AQSh Rossiya ichkarisini o‘z raketalari bilan o‘qqa tutishga ruxsat berishi mumkin. Nimalar ma’lum?
AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Ukraina Amerikaning uzoq masofali raketalari bilan Rossiyaning ichkari hududlaridagi nishonlarga zarbalar yo‘llashga ruxsat berishi mumkinligini bildirdi.
Ukraina hukumati so‘nggi oylar mobaynida bunday taqiqni olib tashlashni so‘rab kelayotgandi, seshanba kuni kechqurun esa jurnalistlar Baydendan u bu cheklovni bekor qilishga qanchalik tayyorligi haqida so‘rashdi.
«Biz ayni vaqtda buning ustida ishlayapmiz», — deya javob qaytargan prezident.
Amerika qurollari Kiyevga yetkazib berilishi boshlanganida Vashington nafaqat mintaqada, balki butun Yevropada xavfli keskinlik yuzaga kelishi mumkinligidan xavotirlanib, raketalar bilan Rossiya ichkarisiga zarba berishni taqiqlagandi.
Faqat RF armiyasi Xarkiv oblastiga ikkinchi bor bostirib kirganida AQSh Kiyevga Rossiyaning chegaraga yaqin hududlardagi nishonlariga zarba yo‘llashga rozilik bergandi.
Kremldagilar hozircha Baydenning yangi bayonotiga munosabat bildirmadi, ammo Rossiya rasmiylari odatda bu borada imkon qadar qat’iyroq bayonot berishga va bu bilan g‘arbning pozitsiyasiga ta’sir o‘tkazishga harakat qilishadi.
Rossiya davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin o‘z telegram-kanalida Zelenskiy o‘z ittifoqchilaridan uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar yetkazib berishni so‘rab, ular bilan raketalarni Rossiyadagi nishonlarga qo‘llashni muhokama qilish orqali ushbu mamlakatlarni Ukrainadagi urushning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokchisiga aylantirayotganini yozgan.
«Bularning barchasi mamlakatimiz o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun yanada kuchliroq va vayronkorroq qurollardan foydalanib, javob qaytarishga majbur bo‘lishiga olib keladi», — degan Volodin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham joriy yil boshida Ukrainaning Rossiya bo‘ylab g‘arb raketalari bilan zarba berishi keng ko‘lamli urushga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
«Doimiy eskalatsiya jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, — dedi u may oyida. — Ular global mojaroni istashyaptimi?»
Oq uy taqiqni olib tashlash masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligi aynan nima bilan bog‘liqligiga aniqlik kiritilmagan.
Ammo, ekspertlar fikricha, Vashington yangi chaqiriqlar va tahdidlarga reaksiya qilishga majbur bo‘lmoqda — Rossiya qo‘shinlari frontning turli uchastkalarida faollashuvi hamda Eron ballistik raketalari Rossiyaga yetkazib berilishi shular jumlasidan. Aynan shu Bayden ma’muriyatini avvalgi qarorlarni qayta ko‘rib chiqishga undayotgan bo‘lishi mumkin.
Tahlil: gap aynan qanday qurollar haqida bormoqda va uzoq masofali raketalar frontga qanday ta’sir qilishi mumkin
Pavel Aksenov, BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi:
Gap birinchi navbatda Amerikaning MGM-140 Army Tactical Missile System (ATACMS) ballistik raketalari, shuningdek Britaniya-Fransiya hamkorligida ishlab chiqarilgan Storm Shadow (SCALP EG) qanotli raketalari haqida bormoqda.
Bu raketalar allaqachon Ukrainaga yetkazib berilgan va Rossiya armiyasiga qarshi qo‘llangan, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hududida emas.
Birinchi raketaning yetib borish masofasi 300 kilometrni tashkil etadi, ikkinchisiniki, Ukraina qabul qilgan eksport variantida — 250 kilometr. Storm Shadow Amerika komponentlariga egaligi tufayli, ularning qo‘llanishi uchun ham AQShning ruxsati talab etiladi.
Bundan tashqari, AQShning aviatsiya orqali uchiriladigan va 370 kilometr masofagacha harakatlanadigan AGM-158 JASSM raketalari ham bor — ular hozircha Kiyevga berilmagan, ammo Amerika matbuotida bunday ehtimol muhokama qilinmoqda.
Agar so‘nggi oylarda Qrimda bo‘lgan voqealarni eslasak, Ukraina qurolli kuchlari bunday qurollarni Rossiya hududida aynan qanday qo‘llashini tasavvur qilish mumkin. Yarimorol hududida Qora dengiz floti inshootlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari pozitsiyalari va boshqa harbiy obektlar yuqori aniqlikdagi raketalar hujumiga yo‘liqqan.
Rossiya mudofaa vazirligi ko‘p bor bunday raketalar urib tushirilgani haqida xabar bergan bo‘lsa-da, aslida ularga qarshi kurashish juda qiyin va ular ko‘plab nishonlarga aniq yetib borgan.
