Marokashning Yuqori Atlas tog‘ hududlarida 2023 yilda sodir bo‘lgan kuchli zilzilada qariyb 3 ming kishi halok bo‘lgandi, oradan bir yil o‘tsa-da, hududdagi qishloqlar manzarasi urushdan keyingi xarobalarni eslatadi.

Qutqaruvchilar ancha oldin ketib bo‘lgan, biroq yo‘l chetida va odamlar yashaydigan chodirlar yonida binolarning vayronalari uyilib yotibdi. Aholining bir qismi o‘z uylarini tiklash uchun hukumatdan va’da qilingan mablag‘ni, boshqalari esa yangi uylar loyihasi tasdiqlanishini kutmoqda.

2023—2024 yillar. Marokash shahri yaqinidagi Imi N’tala qishlog‘idagi zilzila aksi.

Zilziladan vayron bo‘lgan mintaqada Imi N’tala singari ko‘plab qashshoq qishloqlar bor, ularga faqat notekis yo‘llar orqali borish mumkin.

Ba’zi joylarda aholi hukumat ruxsatini kutmay, o‘z uylarini qayta qurishni boshlab yubordi. Boshqa qishloqlarda esa plastik chodirlarning dim havosidan bezor bo‘lgan odamlar yo vayron bo‘lgan uylariga qaytgan, yo eski turmush tarzini tashlab, katta shaharlarga ko‘chib ketgan.

Provinsiyaning ba’zi yirik shaharlarida hayot bir maromga qaytmoqda: yo‘llar, uylar, maktablar va korxonalarni tiklash ishlari olib borilyapti, ba’zi aholi vakillariga metall konteynerlardan yasalgan uylar berilmoqda. Ammo zilziladan vayron bo‘lgan 55 000 ta uy egalarining aksariyati hamon chodirlarda yashashga majbur qolmoqda. Bunday boshpanalar yozgi jazirama va qishki sovuqqa chidamsiz.

O‘tgan yilgi zilzilada o‘g‘lini yo‘qotgan 69 yoshli nafaqaxo‘r Muhammad Sumer turmush tarzi haqida jurnalistlarga hikoya qildi. Mahalliy hokimiyat unga xavfsizlik sabablariga ko‘ra, tog‘ning tik yon bag‘ridagi eski uyini tiklashga ruxsat bermagan. Hozirda u rafiqasi bilan vayron bo‘lgan uyi yonidagi chodirda kun kechiryapti. Ular boshqa joyga ko‘chib, kengroq va qimmatroq hududda yangi hayot boshlashdan qo‘rqmoqda.

“Odamlar qolishni xohlaydi, chunki bu yerda tirikchilik uchun sabzavot yetishtiradigan yerlar bor”, — deb ta’kidladi u.

Zilziladan so‘ng hukumat oilalarga oylik nafaqa va uylarini zilzilaga bardosh beradigan qilib qayta qurish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishini ma’lum qilgandi. Biroq aholi vakillarining aytishicha, mablag‘lar birdek taqsimlanmayapti: haligacha ko‘pchilik pul yoki uylarini tiklash ishlari boshlanishini kutmoqda.