Jamiyat | 21:05 / 06.09.2024
37182
7 daqiqa o‘qiladi

Vaziyat kritik nuqtaga yaqin: moliyaviy piramidalarni televideniye, gazeta va mahalla yettiligi targ‘ib qilmoqda

Moliyaviy piramidalardan ogohlantirishda davom etamiz. Navbatdagi yolg‘onlar “HNK media kompaniyasi”, “Cter” va “TAKORP” nomlari ostida ishlamoqda. “HNK media kompaniyasi”ni telekanal va gazeta, hatto mahalla raisi hamda yettiligi ham faol targ‘ib qilyapti.

Aif va Whats platformalarining “izi sovimay” turib, odamlar yangi moliyaviy piramidalarga aldanishda davom etmoqda. O‘zbekistonni chirmovuq singari o‘rab olayotgan har xil shubhali platformalar yangi usullarda “qurbonlar” topishga harakat qilyapti va bu maqsadga erishishlarida ularning tegirmoniga hududlardagi gazeta va telekanallar ham suv quyishni boshladi.

O‘zbekistonda moliyaviy piramidalar soni kun sayin ko‘payib bormoqda. Biri jabrlanuvchilarning pulini “yig‘ib-terib” yopilib ketsa, o‘rniga boshqasi paydo bo‘lyapti. Garchi odamlar orasiga kirib borish usuli turlicha bo‘lsa-da, ularning ishlash sxemasi bir xil: depozitga pul qo‘y va ishlamasdan shunchaki daromad ol.

Qo‘y terisiga yopingan tulki

HNK media kompaniyasini shunaqa atasa bo‘ladi. Negaki, ushbu platforma odamlarning “tiliga tushish” uchun ehtiyojmandlarga oziq-ovqatlar tarqatmoqda.

HNK media kompaniyasi o‘zi nima?

Ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarida keltirilishicha, Heineken (HNK) media kompaniyasi 2016 yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi London shahrida joylashgan. U global kino reklama va media kompaniyasi hisoblanar ekan. Maqsadi kino va televideniye asarlarini global targ‘ib qilish. Kompaniya ta’sischilari Kevin Torn va Barri Jons ismli shaxslar ekani aytiladi.

“Epidemiyadan aziyat chekkan O‘zbekistonda bandlik darajasi pasayishda davom etmoqda. O‘zbekistonda iqtisodiy tiklanishni tezlashtirish va barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida Heineken media kompaniyasi O‘zbekiston hukumati tomonidan xalqni ish bilan ta’minlash uchun taklif qilingan edi”, deyiladi guruhda berilgan xabarlardan birida.

Ushbu jumlaning o‘ziyoq HNKning yolg‘onlari fosh etishga yetarli aslida. Ammo davlat va jamiyat hayotidagi yangiliklardan xabardor bo‘lib bormaydigan insonlar toifasi bu gapga ishonib qo‘yaqoladi.

Qayd etilishicha, HNK O‘zbekistonda filialini tashkil etgandan buyon 100 ming kishini ish bilan ta’minlabdi. Kompaniya shuncha odamga barqaror daromad keltirib, ularning “oilaviy baxt ko‘rsatkichini oshirgan” emish.

HNKning ishlash sxemasi yaqindagina yuzlab odamlarni chuv tushirib ketgan Aif va Whats’niki bilan bir xil: depozitga pul qo‘yasiz, kunlik vazifani bajarasiz (vazifa video va filmlarni tomosha qilish) va daromad olasiz.

Bunda darajalar ham belgilangan. Masalan, M1 darajasida 837 ming so‘m pul tikib, kunlik 9 vazifani bajargan holda oyiga 810 ming so‘m, yiliga 9 mln 855 ming so‘m daromad olish taklif etilgan. Daraja o‘sishiga qarab kunlik vazifalar hamda daromad miqdori oshirib borilgan. Shuningdek, boshqa odamlarni taklif qilish orqali qo‘shimcha daromadlar ham olish aytilgan.

Boshqa moliyaviy piramidalar singari HNKning ham viloyatlarda filiallari ochilgan. Shuningdek, loyiha “bir piyola choy ustida” odam yig‘ishning ham uddasidan chiqmoqda.

E’tiborlisi, ushbu moliyaviy piramidaning tegirmoniga nodavlat telekanallar va mahalliy gazetalar ham suv quyishni boshlagan.

Masalan, Buxorodagi “Istiqlol” televideniyesi HNK faoliyati haqida tijorat materiallari tayyorlab, efirga bergan. “Buxoroi sharif” gazetasi esa maqola chop etgan.

HNK media kompaniyasi nomi ostidagi firibgarlarga hatto mahalla raislari ham ko‘maklashmoqda.

Masalan, Buxoro shahridagi To‘qimachi mahallasi raisi Sherzod Jumayev “Istiqlol” televideniyesiga bergan intervyusida HNKga mahalla yettiligi tomonidan minnatdorchilik ham bildirgan.

Heineken kompaniyasi tomonidan To‘qimachi mahallasi fuqarolarining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Shaxsan o‘zim va mahalla yettiligi tomonidan Heineken kompaniyasiga minnatdorchilik bildiramiz”, degan u.

Kun.uz Sherzod Jumayev bilan bog‘landi. Buxoro shahridagi To‘qimachi mahallasiga 2,5 yildan beri raislik qilib kelayotgan Jumayev o‘zi ham ushbu o‘yinga qo‘shilganini ma’lum qildi.

Tekshirib ko‘rdim, bu ishonchli ekan, O‘zbekiston bilan 2021-2031 yillarga shartnoma qilgan ekan. Guvohnomalarini ko‘rdim. O‘zim ham 360 ming so‘m bilan kirdim. Hali birinchi bosqichdaman”, deydi mahalla raisi.

Cter va TAKORP

Ushbu platformalar ham pul tikish evaziga daromad olishni faol targ‘ib qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan guruhlarda yuzlab odamlar turli yolg‘onlarga ishontirilyapti.

Masalan, Cter ko‘proq jamoaviy ishlash niqobi ostida faoliyat yuritmoqda (bu orqali aslida ko‘proq odamni chuv tushirish maqsad qilingan). Jamoa yaratgan odamga turli sovg‘alar ulashishni ham ma’lum qilgan.

TAKORP ham shu usulda ishlamoqda.

“Onlayn ish” niqobi ostida faoliyat yuritayotgan bu kabi moliyaviy piramidalarning asosiy nuqtasi pul tikish orqali daromad olishni taklif qilishida. Birgina shu jihatning o‘zi loyiha yolg‘onligini va uning ortida firibgarlar turganini ko‘rsatadi.

Kun.uz yana bir bor barchani bunday platformalarga pul tikmaslikka va aldanib qolmaslikka chaqirib qoladi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid