Jahon | 20:54 / 20.09.2024
12060
7 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi 2024 yilgi saylovlar: so‘rovlar nimani ko‘rsatmoqda?

AQShda saylovchilar keyingi prezidentni saylash uchun 5 noyabr kuni saylov uchastkalariga chiqishadi. Avvaliga saylovlar 2020 yilda ham prezidentlikka raqobatlashgan demokrat Jo Bayden va respublikachi Donald Tramp o‘rtasidagi revansh-bahsga aylanishi kutilgandi. Ammo iyulda vaziyat o‘zgardi: Bayden poygadan chiqishga qaror qildi va vitse-prezident Kamala Harris nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: BBC

Saylov kuni yaqinlasharkan, BBC ushbu mamlakatdagi saylovoldi kampaniyasi Oq uy uchun kurashga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatish uchun so‘rovlarni kuzatdi.

Milliy so‘rovlarda kim yetakchilik qilmoqda?

Quyidagi diagrammada ko‘rsatilganidek, Demokratik partiya nomzodi Kamala Harris umummilliy so‘rovlarda, o‘rtacha hisobda Trampni biroz ortda qoldirgan (so‘rovlardagi so‘nggi ma’lumotlar eng yaqin butun songa yaxlitlangan).

So‘rovlarga ko‘ra, prezident Bayden poygadan chiqish haqidagi qarorini e’lon qilishidan oldingi oylar davomida sobiq prezident Trampdan ortda qolayotgandi. O‘sha vaqtda Harrisning nomzodiga jiddiy e’tibor qaratilmagan, ammo unda ham ishlar yaxshi bo‘lmaydi, deb taxmin qilingandi.

Ammo uning nomzodi ilgari surilgach, vaziyat o‘zgardi va so‘rovlar Harris o‘z raqibidan kichik ustunlikka egaligini ko‘rsata boshladi; bu farq hozirga qadar saqlanib qolmoqda.

10 sentabr kuni ikki nomzod Filadelfiyada debat o‘tkazdi, buni ABC telekanali efirida 67 milliondan ortiq kishi jonli ravishda kuzatdi. Debatlar tugashi bilanoq e’lon qilingan bir necha so‘rovlar tomoshabinlarning ko‘pchiligi Harris yaxshiroq qatnashdi, degan fikrda ekanini ko‘rsatdi.

Shundan keyingi vaqt davomida o‘tkazilgan umummilliy so‘rovlarning ko‘pchiligi Harris o‘z pozitsiyalarini biroz yaxshilagani va o‘rtacha ko‘rsatkich jiddiy o‘zgarmagan bo‘lsa-da, uning ustunligi biroz ortganini ko‘rsatgan — debatlar kunidagi 2,5 punktdan bir hafta ichida 2,9 punktgacha.

Bunday kichik o‘sish asosan Trampning ko‘rsatkichlari pasayishi hisobiga bo‘lgan. Debatdan oldin uning o‘rtacha ko‘rsatkichi o‘sib borgandi, ammo debatdan keyingi bir hafta davomida yarim foizga kamaydi.

Bunday kichik o‘zgarishlarni quyidagi so‘rovnomalar jadvalida ham ko‘rish mumkin: chiziqlar o‘rtacha ko‘rsatkichlar qanday o‘zgarib borgani, nuqtalar esa har bir nomzod uchun alohida so‘rovlardagi natijalarni ifodalaydi.

Umummilliy so‘rovlar — nomzodning mamlakat bo‘ylab mashhurligi indikatori bo‘lsa-da, doim ham ularga qarab saylovlar natijalarini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Bu AQShda saylovchilar hay’ati tizimidan foydalanilishi bilan bog‘liq, unga ko‘ra, har bir shtat o‘z aholisi soniga qarab ovozga ega bo‘ladi. O‘rtaga jami 538 delegat ovozi qo‘yiladi, shuning uchun nomzod g‘alaba qozonish uchun kamida 270 delegat ovozini olishi talab etiladi.

AQShda 50 shtat bor, ammo ularning aksari qaysi partiyaga ovoz berishi oldindan ma’lum bo‘ladi, amalda har ikki nomzodda ham g‘oliblik uchun imkoniyat bo‘lgan bir necha shtat mavjud. Bunday «ikkilanuvchi» shtatlar, qoidaga ko‘ra saylovlar taqdirini ham hal etadi.

