09:05 / 29.06.2024
3799

Bayden: Yosh emasman, lekin prezidentlik vazifasini bajara olaman

Donald Tramp bilan bo‘lgan debatdagi omadsiz ishtirokiga qaramay, Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqish niyatida emas.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden noyabr oyidagi saylovlardagi taxminiy raqibi Donald Tramp bilan bahsda yaxshi natija ko‘rsatmaganini tan oldi, ammo prezidentlik poygasidan chiqish niyati yo‘qligini ochiq aytdi. «Ochig‘ini aytaman: men yosh emasligimni bilaman, avvalgidek g‘ayrat bilan yurmayapman, avvalgidek aniq-ravon gapirmayapman, lekin men qanday qilib haqiqatni aytish kerakligini bilaman», dedi Bayden 28 iyun, juma kuni Shimoliy Karolinadagi saylovoldi mitingida tarafdorlari bilan gaplashar ekan.

81 yoshli demokratning aytishicha, u bu ishni uddalay olishiga «agar butun qalbi bilan ishonmaganida» navbatdagi muddatga nomzodini qo‘ymagan bo‘lardi. «O‘rtaga tikilgan narsa juda katta», dedi Bayden.

Baydenning Tramp bilan debatdagi muvaffaqiyatsizligi

Baydenning mitingdagi nutqi Tramp bilan CNN telekanalida uyushtirilgan debatning ertasiga bo‘lib o‘tdi, uni ko‘plab sharhlovchilar AQShning amaldagi prezidenti uchun muvaffaqiyatsiz deb hisoblashdi. «Bu yerda ortiqcha gapga o‘rin yo‘q. Bu debat Jo Bayden uchun falokat bo‘ldi», dedi DW’ning Vashingtondagi ofisi rahbari Ines Pol. Uning fikricha, Bayden teleduelda hali ham prezidentlik vazifalarini bajarishga qodirligini isbotlay olmadi. 

2011 yilgacha prezident Barak Obamaning katta maslahatchisi bo‘lgan Devid Akselrod CNN efirida teledebatdan so‘ng Bayden g‘ayratga to‘la siyosatchi sifatida namoyon bo‘la olmaganini va ba’zi nuqtalarda u hatto biroz adashib qolganday tuyulganini aytdi. Shu bilan birga, 78 yoshli Tramp hozirgi davlat rahbaridan ancha yoshroq ko‘rindi, deya ta’kidladi Virjiniya universiteti siyosat markazining saylov bo‘yicha tahlilchisi Maylz Koulman DW nashriga bergan izohida. 

Demokratik nomzodni almashtirish haqida gap-so‘zlar

Teledebat tugagandan so‘ng, demokratlar avgust oyida bo‘lib o‘tadigan, Bayden rasman nomzod bo‘lishi kutilayotgan Milliy qurultoy oldidan yoki uning davomida prezidentlikka boshqa nomzod ko‘rsatishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.

Omma oldida yetakchi demokratlar Baydenni qo‘llab-quvvatlab, uning g‘alabasi uchun kurashishlarini aytishmoqda. Uning shtabi rasmiy vakillari ham prezident kurashdan chekinish niyatida emasligini bildirdi. 

Top