasidan shikoyat qiladi. 2011 yilda Oliy sud Kaliforniya qamoqxonalari to‘lib ketgani va shtat qamoqxonalar tizimi liberallashtirishni talab etishi haqida qaror chiqarganida esa, jazolarni yumshatishga qarshi chiqadi.
Bundan tashqari, Harris betaraf pozitsiyada qolishni xohlashini aytib, sud islohotlari muhokamasida ishtirok etishdan bosh tortadi. 2015 yilda esa uning boshchiligidagi prokuratura dalillarni soxtalashtirishda ayblangan okrug prokurorlariga qarshi tergov o‘tkazmaslikka qaror qiladi.
2014 yilda, Kaliforniya bosh prokurori sifatida ikkinchi muddatda ish boshlaganida, Harris huquqshunos Dag Emhoffga turmushga chiqadi, ular tasodifan tanishishgan. Ular farzand ko‘rmagan — oilada Dagning birinchi turmushidan bo‘lgan katta yoshli o‘g‘li va qizi bor.
Harrisning bosh prokuraturadagi karerasi ikkinchi muddat tugamasidan — 2016 yilda yakunlanadi. Gubernator va shtatdagi demokratlar qo‘llovi bilan u senat uchun saylovlarda g‘olib chiqib — Kaliforniyadan Vashingtonga ketadi.
O‘sha yilgi saylovlarda Donald Tramp AQSh prezidenti bo‘lgandi. Respublikachilar senatda ko‘pchilikni tashkil etadi, shuning uchun Harrisda shunchaki davlat rahbari tashabbuslariga qarshi ovoz berish imkoni qolgandi. U bu ishni boshqa ko‘plab demokrat senatorlardan ko‘proq marta amalga oshiradi, ammo undan ham ko‘proq e’tiborini omma qarshisidagi chiqishlariga qaratadi.
Senatorlar muntazam ravishda mansabdor shaxslarni tekshirish yoki tasdiqlash bo‘yicha komissiya yig‘ilishlarida ishtirok etishadi, Harris esa bunday yig‘ilishlarda Tramp o‘z hukumatiga olib kirishga uringan siyosatchilarga noqulay savollar berish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Hatto tajribali senatorlar undan boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘rashadi, ammo yakunda aynan trampchi mulozimlar bilan agressiv bahslari Harrisni butun mamlakatga tanitadi. Masalan, Brett Kavanoni Oliy sudga tasdiqlash bo‘yicha tinglovda (u jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan) u nomzodni shunday ishtiyoq bilan so‘roqqa tutadiki, Tramp uni «yovuz, dahshatli ayol» deb atagan.
Harris 2020 yilda ham Bayden o‘rniga nomzod bo‘lishi mumkin edi. Ammo yakunda faqat reytingini yo‘qotadi
«Bola ekanimizda biz singlim bilan qo‘shnimizning biz bilan o‘ynash mumkin emasligi — chunki biz qoralar ekanimiz haqidagi gaplarini eshitganmiz. Va men vitse-prezident Baydenga murojaat qilmoqchiman. Men sizni irqchi deb hisoblamayman, ammo sizdan o‘z karerasini segregatsiya uchun kurashish asosida qurgan ikki senator haqida iliq so‘zlar eshitish men uchun og‘riqli. Siz basing (oq tanli o‘quvchilar orasiga qora tanlilar, qora tanlilar orasiga oq tanlilarni aralashtirish siyosati) bilan kurashganda ular bilan ishlagansiz. Bilasizmi, Kaliforniyada maktablar integratsiya qilinganida bir qiz ikkinchi sinfda o‘qirdi. U har kuni darslarga shunday avtobusda qatnagan. Bu qizcha men edim».
2020 yilgi praymeriz arafasida demokratlarning birinchi debatida Kamala Harris poyga yetakchisi Jo Baydenga oldindan tayyorlangan nutqi bilan shunday hujum qilgandi. Zalda gulduros qarsaklar chalinadi, Harris dastlabki ovoz berishlarda favoritlardan biriga aylanadi, yaqqol yetakchi bo‘lib ko‘ringan Jo Baydenning reytingi esa to‘rtdan bir qismiga pasayadi. Ayova shtatida o‘tadigan birinchi ovoz berishga qadar yarim yil qolgandi va Harrisni muvaffaqiyat kutayotgandek tuyulgandi. Ammo mashhurlik uning zarariga ishlaydi: jurnalistlar va saylovchilar uning har bir chiqishini va saylov kampaniyasi olib borishini diqqat bilan kuzata boshlaydi — va nomzod na platforma tanlay olgani va na shtab faoliyatini yo‘lga qo‘ya olgani ma’lum bo‘ladi.
