AQSh Isroilga muhlat berdi. Yaqin Sharq taqdirida hal qiluvchi oy boshlandimi?
Yaqin Sharq dramasi davom etadi, agar Isroil G‘azoga gumanitar yordamni kuchaytirmasa AQSh ittifoqdoshiga qurol eksportini cheklash bilan tahdid qildi. Biroq Vashington shunga qaramay Tel-Avivga raketalar hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtiryapti. Eron va Isroilning o‘zaro ritorik tahdidlari darajasi esa ortib boryapti. Kun.uz “Geosiyosat”da Yaqin Sharqdagi vaziyatni ekspertlar Shavkat Ikromov va Nurislom Ahmadjonov bilan tahlil qildi.
AQSh Isroilni ogohlantirib 1 oy muhlat berdi, Yaqin Sharq taqdirida hal qiluvchi oy boshlandi deyish mumkinmi?
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni inobatga olib, bu ham bir ritorik bosim bo‘lishi mumkin deya olaman, degan fikrlarni keltiradi tahlilchi Shavkat Ikromov. “Chunki AQSh Isroilda qaytadan qurollantirish va mudofaa ishlarini olib bormoqda. Bu ham AQShning keyingi oyda ham Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga ishora. Bayden hokimiyatga kelgan davrdan toki hukumatining oxirgi kunlarigacha Isroilni qo‘llashga harakat qilmoqda, ammo Netanyahu Baydenning nazoratidan chiqib ketib, unga bo‘ysunmay qo‘ydi. Hozir Netanyahu va Bayden o‘zaro maslahatlashmay qo‘yishdi ham. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda bu ham amaliy samara berishi qiyin jarayon”.
Isroil tanklari BMT bazalariga kirishidan aniq maqsad nima?
Tahlilchi Shavkat Ikromov BMT kuchlarining 1978 yil Arab-Isroil urushi davrida joylashtirilganini va ular urushlarning oldini olish ishlariga safarbar qilinganini ta’kidladi. Shuningdek, ularning barchasi ham harbiy askar yoki harbiylardan iborat emasligi aytib o‘tildi. “Ular Livan tomonda yoki Isroil tomonda turib jang qilishi mumkin emas. Lekin Netanyahu ushbu kuchlar “Hizbulloh” bilan kelishib olib o‘z vazifasini bajara olmayapti degan da’vo bilan chiqmoqda. BMT esa bu da’volarni rad etib, qo‘shin olib chiqib ketilmasligini ta’kidlamoqda. “Hizbulloh” bilan bo‘lgan jangdan keyin Isroil qo‘shinlari yaralangan isroillik askarlarni olib chiqib ketish uchun BMT bazalariga kirganini izohlagan, ammo Isroilning ittifoqchisi Italiya ham bu jarayon buzib kirish bo‘lgani va Isroil bunga javob berishi kerakligini ta’kidlamoqda. Aslida ham bu buzib kirish holati menimcha. 2023 yil oktyabrdan beri Isroil xalqaro huquq normalarini buzib kelmoqda va Netanyahu AQSh boshqaruvidan ham chiqib ketdi. Endi Netanyahuni faqat o‘zigina to‘xtata oladi”.
