O‘zbekiston | 23:22 / 05.09.2024
34256
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan sud ishi boshlandi

Bugun, 5 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari ma’lum qildi.

Foto: Oliy sud

Sudlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan:

167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);

168 (Firibgarlik);

184 (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash);

185−2 (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish);

189 (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish);

205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);

206 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);

28,209 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari, Mansab soxtakorligi);

209 (Mansab soxtakorligi);

211 (Pora berish);

228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);

243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish).

Qayd etilishicha, 29 nafar sudlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish», 15 nafariga «garov» va 6 nafariga «munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

«Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Qishloq xo‘jaligi vazirligining sobiq rahbari Aziz Voitov 2023 yil dekabr oyida qamoqqa olingan edi. 44 yoshli Voitov 2022 yil avgustidan 2023 yil oktyabrigacha QXVni boshqargan, ungacha investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid