Jahon | 20:47 / 19.10.2024
2270
3 daqiqa o‘qiladi

Yahyo Sinvar tank zarbasi emas, boshidan o‘q yeyishi oqibatida halok bo‘lgan – OAV

HAMAS yetakchisining o‘limi haqidagi tibbiy ma’lumotlarni uning jasadini ochib ko‘rgan mutaxassis oshkor etdi.

Foto: Shutterstock

Isroil Milliy sud-tibbiyot markazi bosh patologoanatomi Xen Kugel HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar boshidan o‘q yeb o‘lganini aytdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Jasadni ochib ko‘rgan mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, Sinvarda boshqa og‘ir jarohatlar bo‘lsa-da, uning o‘limiga aynan boshidagi o‘q sabab bo‘lgan.

Avvalroq, Isroil harbiylari Sinvar yashiringan bino tankdan o‘qqa tutilgani oqibatida HAMAS yetakchisi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

«O‘limga bosh qismidagi o‘q jarohati sabab bo‘lgan. Uning boshida o‘q bor va og‘ir miya jarohati bor», dedi Sinvarning o‘lim haqidagi guvohnomasini imzolagan Kugel.

Kugelning xulosalariga izoh bergan Isroil armiyasi vakili oldin o‘zaro otishma bo‘lganini va jang Isroil harbiylari binoni tankdan o‘qqa tutganidan keyin yakunlanganini aytdi. Isroil armiyasi hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash ustida ishlamoqda, deb tushuntirdi u.

Kugel o‘z xulosasida jasadni tekshirishga asoslangan tahlilga tayanganini aytdi.

«Bu men jasadda topganlarimga asoslanadi», dedi Kugel. «Uning boshqa jarohatlari ham bor, masalan, snaryad bo‘lagidan yelka jarohati, chap oyog‘iga tosh tushishi oqibatidagi jarohat, ko‘kragiga qadalgan ko‘plab mayda bo‘laklar. Ular og‘ir jarohat yetkazgan. Ammo o‘limga bosh qismidagi o‘q jarohati sabab bo‘ldi».

Sinvar o‘limining taxminiy vaqti haqida so‘ralganda, Kugel 16 oktyabr kuni kechqurun, ehtimol, jasad tekshiruvga keltirilganidan 24 soat oldin bo‘lganini aytdi.

CNN xabariga ko‘ra, Sinvarning jasadi Isroilda maxfiy joyda saqlanmoqda va rasmiylar uni garovdagi isroilliklarga almashishni ma’qul ko‘rmoqda.

Isroil armiyasi HAMAS yetakchisi, 61 yoshli Yahyo Sinvarning o‘limi haqida 17 oktyabr kuni xabar berdi. Uning o‘limidan keyin HAMAS Siyosiy byurosi rahbari vazifasini Xolid Mashal bajara boshladi.

Mavzuga oid