20:01 / 05.07.2024
6979

Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri millatga murojaatida katta yangilanishlar haqida gapirdi

Buyuk Britaniyaning leyboristlar partiyasi rahbari Kir Starmer rasman mamlakat bosh vaziri lavozimiga kirishdi va millatga murojaat bilan chiqish qildi. U millatga katta qayta yangilanish zarurligini ta’kidladi.

Foto: Claudia Greco, Reuters

«Shubhasiz, har bir inson uchun mamlakatimiz katta qayta yangilanish o‘tkazish zaruriyati borligi tushunarli. Biz aslida kimligimizni qayta kashf qilishimiz kerak... Bu mamlakatning kuchli tomonlaridan biri doimo tinch suvlar tomon yo‘l topa olish bo‘lib kelgan. Lekin baribir bu siyosatchilarga bog‘liq, ayniqsa, men kabi barqarorlik va mo‘’tadillik yo‘lini tanlaydigan, tanlangan yo‘lni qay onda o‘zgartirish kerakligini anglaydigan siyosatchilarga», — deya Starmerning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda The Guardian.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat «doktrinalar yuki ostida qolmaydi» va faqat fuqarolar manfaatini ko‘zlab harakat qiladi. Starmer shuningdek Buyuk Britaniya hukumati «milliy yangilanish missiyasi»ga sodiq qolishini aytgan.

Kir Starmer 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan avvalgi parlament saylovlarida Leyboristlar partiyasi g‘alaba qozongach, bosh vazirga aylandi. Leyboristlar 412 ta o‘ringa ega bo‘lishdi (avvalgisidan 211 ta mandatga ko‘proq), bungacha ular 14 yil davomida muxolifatda bo‘lishgan. Konservativ partiya parlamentda 250 o‘rnidan judo bo‘lib, atigi 121 ta o‘rinni qo‘lga kiritishgan. Starmer allaqachon qirol Charlz III dan yangi hukumatni shakllantirish uchun mandatni qo‘lga kiritdi. U mamlakat tarixida leyboristlardan saylangan yettinchi bosh vazir bo‘ldi.

Top