Agar Ukrainaga bunday raketalarni Rossiya hududida qo‘llashga ruxsat beriladigan bo‘lsa, bunday zarbalar intensivligi ularning yetkazib berilishiga bog‘liq bo‘ladi, yetkazib berish esa, o‘z navbatida, raketa zaxiralari va ularni ishlab chiqarish sur’atlariga bog‘liq. Bundan tashqari, bu raketalar o‘zi qo‘llanadigan u yoki bu operatsiyaning rejasini belgilaydi.
Rossiyalik harbiy sharhlovchilar ijtimoiy tarmoqlar va matbuotda Rossiyaning ushbu raketalar yetib boradigan radiusda joylashgan harbiy aerodromlarning zaif himoyalanganiga e’tibor qaratgan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu birinchi navbatda taktik aviatsiyaga taalluqli — Ukrainaning quruqlikdagi, asosan, shaharlardagi istehkomlariga jiddiy zarar yetkazish uchun o‘zi boruvchi bombalar uchirayotgan bombardimonchi samolyotlarga.
Agar bu xavf reallashadigan bo‘lsa, samolyotlar ushbu raketalar yetib boradigan masofadan tashqariga ko‘chirilishi mumkin — bu esa parvozlar chastotasiga ta’sir ko‘rsatadi, ammo bunday samolyotlar va bombalardan foydalanishni to‘xtatishga olib kelmaydi.
Havo hujumidan mudofaa komplekslari ishi yanada murakkabroq — ularni ukrain qurollari harakatlanuvchi radius tashqarisiga olib chiqish imkonsiz, chunki ular muayyan obektlarni himoya qilib turibdi. ATACMS yoki Storm raketalarini urib tushirish qiyin, Qrimga yo‘llangan zarbalarga ko‘ra, zenit-raketa komplekslarining o‘zi ularning nishoniga aylanishi mumkin.
Rossiyaning bunday qarorga reaksiyasi qanday bo‘lishi noma’lum.
Hozirga qadar G‘arbdagilar bunday qurollarni Rossiyada qo‘llashga ruxsat berish haddan tashqari kuchli eskalatsiya keltirib chiqarishi va bu Rossiyani, masalan, taktik yadro qurolini qo‘llashga undashi mumkinligidan cho‘chib kelishardi.
Ammo sentabr oyi boshida Britaniya va Amerika razvedka xizmatlari boshliqlari — MI-6 boshlig‘i Richard Mur va MQB direktori Uilyam Byorns — qo‘shma bayonot berib, bunday tahdid aslida g‘arbdagilar o‘ylayotgani kabi real emasligini aytishdi. Uilyam Byorns buni «keraksiz» qo‘rquv deb atagan.
Blinkenning Kiyevga tashrifi
Britan gazetalari AQSh Davlat departamenti boshlig‘i Entoni Blinken bu masalani Kiyevda Volodimir Zelenskiy bilan muhokama qilishini yozgan, u chorshanba kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan birgalikda Ukrainaga tashrif buyurdi.
Bu vaqtda Kongressning Vakillar palatasida qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitadagi respublikachilar guruhi Baydenga maktub yozib, uni Amerikaning Ukraina qurolli kuchlariga yetkazib berilgan uzoq masofali raketalarini Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun qo‘llashga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga chaqirgan.
Murojaatni imzolaganlar qatorida — tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita rahbari Maykl Makkol, qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mita raisi Mayk Rodjyers, doimiy razvedka bo‘yicha qo‘mita raisi Mayk Terner, tashqi ishlar qo‘mitasi Yevropa ishlari bo‘yicha raisi Tom Kin, mudofaa bo‘yicha qo‘mita tarkibidagi xarajatlar bo‘yicha quyi qo‘mita raisi Ken Kalvert va Helsinki komissiyasi a’zosi Richard Hadson bor.
«Bayden — Harris ma’muriyatining ma’nosiz cheklovlari va muhim qurollarni yetkazishdagi kechikishlar Ukrainaga urushni g‘alabali yakunga olib borishiga xalal bermoqda, — deyilgan maktubda. — Ma’muriyat allaqachon yo‘nalishni o‘zgartirishi va Ukraina AQSh yetkazib berilgan qurollardan Rossiyadagi qonuniy nishonlardan foydalanishiga qo‘yilgan qolgan cheklovlarni ham olishi lozim».
Murojaat mualliflari fikricha, amaldagi cheklovlar «Ukraina Rossiya qo‘zg‘agan tajovuzkor urushda g‘alaba qozonish imkoniyatlariga to‘sqinlik qilmoqda», chunki bu cheklovlar Rossiya qo‘shinlari «Ukrainaga qandaydir javobdan qo‘rqmasdan hujum qilish mumkin bo‘lgan xavfsiz zona»ga ega bo‘lishini ta’minlamoqda.
«Rossiyada Ukrainaga qarshi harbiy jinoyatlarini jazosiz sodir etishi mumkin bo‘lgan xavfsiz hududga ega bo‘lmasligi kerak», — deya qayd etishgan murojaatni imzolagan siyosatchilar.
Maktub mualliflari, eskalatsiya borasidagi «urushning ilk kunlaridan buyon chippakka chiqib kelgan» xavotirlarga qo‘shilmasligini bildirishgan.