Jahon | 00:59
1385
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik politsiyachi 11 yildan beri farzandi vafot etgan juftlikka o‘g‘il rolini o‘ynab kelmoqda

Shansi provinsiyasida yashovchi er-xotinning farzandi gaz sizib chiqishi oqibatida vafot etgan. Shundan so‘ng, erkak bemor rafiqasini tinchlantirish uchun politsiya xodimidan o‘zlariga o‘g‘il rolini o‘ynab berishni so‘ragan. 

Foto: SCMP

Xitoyda politsiya xodimi 11 yildan beri er-xotinning marhum o‘g‘li rolini o‘ynab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Erkak bunga falajlangan ayolning turmush o‘rtog‘ini iltimosi bilan rozi bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Xitoy shimolidagi Shansi provinsiyasida yashab kelgan Sya Chjanxay hamda uning rafiqasi Lyan Tsyaoin gaz sizib chiqishi oqibatida o‘g‘lidan ayrilgan. Fojia oqibatida ayol falajlanib qolgan hamda uning aqliy qobiliyati zarar yetgan.

O‘g‘lining o‘limi Lyanga qattiq ta’sir qilgan, shu sababdan Sya uni tinchlantirish maqsadida farzandi uzoq shaharda ishlayotganini aytib, yolg‘on gapirgan. Bir safar Sya televizion dasturda shanxaylik politsiyachi Tszyan Tszinveyni ko‘rib, u marhum o‘g‘liga juda o‘xshab ketishini payqab qolgan.

2013 yil oxirida erkak Tszyan bilan shoulardan biri orqali tanishib, undan yordam so‘ragan. Politsiyachi shouda er-xotinni xuddi o‘g‘ilidek kutib olgan, ayol esa ko‘zida yosh bilan uni bag‘riga bosgan. 2016 yilda Tszyan «ota-onasi»ni Shanxayga ekskursiyaga taklif qilgan, 2018 yil boshida esa ta’til olib, Shansiga borgan.

U 11 yildan beri er-xotin bilan videoqo‘ng‘iroqlar orqali aloqada bo‘lib turibdi. Yaqinda amalga oshgan videoqo‘ng‘iroq davomida Lyan «o‘g‘lining» boshidagi oq sochlarga e’tibor qaratib, «o‘g‘lim, sen ham qariyabsan», degan. Sentyabr oxirlarida Sya Shanxay jamoat xavfsizligi byurosiga ta’sirli maktub yo‘llab, «o‘g‘li»ga minnatdorchilik bildirgan.

«Bunday g‘amxo‘r va mas’uliyatli politsiyachini tarbiyalaganingiz uchun rahmat. O‘n yildan oshiqroq vaqt oldin Tszyan o‘g‘il rolini ijro etib, bir paytlar yuragi ezilgan oilamizga yangi hayot olib keldi», — deb yozadi erkak. 

Tszyanning o‘ziga hech qanaqa qarindosh bo‘lmagan juftlikka nisbatan sadoqati ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab foydalanuvchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi. «Mehribonligingiz uchun rahmat sizga Tszyan. Ushbu juftlikni bog‘lab turgan munosabatlar qondoshlikdan ham a’loroqdir», — deb yozadi WeChat foydalanuvchilaridan biri.

Mavzuga oid