Avvaliga Harris o‘ta so‘l pozitsiyani egallashga harakat qiladi. Debatlarda u Berni Sanders bilan (Amerika siyosatidagi «sotsialist» sifatida tanilgan) hamfikr bo‘lgan yagona nomzod edi va AQShda davlat tibbiyot tizimini joriy etish zarurligini aytadi — ammo keyin Sandersning rejasini tanqid qilib, o‘zining nisbatan mo‘’tadil rejasini taklif etadi. Shundan keyin u davlat aholidan avtomat qurollarni sotib olish kerakligini aytadi, — keyin esa bu mavzuni boshqa ko‘tarmaydi. U shuningdek senatdagi demokratlardan kuchli ekologik dasturni qabul qilishni talab etadi, — va keyin ushbu kun tartibiga umuman qaytmaydi.
Harris goh shu kabi radikal islohotlarni muhokama qiladi, goh hech narsani tubdan o‘zgartirishni istamasligini aytadi. U o‘z maqsadi — «shunchaki amerikaliklarga uyqu bermayotgan masalalarni hal qilish» ekanini takrorlaydi, shuningdek qashshoqlar uchun soliqlarni kamaytirishni va o‘qituvchilarning maoshini oshirishni taklif etadi. Demokratlar praymerizda uning pozitsiyasini tushuna olishmaydi.
Bundan tashqari, Harris o‘ziga yangi tarafdorlarni jalb qilishi mumkin bo‘lgan samarali shtab yig‘a olmaydi. Amalda ikki sohilda uning ikkita alohida shtabi bor edi: Baltimordagi asosiy ofisni singlisi Mayya boshqarardi, Oklendda esa maslahatchilarning boshqa jamoasi ishlardi. Ko‘p o‘tmay ular o‘rtasida ixtilof yuzaga keladi. Masalan, Mayya so‘l qanotdagi ovozlarga ega bo‘lish uchun Kamala o‘z prokurorlik faoliyatiga tayanmasligi kerak deb hisoblaydi. Ammo u boshqacha qarorga keladi va vaqti-vaqti bilan go‘yoki Tramp tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida gapirib, «unga ayblov e’lon qilishi» uchun o‘ziga ovoz berishni so‘raydi.
Ishonchsiz chiqishlari Harrisning reytingi pasayishiga olib keladi va uning kampaniyasi budjeti qisqarishi birinchi ovoz beriladigan shtatlardan birortasini tanlab, faqat o‘sha hududdagi saylovchilarga e’tibor qaratishga majbur bo‘ladi. Bir tomon butun kuchni Ayovaga tashlashni taklif qiladi — bu odatda qora tanli nomzodlar uchun qiyin shtat bo‘lib kelgan, ammo muvaffaqiyatga erishilsa bu bilan boshqa shtatlardagi saylovchilarning e’tiborini tortish mumkin bo‘lardi. Boshqalar esa afroamerikalik demokratlar ko‘pchilikni tashkil etadigan Nevada va Janubiy Karolina shtatlari Harris uchun foydali bo‘lishini ta’kidlaydi.
Avvaliga senator ushbu strategiyalar o‘rtasida ikkilanib turadi, keyin esa Ayovani tanlaydi, ammo birinchi debatlardan uch oy o‘tganida, 2019 yil oktyabrida uning mazkur shtatdagi reytingi 5 foizdan pastroqda edi. Dekabr oyi boshida u o‘z nomzodini qaytarib oladi.
Trampni mag‘lub etgach, Bayden Harrisni o‘z vitse-prezidenti etib tanlaydi. Ammo ular birgalikda yaxshi ishlay olmadi
Partiyalar o‘z nomzodini tanlashda qaysi siyosatchi raqiblarda ortiqcha g‘azab uyg‘otmasligini ham hisobga oladi. Bu esa ko‘p hollarda oq tanli erkak nomzodlar tanlanishiga olib keladi. 2020 yilgi praymerizda har bir shtatdagi demokratlarning ko‘pchiligi aynan Jo Bayden — Tramp bilan kurashish uchun eng ishonchli tanlov degan qarorga kelgan.
