Jamiyat | 20:40 / 09.11.2024
2515
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 600 dollarga soxta «prava» rasmiylashtirib bergan avtomaktab xodimi ushlandi

Andijonda esa «Vatanparvar» tashkilotining tuman bo‘limi hisobchisi sertifikat olib berish evaziga 5,2 mln so‘m olganida qo‘lga tushdi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Samarqand va Andijon viloyatlarida soxta haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirib berish hamda sertifikat olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida «G.H.» avtomaktabi o‘rgatuvchi ustasi G‘.Q. fuqaro A.R.ga avtomaktabda o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasi olib berishi evaziga 600 AQSh dollarini olib, unga soxta guvohnoma rasmiylashtirib bergani aniqlangan. G‘.Q. tomonidan 100 dollarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Shahrixon tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Vataparvar» tashkilotining tuman bo‘limi hisobchisi Sh.X. fuqaro G.A.ga haydovchilik guvohnomasini olishi uchun o‘quv kursida o‘qigani to‘g‘risida sertifikat olib berishi evaziga 5,2 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda narx oshgani haqida xabar tarqalgan edi. Keyinroq Toshkentda «prava» olish uchun imtihon narxi oshgani rad etildi.

Mavzuga oid