Armanistonda davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olindi
Tergov versiyasiga ko‘ra, «qurolli to‘ntarish orqali hokimiyatni egallab olishga uringan» Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ fuqarolari oyiga 220 ming rubldan to‘lash va’dasi ostida og‘dirib olingan.
Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati «qurolli to‘ntarish orqali hokimiyatni egallab olishga urinishning» oldini oldi. Bu haqda mamlakat Tergov qo‘mitasi bayonotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, davlat to‘ntarishiga tayyorgarlikda Armanistonning besh nafar, Tog‘li Qorabog‘ning ikki nafar sobiq fuqarosi hamda «shaxsiga aniqlik kiritilmagan»lar ishtirok etgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, 2024 yil davomida ular Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ fuqarolarini oyiga 220 ming rubldan to‘lash va’dasi ostida o‘zlariga og‘dirib olgan. Bu pullar evaziga ular Rossiya uch oylik yig‘inda qatnashib, yangi turdagi og‘ir qurollar bilan tanishish, ulardan foydalanish, jangovar navbatchilikni o‘tash kabi ko‘nikmalarini shakllantirishi kerak bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasining ta’kidlashicha, og‘dirib olingan shaxslar Rostov-Donga yuborilgan, u yerda siyosiy qarashlarini aniqlashtirish maqsadida hatto poligraf yordamida tekshiruvdan o‘tkazilgan. Shundan keyin ular «Arbat» nomli harbiy bazaga joylashtirilib, jangovar tayyorgarlik boshlab yuborilgan.
«Ularga o‘quvlarning maqsadi — Armaniston Respublikasiga qaytish va amaldagi hukumatni ag‘darish ekani aytilgan», — deyiladi xabarda. Og‘dirib olingan shaxslarning bir qismi bu maqsadda Armanistonga qaytishdan bosh tortgan, qolganlari «jinoyatini oxiriga qadar yetkaza olmagan».
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda uch kishi qo‘lga olingan, yana to‘rt kishiga qidiruv e’lon qilingan.
Armaniston Tergov qo‘mitasi xabariga Ukrainadagi urushda ishtirok etayotgan «Arbat» bataloni rahbari, «Vagner» XHKning sobiq yollanma jangchisi Ayk Gasparyan izoh bergan. Uning fikricha, Armaniston hukumati «respublika siyosiy hayotidagi o‘z omadsizliklarida xalqni chalg‘itishga urinmoqda». Gasparyanning ta’kidlashicha, uning bataloni Armanistonda faoliyat yuritmagan, bu faqat «arman xalqi tashqi dushmandan yordam so‘rab, murojaat qilsagina» ro‘y berishi mumkin.
Mavzuga oid
10:10 / 09.10.2024
RF chegarachilari Armaniston va Eron chegarasini qo‘riqlashni to‘xtatadi
20:10 / 02.10.2024
O‘zbekistonlik xokkeychilar ilk marotaba jahon chempionatida ishtirok etadi
20:16 / 27.09.2024
Armaniston Boku bilan tinchlikka erishish uchun Konstitutsiyasini o‘zgartirishga tayyor
22:12 / 25.09.2024