Jahon | 19:25 / 22.10.2024
9382
9 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask amerikalik saylovchilarga pul tarqatmoqda. Bu qonuniymi?

5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Donald Trampni faol qo‘llayotgan milliarder Ilon Mask uning so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi petitsiyasiga imzo chekkan, «ikkilanuvchi» shtatlarda ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarga pul to‘lashga qaror qildi. Huquqshunos ekspertlarda bu tashabbus savollar tug‘dirmoqda, ammo bu qanchalik qonuniy yoki noqonuniy, Mask qonunlardagi lazeykalardan foydalanyaptimi — ularda bunga yagona javob yo‘q.

Ayrim mutaxassislar fikricha, bunday harakatlar AQShdagi saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlaydigan qonunlarga zid kelishi mumkin.

AQShda saylovda ovoz berish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi. Ikki nomzod, Kamala Harris va Donald Tramp lagerlari o‘z tarafdorlarini ro‘yxatdan o‘tishga va saylovga borishga chaqirmoqda.

BBC Ilon Mask va uning xodimlariga izoh olish uchun so‘rov yuborgan va javob kutmoqda.

Har kuni million yutuq. Mask nima taklif qilmoqda?

So‘z erkinligi va qurol olib yurish huquqini qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi petitsiyani America PAC tashkiloti tuzgan — bu Maskning Trampni saylovda qo‘llash uchun boshlagan loyihasi.

«Ikkilanuvchi» shtatlardan beshtasi — Jorjiya, Nevada, Arizona, Michigan, Viskonsin va Shimoliy Karolinada — petitsiyani imzolagan hamda o‘z tanishini saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishga va petitsiyani imzolashga ishontirgan har bir kishiga 47 dollardan beriladi.

Pensilvaniya shtatida ko‘proq to‘lanadi — imzolagan va «do‘stini olib kelgan» har bir odamga 100 dollardan. Ikki lagerdagilar ham Pensilvaniyadagi ovoz berish yakunlari saylovning umumiy natijasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, o‘tgan dam olish kunlaridan boshlab 5 noyabrgacha barcha yetti shtatda imzo chekkanlar orasida million dollarlik katta yutuq o‘ynalmoqda.

Bir million dollarlik birinchi chek 19 oktyabr kuni Pensilvaniyada tantanali tarzda topshirildi.

Bu qonuniymi?

«Men o‘ylaymanki, Maskning bu aksiyasi, noqonuniy», — deya fikr bildirgan Jorj Vashington universiteti huquqshunoslik professori Pol Shiff Berman.

U AQSh Saylov kodeksiga ko‘ra, «ro‘yxatdan o‘tish yoki ovoz berish uchun to‘lov qilishni taklif qilgan yoki to‘lovni qabul qilganlik» uchun 10 ming dollargacha jarima yoki besh yillik qamoq jazosi ko‘zda tutilganini eslatgan.

«Uning taklifi faqat ro‘yxatga olingan saylovchilar uchun amal qiladi, shunday ekan, menimcha, bu mazkur qoidaga zid keladi», — degan professor Berman BBC bilan suhbatda.

AQSh adliya vazirligi Maskning bu tashabbusi yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. Federal saylov komissiyasi hozircha so‘rovga javob qaytarmagan.

Komissiyaning sobiq raisi Bred Smit New York Times gazetasiga intervyusida Mask va America PAC tashabbusi kulrang zonada bo‘lishi — ular qonunchilikda tirqish topgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«U ularga saylovda ro‘yxatdan o‘tgani uchun emas, petitsiyani imzolagani uchun to‘lamoqda — shu bilan birga, uni faqat ro‘yxatdan o‘tganlar imzolashiga ruxsat berilgan. Shunday ekan, o‘ynaymanki, bunda uning uchun barchasi joyida», — degan Smit.

Saylov qonunchiligi bo‘yicha mutaxassis, Amerikadagi Shimoli-g‘arbiy universitet professori Maykl Kang esa bu o‘rinda kontekst muhim deb hisoblaydi.

«Men buni noqonuniy deydigan tahlilchilarni tushunaman, ammo, kontekstga qarasak, bu aksiya odamlarni ro‘yxatdan o‘tishga undash, shu bilan birga buni qonuniy jihatdan muammosiz tarzda amalga oshirishga mo‘ljallangan, deb o‘ylayman», — deydi professor Kang.

