19:46 / 16.06.2024
6459

Isroil G‘azo janubidagi amaliyotlarda doimiy tanaffuslar e’lon qildi

Isroillik harbiylar G‘azo janubidagi yo‘l bo‘ylab amalga oshirilayotgan harbiy harakatlarda har kuni «taktik pauza» joriy etilganini ma’lum qildi, bundan maqsad u yerga insonparvarlik yordamlari yetkazib berilishiga imkoniyat yaratishdir. Ammo, ularning so‘zlariga ko‘ra, hali harbiy harakatlarni to‘xtatish haqida gap ketmayapti va Rafahdagi amaliyot davom ettiriladi.

Foto: Anadolu

Isroil mudofaa armiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunday tanaffuslardan birinchisi shanba kuni bo‘lgan.

Harbiy harakatlardagi vaqtinchalik tanaffuslar, keyingi ogohlantirishga qadar mahalliy vaqt bilan soat 08:00 dan soat 19:00 gacha amal qiladi. Bu faqat Isroilning G‘azo bilan chegarasidagi «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punktidan shimolda, Salohiddin shossesigacha bo‘lgan yo‘lga hamda shosse bo‘ylab Xon Yunus shahri hududidagi Yevropa shifoxonasigacha bo‘lgan hududga taalluqli bo‘ladi.

Isroilning ittifoqchilari, birinchi navbatda Qo‘shma Shtatlar G‘azoda gumanitar vaziyat og‘irlashmasligi uchun unga bosim o‘tkazmoqda. Yakshanba kungi e’lon «BMT va xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shimcha muhokamalar» ortidan berildi, deya xabar qilgan TsAHAL.

G‘azoga yuklar yetkazishda yordam ko‘rsatuvchi ActionAid agentligi BBC’ga ma’lum qilishicha, ularda ushbu tanaffuslar nimani anglatishi bo‘yicha «chalkash» kartina shakllangan.

«Biz bu taktik pauzalar nimani anglatishini hali ham tushuna olmayapmiz, ular yordam nafaqat G‘azo sektoriga olib kirilishiga, balki uni unga muhtoj bo‘lgan tinch aholiga xavfsiz tarqatilishiga ham yo‘l qo‘yadimi», — degan ActionAid vakili Ziyod Issa.

Isroil tomoni falastinliklarga yordamning katta qismi Hamas tuzilmalari xohishiga ko‘ra taqsimlanishi, shuningdek mahalliy aholi vakillari tomonidan insonparvarlik yordamlari olib ketayotgan karvonlarga hujumlar tez-tez uchrab turishiga e’tibor qaratgan.

ActionAid vakili so‘nggi haftalarda «Kerem-Shalom»dan G‘azoga olib kirilgan yordam karvonlari «yirik hujumlar»ga uchraganiga guvoh bo‘lganini aytgan.

Misr bilan chegaradagi «Rafah» nazorat-o‘tkazish punkti yopilgach, G‘azoga yordam asosan «Kerem-Shalom» orqali o‘tmoqda

Isroildagi nashrlarga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu g‘am, mudofaa vaziri Yoav Gallant ham bu haqda e’lon qilinmagunicha gumanitar pauzalar joriy etish rejasi haqida xabardor bo‘lmagan.

Netanyahuning ofisidagilar reja haqida faqat yakshanba kuni xabar topganini aytishgan, bosh vazir buni yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan qaror deb atagan. Ammo uni Isroil mudofaa armiyasining harbiy harakatlari maqsadi o‘zgarmasligi va Rafahdagi janglar «reja bo‘yicha davom etishi»ga ishontirishgan.

Isroilning o‘ta o‘ng qarashlarga ega milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir ham harbiy harakatlarda tanaffus qilish qarorini keskin tanqid qilgan.

Bir oycha muqaddam Isroil qo‘shini aholini evakuatsiya qilishga buyruq berib, shaharga kirib, G‘azo hamda Misr chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktini egallagach, Rafahni yuz minglab kishilar tark etgan.

Shundan buyon muqaddam G‘azoga insonparvarlik yordamlarining katta qismi kirib kelgan chegara-nazorat o‘tkazish punkti yopiq qolmoqda.

