O‘zbekiston | 19:13 / 02.11.2024
3922
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Senati a’zolari saylovini o‘tkazish sanasi belgilandi

Saylov kodeksiga ko‘ra, Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Markaziy saylov komissiyasining (MSK) qaroriga binoan, Oliy Majlis Senati a’zolari saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlislari 7-12 noyabr kunlari o‘tkazilishi belgilandi.

Saylov kodeksining 76-moddasiga ko‘ra, Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Oliy Majlis Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining tegishli qo‘shma majlisida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

MSK yig‘ilishida Oliy Majlis Senati a’zolari saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq ayrim hujjatlar namunalarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Qo‘shma majlis Maslahat Kengashi bayoni, Sanoq komissiyasi bayoni, ovoz berishda ishtirok etuvchi deputatlar ro‘yxati, Senati a’zosi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni hamda Qo‘shma majlis bayonnomasi namunalari tasdiqlandi.

Mavzuga oid