Amerikadagi saylovchilar huquqini himoya qiluvchi, partiyalardan xoli Campaign Legal Center tashkiloti ijrochi direktori Adav Noti Maskning aksiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri federal qonunlarni buzayotgani va adliya vazirligi tomonidan to‘xtatilishi lozimligini aytadi.

«Pulni uni olayotganlar saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi sharti bilan tarqatish — bu noqonuniy», — degan Noti BBC’ga.

Amerikadagi Shimoli-sharqiy universitetning konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha professori Jyeremi Pol BBC savoliga javoban Mask o‘z aksiyasida qonundagi tirqishdan foydalanganini aytadi

Professor Polning fikricha, aksiya aynan qonunni aylanib o‘tish uchun uyushtirilgan, shuning uchun sudda qoidabuzarlikni isbotlash qiyin bo‘ladi.

Demokratlar nima demoqda?

Pensilvaniya gubernatori, Demokratik partiya a’zosi Josh Shapiro mazkur aksiyadan chuqur tashvishda ekanini aytib, huquq-tartibot organlarini bu qanchalik qonuniy ekanini tekshirishga chaqirgan.

Ilon Mask bunga javoban unda gubernator tomonidan bunday bayonot berilishining o‘zi tashvish uyg‘otishini bildirgan.

Kamala Harrisni qo‘llayotgan milliarder Mark Kyuban Maskning bu tashabbusini novatorlik yurishi bo‘lish bilan birgalikda umidsizlik belgisi deb hisoblashini aytgan.

«Bunday ishni faqat majbur bo‘lganda qilishadi, ammo lotereya uyushtirish — yomon g‘oya emas. Bu ish beradimi, yo‘qmi, bunisi mutlaqo boshqa masala. Tashkilotchilarning o‘ziga zarba bo‘lishi ham mumkin», — degan Kyuban CNBC telekompaniyasi efirida.

Bunaqasi avval ham bo‘lganmi?

Ilon Mask ayblovlarga javob qaytarib, demokratlar va ularning homiylari ham shunga o‘xshash ishlarni qilishganini aytgan.

Mask X ijtimoiy tarmog‘ida Mark Tsukerberg 2020 yilda xuddi shunday ish qilgani haqidagi postni retvit qilgan.

Tsukerberg 2020 yilda saylovlarga 400 mln dollar xayriya qilgandi, ammo u saylovchilarga pul to‘lamagan — u bu mablag‘ni pochta orqali ovoz berish logistikasi bilan shug‘ullanuvchi, partiyadan tashqaridagi ikki tashkilotga o‘tkazib bergandi.

Demokratik partiya oldingi saylovlarda o‘z tarafdorlarini safarbar qilish uchun mablag‘ ishlatgan: masalan, 2022 yilda Kongress uchun oraliq saylovlarda partiya saylovchilar ro‘yxatdan o‘tishini targ‘ib qilish uchun 25 mln dollar sarflagan.

Ammo bu pullar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovchilarning o‘ziga berilmagan. Ular uyma-uy yurgan tashviqotchilarga hamda televideniye va internetdagi reklamaga sarflangan.

«Saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tishga jalb etish uchun to‘lash — qonuniy, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri ro‘yxatdan o‘tganlik uchun pul to‘lay olmaysiz», — deydi professor Kang.

Maskning Tramp bilan munosabatlari

Donald Tramp prezident ekanida, sayyoraning eng boy insoni Ilon Mask uning tarafdori emasdi. Ammo keyingi yillarda u tez-tez Demokratik partiya siyosatidan norozilik bildira boshladi.

2022 yilgi oraliq saylovlardan oldin u demokratlar safini tark etishini e’lon qildi va o‘z tarafdorlarini Respublikachilar partiyasiga ovoz berishga chaqirdi.

Joriy yilda Mask Amerika siyosatiga misli ko‘rilmagan energiya bilan kirib keldi va bor kuchi bilan Donald Trampni qo‘llab-quvvatlamoqda. Oxirgi vaqtlarda u Tramp bilan birgalikda ham, o‘zi mustaqil ham mitinglarda chiqish qilmoqda.

Iyul oyida u America PAC tashkilotini tuzdi va hozirgacha ushbu loyihaga 75 mln dollar yo‘naltirdi.

Trampning o‘zi yakshanba kuni jurnalistlarga America PAC’ning pul tarqatish bo‘yicha aksiyasini kuzatmayotganini aytgan. Shu bilan birga, Tramp Maskni o‘z do‘sti deb atagan.

Mavzuga oid