Ikkilanuvchi shtatlarda kim ustunlik qilmoqda?

Hozirda yettita bunday shtatda ikki nomzodning ham natijalari bir-birinikiga yaqin, shuning uchun poygada amalda kim yetakchilik qilayotganini aniq belgilash qiyin.

Shtatlardagi so‘rovlar umummilliy so‘rovlardan kamroq, shuning uchun jurnalistlardagi ma’lumotlar ham kamroq. Qolaversa, bu so‘rovlarda bo‘ladigan muqarrar noaniqliklarni ham hisobga olish lozim bo‘ladi.

So‘nggi so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bir necha shtatlarda nomzodlarni bir yoki undan kam punkt ajratib turibdi. Jumladan, muhim shtat hisoblanadigan va ovozlar soni ko‘proq bo‘lgan Pensilvaniyada ham.

Trampdan farqli o‘laroq, Kamala Harris ko‘plab saylovchilarga uncha yaxshi tanish emasdi. Foto: Getty Images

Qachonlardir Pensilvaniya, Michigan va Viskonsin demokratlarning tayanch hududlari bo‘lgan, ammo 2016 yilda ular Tramp uchun ovoz berishadi. 2020 yilda Bayden bu shtatlarda g‘alabaga erishdi va agar Harris ham uning muvaffaqiyatini takrorlay olsa, uning g‘alabasi yaqinroq bo‘ladi.

Hozircha Harris Trampni yettita ikkilanuvchi shtatdan to‘rttasida ortda qoldirmoqda: Nevada, Pensilvaniya, Michigan va Viskonsinda (oxirgi ikkitasida — 2 va 3 foiz farq bilan). Shimoliy Karolina, Jorjiya va Arizonada sobiq prezidentning ustunligi bir foizga yaqin.

Bu o‘rtacha ko‘rsatkichlar qanday hosil qilingan?

Raqamlar Amerikaning ABC News yangiliklar tarmog‘ining bir qismi sanaladigan «538» so‘rovlar tahlili saytidan olingan.

Ularni yaratish uchun «538» ko‘plab sotsiologik kompaniyalar milliy miqyosda ham, alohida shtatlarda ham o‘tkazgan alohida so‘rovlardan ma’lumotlarni yig‘adi.

«538» o‘z statistikasiga faqat ma’lum mezonlarga mos keladigan so‘rovlarni kiritadi. Masalan, ularning mualliflari qancha odamdan javob olingani, so‘rov qachon o‘tkazilgani va qanday o‘tkazilgani (telefon qo‘ng‘iroqlari, matnli xabarlar, onlayn va hokazo) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lishi kerak.

Demokratlardan Harrisning nomzodi ko‘rsatilishi Trampga muvaffaqiyatsiz suiqasd mavzusini ikkinchi planga o‘tkazdi

So‘rovlarga ishonsa bo‘ladimi?

Ayni vaqtda so‘rovlar ko‘rsatmoqdaki, Kamala Harris va Donald Trampni milliy miqyosda ham, ikkilanuvchi shtatlarda ham bir-biridan ikki foizlik farq ajratib turibdi — ko‘rsatkichlar bunchalik yaqin bo‘lganida g‘olibni oldindan aytish juda qiyin bo‘ladi.

So‘rovlar 2016 yilda ham, 2020 yilda ham Trampni qo‘llash darajasini to‘g‘ri baholay olmagandi.

So‘rovlarni o‘tkazadigan kompaniyalar bu muammoni turli yo‘llar bilan hal etishga urinadi, jumladan, aholining aynan saylovlarda faol qatnashadigan qatlamida so‘rov o‘tkazish orqali.

Ammo bunday tuzatishlar ham natijalar ishonchliligiga 100 foiz kafolat bermaydi, chunki 5 noyabr kuni uchastkaga kimlar kelishini faqat o‘sha kuni bilish mumkin.

Hozircha esa sotsiologlar faqat ko‘proq yoki kamroq asoslangan prognozlar berishi mumkin.

Saylov kuni noyabrda kelsa-da, ayrim hal qiluvchi shtatlarda, jumladan, ulardan eng muhimi Pensilvaniyada ham sentabrdayoq muddatdan oldin ovoz berish jarayonlari boshlandi.

Mavzuga oid