Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2025 yil 1 yanvardan davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlandi. Hukumatning 5 yil oldingi boshqa bir qarorida esa “O‘zbek davlat sirki”ga tutash hududda qo‘shimcha hayvonlarni saqlash uchun bino-inshootlar va o‘rgatish maydonlari qurish, budjet mablag‘lari hisobidan esa ekzotik hayvonlarni sotib olish nazarda tutilgandi.
Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:
- jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash;
- davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish;
- ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ruxsatnomalari asosida belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan hayvonot bog‘larida va (yoki) pitomniklarda saqlanishi mumkin.
Jismoniy shaxslar, shuningdek, davlat va mobil sirklar (shapitolar) ixtiyoridagi yovvoyi hayvonlar shartnoma asosida hayvonot bog‘lari va pitomniklarga pulli yoki bepul topshirilishi mumkin. O‘zbekiston faunasiga mansub bo‘lganida, ular uchun mos bo‘lgan tabiiy yashash muhitiga, mansub bo‘lmaganda esa O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqarib yuboriladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda jismoniy shaxslar va sirklarda saqlanayotgan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarning 2026 yil 1 yanvargacha hayvonot bog‘lari yoki pitomniklarga topshirilishini ta’minlash topshirilgan.
2019 yil 23 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek sirk san’atini yanada rivojlantirish va «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori









