27 oktyabr kuni kechqurun dronlar Voronej oblastining Novoxopyorsk shahridagi «Etanol spirt» spirt zavodiga hujum qildi. Bu hafta ichida ro‘y bergan ikkinchi shunday hujum bo‘ldi.
Voronej oblasti gubernatori Aleksandr Gusev pilotsiz qurilma «xo‘jalik binosi tomiga qulagani»ni ma’lum qildi. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in kelib chiqmagan va hech kim talafot ko‘rmagan.
Xuddi shunday hujumga Voronej oblastining qo‘shni Annensk rayonidagi korxona ham duchor bo‘lgan. U yerda ehtimoliy nishon mahalliy spirtzavod yoki «Annenneftprodukt» neft bazasi bo‘lgan.
Bungacha Rossiyadagi spirt zavodlarga hujum 22 oktyabr kuni ry bergan. O‘shanda Tula, Tambov va Voronej oblastlaridagi korxonalarga talafot yetkazilgan.
Operatsiyada o‘nlab zarbdor dronlardan foydalanilgan.
Harbiy maqsadlar uchun spirt
O‘tgan yili rossiyaliklar rekord miqdorda alkogolli ichimliklar xarid qilishgan. 2023 yilda mamlakatning har bir fuqarosiga o‘rtacha 8 litr toza spirt to‘g‘ri kelgan — bu so‘nggi to‘qqiz yil ichidagi rekord.
Biroq, Ukraina hukumati iddaosiga ko‘ra, ular spirt zavodlarini harbiy maqsadlarda yo‘q qilishmoqda. Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andriy Kovalenkoga ko‘ra, Ukrainaning pilotsiz parvoz qurilmalari chindan ham Rossiyadagi spirt zavodlarini nishonga olmoqda. Lekin u mazkur korxonalarini «harbiy obektlar» deb hisoblash mumkinligini qayd etgan.
«Rossiyada spirt zavodlari nafaqat spirt ishlab chiqaradi, shuningdek, harbiy maqsadlar uchun turli ko‘rinishdagi toza yoqilg‘i va portlovchi moddalar ham tayyorlaydi. Shuning uchun ularga hujum qilinmoqda. Bularning barchasi tashqaridan boshqacha ko‘rinsa ham, aslida harbiy obektlar», degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, spirt zavodlarida raketalar va aviatsiya uchun yonilg‘i, portlovchi moddalar ishlab chiqariladi. Shuningdek, spirtdan aviatsiyada ham foydalaniladi: uni yonilg‘iga, tormoz tizimlariga, tozalash uchun ishlatiladigan suyuqliklar va muzlashning oldini oluvchi suyuqliklarga qo‘shishadi.
Chindan ham shundaymi?
Spirtdan chindan ham portlovchi modda ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Aniqrog‘i, gidroliz yordamida u avvaliga etilenglikolga aylantiriladi, so‘ngra etilenglikoldinitrat (EGDN) yoki nitroglikol deb ataluvchi portlovchi birikmaga.


















