Jahon | 19:26 / 02.07.2024
3251
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda vaboga chalinish ko‘rsatkichi 58 foizga oshgani ma’lum qilindi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotiga ko‘ra, epidemiya o‘choqlari 19 mamlakatda qayd etilgan. May oyida 46,4 ming nafardan ziyod bemor ro‘yxatga olingan.

Foto: Getty Images

So‘nggi oylarda dunyoning qator mintaqalarida vabo epidemiyasi keskin kuchaya boshlagani ma’lum qilindi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotiga asoslanib Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil may oyida 46 mingdan ortiq kishiga ushbu xavfli kasallik tashxisi qo‘yilgan va bu aprel oyiga nisbatan 58 foiz yuqori ko‘rsatkichdir. Epidemiya o‘choqlari 19 mamlakatda qayd etilgan. May oyida ro‘yxatga olingan bemorlar soni – 46,4 ming nafardan ziyod. Ularning 185 nafari xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.  

Yuqori o‘sish dinamikasi asosan Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Afg‘onistonda 13 ming nafardan ortiq, Pokistonda esa 13 mingga yaqin yangi holat qayd etilgan.  

“Umuman, joriy yil boshidan buyon sayyoramiz bo‘yicha qariyb 195 ming odam ushbu xastalikni yuqtirgani aytilmoqda. Epidemiya qurbonlari soni 1,9 ming nafardan oshgan”, deyiladi xabarda.  

Qayd etilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaboning dunyo bo‘ylab tarqalish xavfini yuqori deb baholagan va 2023 yil yanvar oyidan 2024 yil mayigacha vaksinalarga bo‘lgan talab ikki barobar oshganini bildirgan.

Mavzuga oid