Isroil Rafahdagi amaliyot Hamasni so‘nggi yirik tayanchidan siqib chiqarish uchun zarurligini aytadi.

Xalqaro agentliklar G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyatdan ogohlantirib, muntazam ravishda insonparvarlik yordami hajmini oshirishga chaqirib keladi.

Chorshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreysus G‘azo aholisining katta qismi «halokatli ochlik va ocharchilikni eslatuvchi sharoitlar»ga duchor bo‘lganini aytgan.

Oziq-ovqat va gumanitar yordam ortilgan mashinalar G‘azo shahridan shimolda joylashgan Beyt-Laxiya orqali ham anklavga kirmoqda

Gumanitar tashkilotlarga ko‘ra, hamon G‘azoga yetarlicha yordam kirmayapti.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida G‘azoga kuniga o‘rtacha 97 ta gumanitar yuk ortilgan mashinalar kirib kelgan, bu miqdor yonilg‘i tashuvchilarni o‘z ichiga olmaydi. Aprel oyida esa o‘rtacha kunlik mashinalar soni 169 ta, martda — 139 ta bo‘lgan, urush boshlanishidan oldin esa anklavga har kuni 500 ta atrofida yuk mashinasi kirgan (yonilg‘i tashuvchilar bilan qo‘shganda).

Boshqarmaning qayd etishicha, 7 maydan keyin «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punkti orqali xususiy tashkilotlar yetkazib berayotgan yuklarni bevosita kuzata olmayapti.

Yordam ko‘rsatish agentliklari bir necha marta G‘azoda yordamni tarqatishdagi qiyinchiliklar haqida xabar berishgan. Juma kuni BMTning bolalar fondi YUNISEF BBC muxbiriga barcha hujjatlar borligiga qaramay, gumanitar yuklar ortilgan karvon G‘azoga kirishiga ruxsat berilmagan.

YUNISEF vakili, karvon bilan birga harakatlangan Jyeyms Elder bu odatiy holatga aylanganini qayd etgan. TsAHAL esa bunga javoban hujjatlar kerakli tarzda to‘ldirilmaganini ma’lum qilib, Elderni ro‘y bergan hodisaning «to‘liq kartina»sini ko‘rsatmaganlikda ayblagan.

Isroil mudofaa armiyasi shanba kuni Rafahda ro‘y bergan portlash oqibatida isroillik sakkiz nafar askar halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Bu joriy yil yanvaridan buyon Isroil armiyasining eng jiddiy yo‘qotishi bo‘ldi.

Portlash Rafahning Tal al-Sulton tumanidagi amaliyot chog‘ida ro‘y bergan, bu hudud so‘nggi hafta davomida Isroil qo‘shini uchun muhim maqsadga aylangandi.

Hamasning harbiy qanoti pistirmadan turib isroilliklarning zirhli transportyori tomon raketa uchirilganini ma’lum qilgan.

Netanyahu Hamasga qarshi urushni davom ettirishga va’da bergan va isroilliklarni og‘ir va dahshatli yo‘qotishlarga qaramay, hech kimga «urush maqsadlariga sodiq qolish kerakligi haqidagi aniq va oddiy fakt»dan chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

«Hamas hukumati va harbiy salohiyatini yo‘q qilish, garovga olinganlarning barchasini qaytarish, G‘azoning Isroilga xavf tug‘dirmasligini ta’minlash va aholini shimolda ham, janubda ham xavfsiz joylarga qaytarish», — deya sanagan u bu maqsadlar sifatida.

Shu vaqtga qadar mamlakatning shimoliy va janubiy qismlarida o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan o‘n minglab kishilar xavf saqlanib qolayotgani tufayli qayta olmayapti.

Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha bilvosita muzokaralar davom etmoqda, shanba kuni AQSh tomoni Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant tez orada muzokaralar uchun Vashingtonga tashrif buyurishini e’lon qildi.

O‘tgan haftada Isroilning mavjud bo‘lish huquqini inkor etuvchi Hamas AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan taklif etilgan hamda Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangan sulh rejasini rad etib, bir necha bandlar bo‘yicha qarshi talablarini ilgari surgandi.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top