«Faqat piyoda qochish mumkin edi» - ukrain jangchilari Vuhledardan chiqish haqida
Rossiya Vuhledarni egalladi. Shahar yo‘qotilishi Ukraina uchun nimani anglatadi?
Ukraina mudofaa kuchlari chorshanba kuni Vuhledar tashlab chiqilgani to‘g‘risida rasman ma’lum qildi. Rossiyalik harbiylar bir kun oldin Donetsk oblasti janubi-g‘arbidagi mazkur shahar egallangani haqida xabar bergandi. «Hortitsa» operativ-strategik qo‘shin guruhi ma’lumotiga ko‘ra, qurshov xavfi tufayli ukrain hariylarini shahardan olib chiqishga qaror qilingan.
Bir yil oldin Vuhledar boy berilishi ukrain armiyasi uchun og‘ir zarba bo‘lib, uni sharqiy frontda ham, janubiysida ham mudofaa konfiguratsiyasini o‘zgartirishga majbur qilgan bo‘lardi.
Mazkur qal’a shahar Ukraina qurolli kuchlarining Toretsk — Nyu York — Avdiyivka — Maryinka — Vuhledar — Velika Novosilka va keyin Zaporijjya shaharlari bo‘ylab o‘tgan yirik istehkomlari zanjirini tashkil etardi.
Ushbu shaharcha ahamiyatini (urushga qadar 15 ming kishi yashagan) Rossiya armiyasi Ukrainaga bosqinning ilk davridan uni egallashga qattiq harakat qilganidan ham bilish mumkin. Bu urinishlar muvaffaqiyatli yakunlanadigandek ham ko‘ringandi — 2022 yil noyabrida rossiyalik harbiylar Vuhledar janubi-g‘arbidagi Pavlovka posyolkasi tomondan yaqinlashib keladi. Ammo shundan keyin amalga oshirilgan ko‘plab yopirilma hujumlarning barchasi rossiyaliklar uchun yirik yo‘qotishlar bilan yakunlanadi.
Katta ehtimol bilan, ukrain qo‘mondonligi Vuhledarni nafaqat tayanch punkti, balki Donetskni janubdan aylanib o‘tib Dokuchayevsk yoki Volnovaxaga, shuningdek 2023 yil yozida janubiy frontdagi yurish muvaffaqiyatli chiqqan holda Mariupolga hujumga o‘tish uchun platsdarm sifatida ham ko‘rgan. Shu tufayli bu yo‘nalishga eng jangovar bo‘linmalar tashlangan.
Ammo ukrainlarning janubdagi yurishi o‘z maqsadlariga erisha olmadi, Rossiya armiyasi esa asosiy kuchlarini Donetsk oblastida jamlab, Ukraina qurolli kuchlarining asosiy tayanch punktlari tomon birin-ketin qonli amaliyotlar boshladi.
2024 yil kuziga kelib Donbass frontidagi vaziyat jiddiy o‘zgardi. Ukraina Avdiyivka, Maryinka, Krasnohorivka, Nyu Yorkni boy berdi, Toretsk ham qulash arafasida, Rossiya qo‘shini Pokrovsk tomon yurishni davom ettirmoqda, Chasiv Yar shturm qilinmoqda, ukrainlarning Kupyansk yo‘nalishidagi platsdarmi asosiy yerdan ajratib qo‘yilishiga yaqin qolgan.
Shu tufayli Vuhledar mudofaa zanjiridagi muhim element sifatidagi ahamiyatini ham yo‘qotib ulgurgan.
Shahar taqdiri hal bo‘lgani sentabr oyi o‘rtalaridayoq ma’lum bo‘lib ulgurgandi, o‘shanda Rossiya qismlari bir vaqtning o‘zida o‘ng qanotda ham (Vodyane hududida), chap qanotda ham (Prechistovka) yorib o‘tdi.
Vuhledar atrofidagi halqa toraya boshladi, Rossiya artilleriyasi va dronlar shimolga chekinish uchun Bogoyavlenka tomon boruvchi so‘nggi yo‘lni olov nazoratiga olganida esa, Vuhledardagi garnizon qurshovga tushish ehtimoli reallashdi — bu kamida 2 mingga yaqin askardan iborat brigada edi.
Harbiy ekspertlar va janglarda Ukraina tomonida turib ishtirok etayotganlar Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi shahardan chiqishga buyruq berishda hayalladi deb hisoblamoqda. Harbiy harakatlar hududidan kelgan xabarlarga ko‘ra, so‘nggi uch-to‘rt kunda ukrain qismlari reja bo‘yicha shahar janubiy chekkalaridan markazga chekinib,
arergard janglari olib borish va qanotlarni ushlab turish bilan shug‘ullangan.