Eronning neft omborlariga hujum qilinishi qanday global oqibatlarga olib keladi degan savolga ekspert Nurislom Ahmadjonov atroflicha javob beradi: “ Eron urush ichida bo‘lsa ham, bu uning neft eksportiga deyarli ta’sir ko‘rsatmayapti. Buni Eronning asosiy neft eksport qiluvchi hamkori Xitoy bilan aloqalarida ko‘rish mumkin. Bu hozircha barqaror o‘rinlarda ketmoqda. Bayden yaqinda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga neft narxining oshib ketish masalasi muammo tug‘dirmasligi uchun ham telefon orqali Netanyahu bilan suhbatlashib, Erondagi neft bazalariga hujum qilmaslikni yumshoqlik bilan tushuntirib o‘tdi. Isroil hukumati esa davlat manfaatlariga mos kelmagan har qanday holatda keskin hujum uyushtirishi mumkinligini aytdi. Isroil Eronning dunyo hamjamiyatiga neft yetkazib beruvchi bazalariga emas, ichki bazalariga zarba berishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Fors ko‘rfazida joylashgan Quziston viloyatidagi Xark orolida eng katta neft zaxiralari to‘plangan. Eronning 90 foiz neft zaxirasi shu yerda joylashgan. Isroil bu hududga emas, Obodon neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilishi mumkin. Chunki bu zavod Eronning ichki neftni qayta ishlash bazasi hisoblanadi. Eronning yadroviy masalalar bo‘yicha agenti Behruz Navalan Eron bu kabi hujumlarga tarixan duch kelgani va o‘zini tezda o‘nglab olganini ta’kidladi. Haqiqatan 1980-1988-yillarda Eron-Iroq urushi davrida ham aynan Xarkdagi neft bazalariga hujum uyushtirilgan. Ammo Isroil Xurmuz bo‘g‘ozidagi neft kanalini yopib qo‘yishi va bu orqali Xitoyga Eron tomonidan neft eksportining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ammo Eron bu borada ham eksport yo‘llarini topishi mumkin. Bu esa o‘tgan haftada Ummon va Bangladeshga neft tankirlarini yuborgani bilan belgilanadi”.
Shavkat Ikromov esa Isroilning hozirgi sharoitda Erondagi nodavlat tashkilotlari bilan urush olib borayotganini inobatga olib, katta ko‘lamdagi urush harakatlarini olib borish ehtimoli kam degan fikrni aytib o‘tadi. Shuningdek, Isroilning qaqshatqich zarba berish haqidagi fikrlari ritorik gapligicha qolishi mumkinligi, bu zarba Erondagi guruhlarning yetakchilariga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkinligi ham ta’kidlanadi. “Isroil Eronning ichki neft tarmoqlarini ishdan chiqarish uchun hujum uyushtirishi mumkin, ammo Eron bu kabi ssenariylarga dosh bera oladi va o‘zini tiklab oladi. Isroil Xurmuzga hujumni amalga oshirib, ko‘plab ko‘rfaz davlatlari iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli ham Isroilni bundan qaytarib turuvchi kuchlar anchagina”.
Voqealar ko‘lami shunday tus olar ekan, Eron-Islom korpusining sobiq kotibi Ibrohim Rustamiy ularda yadrodan ham kuchliroq qurol bor degan fikrni aytgan. Balki ular g‘oyaviy kuchlarni nazarda tutgan. Bunga tahlilchi Nurislom Ahmadjonov quyidagicha fikr bildiradi:
“Agar Eronning neft bazalariga Isroil tomonidan hujum uyushtirilsa, Eronda yadroviy quroldan ham kattaroq boshqa qurol borligi shunchaki Utopiya bo‘lishi mumkin va bu harakatlar dushmanni cho‘chitish uchun qilinayotgan harakatlar deb aytish mumkin”. Bu masalaga Shavkat Ikromov ham ritorik gap sifatida baho beradi va Isroil va AQSh hozirda keng ko‘lamdagi urushga tayyor emasligini ta’kidlaydi. Amerika Isroilga havodan mudofaa tizimlarini yuboryapti. Bu Isroilning “Moviy gumbaz” himoya tizimi ishdan chiqqanini bildiradimi yoki Eron bilan urushga tayyorgarlikmi degan savolga Shavkat Ikromov AQSh bu ishni Isroilning yonida ittifoqchi ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun qilmoqda deydi. Shuningdek “Moviy gumbaz” himoya tizimi bugungi kunda 100 foizlik potensial bilan ishlamoqda. Undan kuchliroq mudofaa tizimi hali ishlab chiqilmadi. AQSh Isroilga mudofaa tizimlarini qaytadan yuborishiga sabab Bayden prezidentlik vakolatining so‘nggi kunlarida ham Isroilni qo‘llayotganini barchaga ko‘rsatish uchun bu ishni qilmoqda”.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:00
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
17:37
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
11:15
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
10:46