Sport | 19:24 / 05.07.2024
13256
7 daqiqa o‘qiladi

Finaldan oldingi final hamda Mbappening kumiriga qarshi bahsi. Yevroda kun o‘yinlari

Bugun yana ikki favorit turnirni tark etadi. Ispaniya Germaniya bilan, Portugaliya - Fransiyaga qarshi jang qiladi.

Bugun Yevropa chempionatida 1/4 final bosqichi start oladi. 5 iyul kungi o‘yinlarning ikkisi ham — yorqin afishaga ega. Muxlislarni avvaliga Yevro-2008 finali remeyki, keyin esa — Yevro-2016 finali remeyki kutmoqda.

Ispaniya — Germaniya (21:00 / Zo'rTV)

Bu uchrashuvni muddatidan oldingi final deb atashmoqda. Ikki jamoa ham jozibali futbol namoyish etib, o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egallashdi, ammo pley-off bosqichida erta to‘qnashmoqda.

Ispaniya milliy jamoasi — Yevro-2024 turnirida barcha to‘rt o‘yinida g‘alaba qozongan yagona jamoa. Shu bilan birga, «Qizil furiya» har bir o‘yinda nafaqat natijaga erishmoqda, balki to‘liq ustunlik bilan o‘ynamoqda. Bunda birinchi navbatda hujum chizig‘ini e’tirof etish kerak — bu chiziq ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha turnirda yaqqol yetakchi.

E’tiborli jihati, hozirgi Ispaniya o‘yinning ko‘p vaqtida to‘pga egalik qilishi shart emas — ular ikkinchi raqam ostida ham to‘p sura olishadi. Uzun uzatmalar bilan o‘ynashi ham mumkin. Luis De La Fuente davrida bu jamoa o‘yini xilma-xillashdi. Ko‘p jihatdan qanotlardagi Yamal va Uilyamsning tezkorligi bunga imkon bermoqda. Ikki vinger ham oldinga borishdan tap tortmaydi: ular himoyachilar ortida ochilishadi, dribling ishlatishadi, oddiy vaziyatlarni keskinlashtirishadi. Ispaniya endi yaqqol vaziyatgacha qisqa paslar berish bilan zeriktirmaydi.

Nemislar esa to‘pga to‘liq egalikka e’tibor qaratmoqda. Ammo bu jamoaga muvaffaqiyat keltiradimi? Bu turnirda hozirgacha Germaniyada Ispaniya darajasidagi raqib bo‘lmadi — Yulian Nagelsmann shogirdlari to‘rt o‘yinni ham o‘rtamiyona raqiblarga qarshi o‘tkazdi. Ispaniya bilan o‘yin — turnir mezbonlari uchun haqiqiy sinov bo‘ladi. Ko‘p narsa 36 yoshli mutaxassis jamoani jangga qanday tayyorlaganiga bog‘liq: nafaqat jismonan, balki ruhan tayyorgarlik ham muhim rol o‘ynaydi.

Germaniya milliy jamoasi agar oldingi o‘yinlardagi kabi intensivlik namoyish etib, samaradorlikni oshirsagina turnirdagi ishtirokini davom ettirishi mumkin. Ammo ikki jamoaning ham imkoniyatlari hozircha teng baholanmoqda.

Ispaniya — Germaniya uchun o‘ta noqulay raqib. Agar rasmiy o‘yinlar hisobga olinsa, bundestim ispanlarni 1988 yildan buyon mag‘lub etolmaydi. 2008 yilda esa nemislar Yevro finalida, 2010 yil JCh yarimfinalida yutqazgan. Ikki o‘yinda ham 1:0 hisobida. Bu safargi Yevropa chempionatida Germaniya atigi ikki gol o‘tkazib yubordi (ulardan biri avtogol). 1/8 finalda Daniyaga qarshi o‘yin noqulay ob-havo sharoiti tufayli qariyb yarim soatga to‘xtab qolgan bo‘lsa-da, kerakli natijaga erishildi (2:0).