1 oktyabr kuni avvaliga shahar g‘arbida, keyin markazidagi vayron bo‘lgan binolarda Rossiya bayroqlari ilingani aks etgan kadrlar tarqalganida barchasi aniq bo‘ldi. Rossiyalik harbiylashgan blogerlar tantana qilishdi; ammo videolardagi Rossiya harbiylari erkin harakatlangani shaharda Ukraina qurolli kuchlarining yirik bo‘linmasi yo‘qligi, ular shimolga ketganini anglatardi. Bu esa qurshov ham amalga oshmaganini bildiradi.
«Dushmanning harakatlari natijasida shahar qurshovda qolishi xavfi paydo bo‘ldi. Oliy qo‘mondonlik shaxsiy tarkib hamda jangovar texnikalarni saqlab qolish maqsadida bo‘linmalarni olib chiqish bo‘yicha manyovrni amalga oshirib, keyingi harakatlarni olib borish uchun qulayroq pozitsiyalarni egallashga ruxsat berdi», — deyilgan Ukrainaning «Hortitsa» qo‘shinlar guruhi qo‘mondonligi 2 oktyabr kuni tarqatgan ma’lumotnomada.
3 oktyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Vuhledar bo‘yicha izoh berdi. «Ular bizning odamlar, Ukraina fuqarolari, shuning uchun ular ketishi va o‘zini saqlashi to‘g‘ri bo‘ldi», dedi Zelenskiy Kiyevga kelgan NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte bilan birgalikdagi matbuot anjumanida. U Ukraina Rossiya tajovuzidan himoyalanish uchun uzoq masofali qurollar bilan Rossiya ichkarisiga zarba berish huquqiga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan.
Bu yo‘nalishdagi voqealarning keyingi rivojini prognoz qilish qiyin. Vuhledardan Donetsk oblastining ma’muriy chegaralarigacha — o‘rtacha 30-40 km masofa bor va bu hududda yirik aholi yashash punktlari yo‘q.
«Chekinish tashkillashtirilmaganida, xaos boshlanadi». Ukrain jangchilari — Vuhledardan chiqish haqida
BBC muxbiri Abdujalil Abdurasulov Ukraina qurolli kuchlarining Vuhledarni ikki yildan ortiq vaqt himoya qilgan va endi shimoldagi pozitsiyalarga chekingan 72-brigadasi jangchilari bilan gaplashdi.
Ularning tasdiqlashicha, bo‘linma Vuhledardan so‘nggi shturm boshlanishidan oldinroq, chekinish haqidagi buyruqni kutmasdan chiqishni boshlagan.
Suhbatdoshlardan biri, shaxsi sir qolishini so‘ragan pulemyotchi so‘nggi kunlarda ukrain jangchilari Vuhledardan mustaqil ravishda piyoda chiqib olishiga to‘g‘ri kelganini aytgan.
Roman ismli ikkinchi suhbatdoshning aytishicha, shahar xarobalaridan chiqishga urinish vaqtida ko‘plab askarlar Rossiya dronlari va artilleriyasi zarbalari oqibatida halok bo‘lgan yoki yaralangan, shuningdek ko‘pchilik bedarak yo‘qolgan.
Sentyabr oyining so‘nggi kunlarida rossiyaliklar g‘arbdan Vuhledarni front ortidagi Bogoyavlenka qishlog‘i bilan bog‘lovchi oxirgi yo‘lga juda yaqin kelishgan va garnizon yarim qurshov holatiga tushib qolgan: rossiyaliklar dronlar va artilleriya bilan ushbu yo‘lda harakatlangan barcha narsani o‘qqa tutgan.
«Olib ketishga harakat qilishdi 200- va 300-chilarni [o‘lganlar va yaralanganlar] olib chiqish uchun evakuatsiya ekipajlari yuborishdi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchraldi. Bir necha mashina yo‘qotildi, shu bilan to‘xtashdi», — degan Roman.
Rossiyaliklar shaharga kirishganida ukrain qismlari buyruqni kutmasdan keta boshlagan.
«Chekinish tashkil etilmagan holatda xaos boshlanadi, bu urushning tabiiy qoidasi», — deydi pulemyotchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim guruhlar radioaloqa yo‘qligi uchun qo‘mondonlik bilan uzilib qolgan va mustaqil qaror qabul qilishiga to‘g‘ri kelgan, bu esa chekinish qarori bo‘lgan.
Romanning aytishicha, ularning mustahkam pozitsiyalari Rossiya bombalari, snaryadlari va raketalari bilan vayron qilingan hamda bunday holatda pozitsiyalarni tashlab chiqishga to‘g‘ri kelishi muqarrar edi.
«Pozitsiyada yolg‘iz qolganda va senga hamma narsadan otishayotganida qanday jang qilish mumkin? Yoki halok bo‘lish, yoki chekinish», — deya tushuntiradi Roman.
Ammo deyarli qurshab olingan shahardan chiqib olish ham juda xavfli edi. Kun yorug‘ida bunga harakat qilish o‘zini o‘ldirish bilan barobar bo‘lgan.
Ukrainalik askarlar asosan tunda, muntazam o‘qqa tutib turilgan Bogoyavlenka yo‘lidan yurmaslik uchun minalangan dalalar bo‘ylab, belgilangan izlar orqali ketishga harakat qilgan.
«Yaqin vaqtgacha evakuatsiya mashinalari qorong‘ida chiroqlarini yoqqan holatda yurishi mumkin edi. Ammo Rossiya qo‘shini shahar markaziga ketib kelgach, faqat piyoda holatda qochish mumkin bo‘lib qoldi», — degan Roman.
«Bu nimaligini bilmayman: oliy qo‘mondonlik qarshisidagi qo‘rquv yoki oliy qo‘mondonlikning oddiy yigitlar qoni evaziga oxirigacha cho‘zish buyrug‘imi. Barchamiz uchun bu tushunarsiz qoldi», — deydi pulemyotchi.
Vuhledardan chekinish ukrain armiyasidagi asosiy muammolarni ko‘rsatib berdi — AR
Amerikadagi Associated Press axborot agentligi Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastidagi strategik muhim shahar Vuhledardan chekinishi bo‘yicha tahliliy maqola e’lon qildi.
Maqola mualliflari fikricha, bu hududdagi vaziyat ukrain harbiylari urushning hozirgi bosqichida boshlan kechirayotgan barcha asosiy muammolarni ko‘rsatib bergan.
AR jurnalistlari Vuhledar qulashi sabablaridan biri sifatida AQSh Ukraina qurolli kuchlariga g‘arbning uzoq masofali qurollari bilan Rossiya ichkarisiga zarba berishga ruxsat bermayotganini keltirgan. Bu esa RF armiyasiga havodagi hukmronlikni saqlab olib, yo‘naltiriluvchi aviabombalardan keng foydalanishiga imkon bergan, Ukraina esa hozircha bunga qarshi samarali chora topa olmayapti.
Bundan tashqari, Ukrainadagi safarbarlik hozircha Ukraina qurolli kuchlari saflarini Rossiya yurishini samarali to‘xtatishi mumkin bo‘lgan yangi askarlar bilan to‘ldira olmayapti.
«Rossiyaliklarning asosiy taktikasi — bizni qanotlardan o‘rab olish va ular olti yoki yetti oydan buyon muntazam ravishda havo zarbalari berib shu maqsadda harakat qilmoqda. Bunday taktika ularga bizning resurslarimizni tugatishga imkon berdi», — degan AR nashriga Ukraina qurolli kuchlarining 72-brigadasi matbuot kotibi Arseniy Prilipka.
Agentlikning yozishicha, hozirda Rossiya qo‘shini Ukrainaga kuniga o‘rtacha 120 ta yoki oyiga o‘rtacha 3 mingta aviabomba tashlamoqda. Shu bilan birga, Rossiyaning qo‘mondonlik va logistik markazlari, shuningdek aerodromlari ukrain kuchlari yetib bora olmaydigan masofada qolmoqda, chunki AQSh hamon RF hududi bo‘ylab zarbalar berishdagi cheklovlarni olib tashlashdan bosh tortmoqda, deb hisoblaydi mualliflar.
«Biz dinamikani o‘zgartira olmaymiz, rossiyaliklar esa bosimni davom ettirmoqda», — degan agentlikka Ukraina qurolli kuchlari uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi «Reaktivnaya pochta» nodavlat tashkiloti asoschisi Pavel Narojniy.
Prilipkaning so‘zlariga ko‘ra, Vuhledarni tashlab chiqish qarori shaharni himoya qilish imkonsiz bo‘lib qolganidan keyin qabul qilingan. Bungacha 72-brigada ikki yil davomida rotatsiyasiz jang qilishiga to‘g‘ri keldi.
«Rossiyaliklar mudofaamizda zaif nuqtalarni topish va shaharga kirish uchun doimiy ravishda paypaslab ko‘rdi. Va o‘z yurishi davomida ular shaharni butunlay vayron qilishga harakat qildi. Biz doimiy ravishda zarba ostida turdik», — degan 72-brigada vakili.
Mavzuga oid
15:13
Blinken: Ukraina kurashish yoki muzokara o‘tkazish haqida bir qarorga kelishi kerak
11:41
Rossiya va Ukraina halok bo‘lgan harbiylar jasadini almashdi
08:38
FT: Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga va’da berdi
23:32 / 20.12.2024