21:19 / 10.06.2024
13865

Tojikistonda sehrgarlik yo‘li bilan firibgarlikda gumon qilingan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi

Ular aholi pullari va qimmatbaho buyumlarini firibgarlik yo‘li bilan egallab olgan.

Foto: ASIA-Plus

Tojikistonning Varzob tumanida militsiya sehrgarlik yo‘li bilan firibgarlikda gumon qilinayotgan ikki nafar o‘zbekistonlik ayolni qo‘lga oldi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi 30 yoshli Zulola Sayfulloyeva va 32 yoshli Yulduz Berdiyeva Varzob tumanida yashovchi uch ayolning arizasi asosida qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Ichki ishlar vazirligining qayd etishicha, ular tuman aholisining pullari va qimmatbaho buyumlarini firibgarlik yo‘li bilan egallab olgan.

Videoxabarda aytilishicha, bu ikki ayol ilk bor 2023 yilda Varzob tumaniga borib, 57 yoshli mahalliy fuqaroni aldagan. Jumladan, unga «uyida qon hidi borligini» va agar pul to‘lamasa, «o‘g‘li bir hafta ichida o‘lib ketishini» aytishgan. Ayol so‘zlariga ko‘ra, ular 23 ming somoniy (≈27,2 mln so‘m), 2 ta telefon va uzuk bilan sirg‘alarni olib ketishgan.

Qayd qilinishicha, so‘nggi bir oy ichida Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mamlakatning turli shahar va viloyatlarida 50 dan ortiq odamni sehrgarlik bilan shug‘ullanganlikda ayblab, hibsga olgan.

Avvalroq, Tojikistonda jodugarlik va sehrgarlik bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi kurash doirasida bunday shaxslar uchun majburiy mehnatni joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, sehrgarlar, folbinlar, tabiblar, shuningdek, qonunga xilof ravishda diniy ta’lim bergan shaxslar 6 oygacha bo‘lgan muddatga majburiy mehnatga tortilishi mumkin.

Ayni paytda mamlakat qonunchiligida jodugarlik va folbinlik bilan shug‘ullanganlik uchun hisob ko‘rsatkichining 40 dan 50 baravarigacha miqdorda jarima nazarda tutilgan (Hisob ko‘rsatkichi hozir 72 somoniyga teng (≈85,4 ming so‘m).

Bir yil davomida qoidabuzarlik takrorlangan taqdirda jarima miqdori hisob ko‘rsatkichining 60-100 baravarigacha oshirilishi mumkin.

Top