Shu bilan birga, Bayden demokratlarning progressiv qanotini o‘z tomoniga og‘dirishi lozim edi, shu tufayli u avvalboshdanoq o‘ziga vitse-prezident sifatida ayol kishini tanlashini aytadi. Uning tanlovi esa aynan Harris bo‘ladi — barcha nomzodlar orasida faqat unda saylovlarda ishtirok etish hamda davlat ma’muriyatida ishlash tajribasi bor edi.
Uning bu lavozimdagi faoliyatini muvaffaqiyatli kechdi deb atash qiyin. Vitse-prezidentdagi yagona rasmiy vakolat — senatda ovozlar teng kelib qolgan taqdirda durangni «yo‘qqa chiqarish» edi. Bayden boshqaruvining dastlabki ikki yilida demokratlar va respublikachilar senatda 50 tadan o‘ringa ega bo‘lgani tufayli Harris bunday ovoz berishlar soni bo‘yicha barcha vitse-prezidentlar orasidagi rekordni o‘rnatadi.
Bundan tashqari, davlat rahbari vitse-prezidentga kattaroq vazifalarni topshirishi ham mumkin — xususan, Bayden Obama ma’muriyatida infratuzilma loyihalariga ham mas’ul bo‘lgan. Harris esa AQSh janubiy chegaralaridagi noqonuniy migratsiya inqirozini hal qilishi kerak edi, ammo senatdagi ishlar bilan bandligi unga bu muammo bilan shug‘ullanishga xalal beradi. Shunga qaramay, 2023 yil boshida vitse-prezident Markaziy Amerika mamlakatlaridagi vaziyatni yaxshilash uchun 4,2 milliard dollar xususiy investitsiya ajratilishiga erishadi — AQShdagilar shu orqali mazkur mintaqadan keluvchilar oqimini kamaytirishni ko‘zlagandi. Ammo 2024 yil qishida noqonuniy migrantlar soni rekord darajaga ko‘tariladi — va bu mavzu mamlakatda bir necha oy mobaynida asosiy mavzu bo‘ladi.
Baydenning ma’muriyati migrantlar oqimini to‘xtatish uchun shoshilinch choralar qabul qilib, islohotlar bo‘yicha respublikachi senatorlar bilan kelishuvga boradi. Bu vaqtda Kamala Harrisning ofisi undan javobgarlikni soqit qilishga urinadi — vitse-prezidentning jamoasi u to‘lig‘icha migratsiya muammolari bilan kurashishga emas, faqat ayrim mintaqalardagi uning o‘sishiga olib keladigan omillarga mas’ul ekanini bildiradi. Bayden ma’muriyati bunga javoban uning harakatlarini «eng yaxshi holatda samarasiz, eng yomon holatda esa — epizodik» deb baholagan.
Bayden va Harris davrida Oq uy faoliyatidagi yana bir jiddiy muvaffaqiyatsizlik 2021 yil avgustida Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqilishi bilan bog‘liq bo‘lgandi (o‘shanda amerikaliklar orasida prezident ishini ma’qullash reytingi pasayib ketgandi). Shunisi ma’lumki, Harris Oq uyda bu masaladagi bahslardagi muhim ishtirokchi bo‘lgan. Prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Baydenning o‘zi buni talab qilganini aytgan. Ammo Oq uydagi jurnalistlarning manbalari demokratlarning Harrisdan hafsalasi pir bo‘lganini aytishgan: vitse-prezident partiyaning bo‘lajak rahbari bo‘lishi mumkinligini isbotlay olmagan.
Bundan tashqari, u Bayden va uning jamoasi bilan munosabatlarni aynan qanday qurgani tushunarsiz — vitse-prezidentning ma’muriyatdagi o‘rni esa shunga bog‘liq. Amerika siyosati tarixida ikki eng yuqori martabali shaxslar o‘rtasida nafrat ham (1960-yillarda Jon Kennedi va Lindon Jonson), mutlaqo sodiqlik ham (2010-yillar oxirida Donald Tramp va Maykl Pens), raqobat ham (XVIII asr oxirida Tomas Jyefferson va Jon Adams), amalda mamlakatni birgalikda boshqarish ham (1970-yillar oxirida Jimmi Karter va Uolter Mondeyl) bo‘lgan.
Natijada 2023 yil yozida Harris faoliyatini ma’qullash reytingini tarixdagi barcha vitse-prezidentlar uchun antirekord qayd etadi. Saylovchilarning faqat 32 foizi uning harakatlarini ishonchli deb hisoblagandi.