«Bu final emas, balki chorakfinal. Biz keyingi bosqichga chiqadigan jamoalardan biri bo‘lishni xohlaymiz. Ispaniya ham chempion bo‘lishni xohlaydi, shuning uchun oldinda og‘ir o‘yin kutmoqda. Ikki jamoa ham to‘pga egalik qila oladi va o‘z raqiblarini bosim ostida ushlab turishi mumkin. Biz uchun birga bir vaziyatlarda yaxshiroq harakatlanish muhim», — degan Nagelsmann.

Portugaliya — Fransiya (00:00 / Zo'rTV)

Portugaliya ham, Fransiya ham Yevro-2024 boshlanganidan buyon o‘zidan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmadi, ammo oldindagi o‘yin ikki jamoa uchun ham o‘z ambitsiyalarini tasdiqlash uchun imkondir.

Bir necha kun muqaddam portugallar Yevro chorakfinaliga chiqish uchun o‘ta og‘ir o‘yin o‘tkazishdi. Oson raqib sanalgan slovenlar jang taklif qilishdi. Portugaliyada qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani ilib ketish uchun o‘ta qulay imkoniyat bo‘lgandi, ammo Krishtianu Ronaldu Yan Oblakka qarshi duelni boy berib, 11 metrlik nuqtadan gol urolmadi. U penaltilar seriyasida xatosini tuzatdi, ammo shu kuni o‘yin qahramoni u emasdi. Portugaliya darvozaboni Diogu Koshta dastlabki uchta zarbaning barchasini qaytardi va raqibni uyiga jo‘natdi.

Fransiyaning 1/8 finaldagi o‘yini ham tomoshabopligi bilan muxlislarni xursand eta olmadi. Dide Desham shogirdlari turli masofalardan ko‘plab zarbalar berishdi, ammo to‘p ko‘p hollarda darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Natijada fransuzlar faqat raqib yordamida gol ura olishdi, Kolo Muani darvozabon hududiga yo‘llagan to‘p Vertongenning oyog‘iga tekkan holda rikoshet bo‘lib darvoza to‘riga borib tushdi va bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi. 2016 yilda Fransiya o‘z uyida o‘tgan Yevropa chempionati finalida portugallarga yutqazgandi, Ronaldu esa birinchi bo‘limdayoq jarohat olib maydonni tark etgandi.

Bu oqshom muxlislar yulduzlar bilan to‘lib-toshgan maydondagi futbolga guvoh bo‘lishadi, ammo asosiy e’tibor Ronaldu va bolalikdan uning muxlisi bo‘lgan Mbappega qaratiladi. Ulardan doimo yorqin va sermahsul o‘yin kutishadi, ammo bu turnirda ular hozircha bu ishonchni oqlay olishgani yo‘q.

Krishtianuda ishtiyoq borasida muammo yo‘q — u 20 yil oldingi birinchi Yevrosida bo‘lgani kabi ko‘zi yonib o‘ynamoqda, ammo qattiq harakat qilayotganiga qaramay, hozircha bu turnirdagi ilk golini urolmadi.

Kilian esa biroz parishonxotir ko‘rinmoqda va hujumda o‘z o‘rnini topa olmayapti. Unga bu yozda jamoasini almashtirayotgani yoki burnidan olgan jarohati ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin, nima bo‘lganda ham ko‘p o‘yinlarda u maydonda yo‘qolib qoldi.

Portugaliya va Fransiya — yorqin va tomoshabop o‘yin ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jamoalar. Ammo hozirda vaziyat shundayki, murabbiylar ko‘proq ehtiyotkor futbol tanlashadi. Bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlardagi statistikasi ham shundan dalolat bermoqda: Fransiya va Portugaliyaning Yevropa chempionatlaridagi barcha to‘rt o‘yinida durang qayd etilgan. Katta ehtimol bilan, bu safar g‘olib overtaym yoki penaltilar seriyasida aniqlanadi.

Mavzuga oid