O‘zbekiston | 20:13 / 07.08.2024
5025
6 daqiqa o‘qiladi

7 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Tumanlarga tayinlangan yangi hokimlar, mustaqillik bayramidagi dam olish kunlari, 15 yilga kesilgan tuman prokurori va Bo‘stonliqdagi fojia — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mustaqillik bayramida 4 kun ketma-ket dam

O‘zbekistonliklar Mustaqillik bayramida ketma-ket 4 kun dam oladi.

Qo‘shimcha dam olish kunlari 2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi prezident farmonida belgilangan.

3 sentabr, seshanba ish haftasining turidan qat’i nazar, barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan. 1 sentabr — O‘zbekiston mustaqilligi kuni 2024 yilda yakshanba — dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 2 sentabr, dushanba kuniga ko‘chiriladi.

31 avgust, shanba — haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kunliklar uchun odatiy dam olish kuni bo‘ladi.

Shu tariqa, o‘zbekistonliklar Mustaqillik bayrami munosabati bilan ketma-ket 4 kun dam oladi.

Yangi hokimlar tayinlandi

Bugun bir qator tumanlarga yangi hokimlar tayinlandi.

Jumladan:

Elyorbek Asronqulov — Farg‘ona viloyati Furqat tumani hokimi;

Nurali Jo‘rayev — Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri hokimi;

Komiljon Aytbayev — Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani hokimi;

Ahror Mansurov — Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimi;

Sardorbek Ergashev — Toshkent tumani hokimi etib tayinlandi.

Qalbaki markirovka uchun jinoiy javobgarlik

O‘zbekistonda qalbaki raqamli markirovkalangan yoki kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi, ulgurji va chakana sotuvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etish, bunday holatlarda mahsulotlarni musodara qilish rejalashtirilmoqda.

Raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosi esa to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkaziladi.

Bu choralar Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan «Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorda o‘z aksini topgan.

Unda belgilanishicha, Soliq qo‘mitasi 2024 yil 1 sentabrga qadar alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning Asl belgisi milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgani hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etilayotganini nazoratga oladi.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 noyabrga qadar raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz shaklda sotish talabini belgilaydigan hujjat loyihasi ishlab chiqish topshirilgan.

Kogonning sobiq prokuroriga 15 yil

200 ming dollar pora so‘ragan Kogon tumanining sobiq prokurori 15 yilga qamaldi. Shuningdek, hukm bilan G‘ulomovning jinoiy sheriklari ham uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Kogon tumani sobiq prokurori Bahodir G‘ulomovga hukm Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida o‘qilgan.

Sud hukmida keltirilishicha, Bahodir G‘ulomov prokuror lavozimida ishlab, 2024 yil yanvar oyi boshlarida Najmiddin No‘’monov va xavfli retsidivist bo‘lgan Zafar Odilov bilan jinoiy til biriktirgan.

Ular Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “Kogon yog‘-ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilmaslikni hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilishgan.

Bahodir G‘ulomov 2024 yil 15 yanvar kuni 100 ming AQSh dollarini jinoiy sherigi N.No‘’monov orqali olgan.

U jinoiy harakatlarini davom ettirib, “Kogon yog‘-ekstraksiya zavodi” AJga aloqador shaxslarni tergovga jalb qilmaslik evaziga takroran 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilgan hamda firibgarlik yo‘li bilan 44 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritgan.

2024 yil 13 fevral kuni Buxoro shahar markaziy kasalxonasi yonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bahodir G‘ulomov N.No‘’monov orqali qolgan 56 ming dollarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Sud majlisida sobiq prokuror aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini, davlat rahbaridan kechirim so‘rashini aytgan hamda suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Sud hukmi bilan Bahodir G‘ulomov 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sud hukmi bilan “New imperial oil” MChJda ekspeditor lavozimida ishlagan Najmiddin No‘’monov 11 yil, xavfli retsidivist hisoblangan Zafar Odilovga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

Bo‘stonliqdagi fojia

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida profilaktika inspektori xotini va 7 oylik chaqalog‘ini, so‘ngra o‘zini otib o‘ldirgan.

Voqea 6 avgust kuni tunda sodir bo‘lgan. Bo‘stonliq tumanida xizmat xonadonida yashovchi 28 yoshli profilaktika inspektori Makarov markali tabel to‘pponchasidan avvaliga turmush o‘rtog‘i va 7 oylik o‘g‘il farzandiga, so‘ngra o‘ziga o‘q uzgan.

Mazkur holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid