Jahon | 08:01 / 27.07.2024
2849
2 daqiqa o‘qiladi

RF Mudofaa vazirligi ta’minotchisi bo‘lgan institut rahbari o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘ldi

OAV xabarlariga ko‘ra, «Volna» markaziy ilmiy-tadqiqot instituti prezidenti 74 yoshli Vladimir Arsenev Qizil maydonda o‘zini yoqib yuborishga uringan. Avvalroq u davlat mudofaa buyurtmalarini buzishda ayblangan edi.

Foto: RIA Novosti

«Volna» markaziy ilmiy-tadqiqot instituti prezidenti, 74 yoshli Vladimir Arsenev Moskvadagi Qizil maydonda o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘ldi. Bu haqda 26 iyul, juma kuni Mash va Baza Telegram-kanallari, shuningdek, «Moskovskiy komsomolets» (MK) gazetasi xabar berdi

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, Arsenev shu tariqa davlat mudofaa buyurtmalari bo‘yicha harbiy ta’minotni to‘xtatganlik ayblovlariga qo‘shilmasligini bildirmoqchi bo‘lgan. MK yozganidek, «Rostex»ga avvalroq «Volna» markaziy ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati maxsus harbiy operatsiya ehtiyojlari uchun (Rossiyada Ukrainaga qarshi urush shunday deb ataladi) davlat mudofaa buyurtmasi doirasida zarur mahsulotlarni yetkazib berishni qasddan kechiktirganligi haqida shikoyat kelib tushgan. Mash ma’lumotlariga ko‘ra, Arsenev instituti «tekshiruvdan o‘tgan», ammo unda hech qanday qoidabuzarlik aniqlanmagan. Jurnalistlar ta’kidlashicha, Vladimir Arsenev o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish uchun sudga da’vo arizasi bilan chiqqan, biroq u rad etilgan. 

Bundan tashqari, Baza ma’lumotlariga ko‘ra, Arsenev «yaqinda» Tergov qo‘mitasiga ariza yozgan, unda «kompaniya ataylab bankrot qilinayotganini va davlat mudofaa buyurtmasini bajarishga ruxsat berilmayotganini aytdi». Telegram-kanal ta’kidlashicha, erkak Mudofaa vazirligi, «FSB» va boshqa idoralarga xuddi shunday xatlar yuborgan. 

«Volna» markaziy ilmiy-tadqiqot institutining rasmiy veb-saytida ta’kidlanishicha, institut Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va tijorat maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan aloqa tizimlari, uskunalari, ilg‘or inertial navigatsiya tizimlari va metrologik uskunalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.