Partiya hali Kamala Harrisni tasdiqlamagan. Ammo demokratlarda tanlov ham yo‘q
Bayden iyun oyi oxiridagi debatda muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan 21 iyul kuni prezidentlik poygasini tark etishiga qadar bo‘lgan haftalar davomida ko‘plab pollsterlar so‘rovlar o‘tkazib, saylovchilardan Harris va Trampdan birini tanlashni so‘ragan. Tashviqotiga yuz millionlab dollarlar sarflanmaganiga qaramay, vitse-prezident respublikachilar nomzodidan o‘rtacha 2,9 foizga ortda qolgan — bu Baydenniki bilan bir xil natija.
Shu bilan birga, NYT nashri «ko‘plab demokrat siyosatchilar» yangi nomzodni tayinlashda raqobat jarayoni bo‘lishini afzal ko‘rishini yozgan. Masalan, Barak Obama partiyani shunga chaqirgan. Ehtimol, bunday variant Harrisning o‘zi uchun ham foydali bo‘lgan bo‘lardi — saylovchilar ko‘z o‘ngida u yanada legitim va sinovdan o‘tgan nomzod bo‘lib gavdalanardi. Boshqa tomondan, avgust oyi oxirida o‘tkaziladigan partiya qurultoyi arafasidagi haftalarda o‘tkaziladigan kvazipraymeriz demokratlar uchun jiddiy xavf tug‘dirardi — partiya buni Harris nomzodiga ishonchsizlik sifatida qabul qiladigan afroamerikalik saylovchilarning bir qismining ovozidan quruq qolishi mumkin edi.
Shu tariqa, Harris Baydenning yagona «merosxo‘ri» bo‘lib qoldi. Ilk soatlarda uning nomzodini Bill va Hillari Klinton, Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom (u ham ehtimoliy nomzodlar qatorida keltirilgandi), nufuzli kongressmen Jyeyms Klaybern, transport vaziri Pit Buttijich va so‘l kongressvumen Aleksandriya Okasio-Kortes qo‘llab-quvvatladi. Tennessi, Nyu Hempshir, Shimoliy va Janubiy Karolinadagi demokratlar ham ularning delegatsiyalari partiya qurultoyida Harrisga ovoz berishini ma’lum qilishdi.
Barcha muammolarga qaramay, vitse-prezident Tramp uchun kuchli raqib bo‘lishi mumkin. Respublikachi nomzod qarshisida ojiz qolgan Baydendan farqli o‘laroq, Harris uni faol tanqid qilishga tayyor: abortni taqiqlashni qo‘llagani, radikal Jyey Di Vensni vitse-prezidentlikka tanlagani va hatto yoshi uchun (78 yoshli Tramp Bayden prezidentlikka kelgan vaqtdagidan qariroq, — Harris esa 59 yoshda).
Bundan tashqari, Bayden bilan saylovchilar ko‘z o‘ngida duet bo‘lib harakat qilmagani tufayli ham Harrisda prezidentning saylovchilarga yoqmagan harakatlarini o‘zidan soqit qilish imkoni bo‘ladi. Agar u vitse-prezident tanlashda muvaffaqiyatli qarorga kelsa, «ikkilanuvchi» shtatlardan birida ustunlikka erishishi kafolatlanadi. Qolaversa, u saylovda qatnashmoqchi ekanini e’lon qilganidan keyingi sakkiz soat ichida uning shtabi 47 million dollar miqdoridagi xayriya mablag‘larini yig‘ishga erishdi.
Trampning shtabidagilar saylovoldi poygasida Harris raqib bo‘lishiga tayyorlanmoqda — va allaqachon u Baydenning salomatligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirishda va mamlakat ichkarisidagi muammolarni, masalan inflatsiya haqida ochiq gapirishni istamaslikda ayblangan TV-rolik tayyorlangan. Respublikachilar nomzodi esa «Harrisni yengish Baydenni yengishdan ko‘ra osonroq bo‘lishi»ni aytgan.
Mavzuga oid
13:07 / 13.10.2024
«Chekmaydi va onda-sonda ozgina ichadi». Kamala Harris o‘z tibbiy kartasini e’lon qildi
14:10 / 11.10.2024
Shols va Bayden telefon orqali Kiyevga keyingi yordamni muhokama qildi
09:30 / 09.10.2024
Jurnalist Vudvord: Tramp Putin bilan yashirincha aloqada bo‘lgan
23:04 / 08.10.2024