Jamiyat | 19:33 / 14.11.2024
1736
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xalqaro innovatsion haftalik start oldi

Bugun poytaxtimiz Toshkentda “InnoWeek–2024” - Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi boshlandi. “Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar” shiori ostida 14-16 noyabr kunlari bo‘lib o‘tuvchi mazkur haftalikda xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya fondlari, texnologik agentliklar, texnoparklar hamda biznes inkubatorlar ishtirokidagi tadbirlar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

“O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar saroyida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova haftalikdan ko‘zlangan maqsad va kutilmalar haqida gapirar ekan:

— Haftalik bizga zamonaviy texnologiyalar va ilmiy-ijodiy ishlanmalar bilan tanishish, ularni hayotga tatbiq etish, yangicha g‘oyalar bilan birgalikda kelajakka yo‘l ochish imkonini beradi, — deya ta’kidladi.

Ushbu haftalik davomida tashkil etiladigan tadbir, muloqot hamda davra suhbatlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ham xorijiy va mahalliy mutaxassislar, shuningdek, xorijiy tahlilchilar o‘rtasida ilm-fan hamda texnologiyalarning mazmun-mohiyati, bu borada qilingan ishlar, erishilgan yutuqlar, kutilayotgan natija hamda taraqqiyot yo‘lidagi muhim bosqichlar borasida o‘zaro fikr, tajriba almashish, muloqot maydonini yaratishdan iborat.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ushbu yilgi “InnoWeek” tadbiri global hamda mahalliy muammolarga ilmiy-innovatsion yechimlar topishda muhim qadam ekanini ta’kidladi.

“Oziq-ovqat tanqisligi fonidagi suv tanqisligi kelajakda hududlarimizni cho‘llashishiga olib kelmoqda. Bu masalalar yetishtirilayotgan mahsulotlarimizning kamayib ketishiga ham sabab bo‘lmoqda. Biz innovator olimlarimizdan bu muammolarga ko‘proq e’tibor berishini so‘rab qolar edik. Energetika xavfsizligi yo‘nalishida yangi energiya turlarini ishlab chiqish, energiyadan samalari foydalanish yo‘llarini topishga katta e’tibor berish kerak. O‘ylaymanki, “InnoWeek” doirasida bu masalalarni yechish uchun yangi-yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi”, dedi Sharipov.

Joriy yilda tashkillashtirilgan haftalik doirasida Xitoy, Malayziya, Tailand, Hindiston, Eron, Turkiya, Germaniya, Koreya, Ispaniya, Qozog‘iston, Rossiya va Qirg‘iziston kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 150 nafardan ortiq vakillar ishtirok etmoqda. Shunday xorijiy vakillardan biri, Tailand Milliy tadqiqotlar kengashi ijrochi direktori Viparat De-ong mazkur haftalikda ilk bor vakillik qilayotganini qayd etarkan, “InnoWeek–2024” qimmatli tajriba hamda yorqin taassurotlar olishiga ayollar, yoshlar va bolalar uchun innovatsion mahsulotlar, texnologiyalar va xizmatlarni targ‘ib qilishda muhim platformaga aylanishini ta’kidladi.

Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyevning xabar berishicha, haftalik doirasida tashkil etilayotgan xalqaro ko‘rgazma doirasida 512 ta mahalliy, 34 ta xorijiy tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan “Tijoratlashtirish”, “Startap” hamda “Ilmiy tadqiqot” loyihalari natijasida yaratilgan innovatsion mahsulotlar taqdim etildi.

Mazkur haftalik davomida qatnashchilarda ilm-fan hamda innovatsion sohalarga oid bilim va ko‘nikmalarni yanada yaxshilash, o‘zaro tajriba almashish hamda muloqot o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida dasturga ko‘ra 22 ta xalqaro forum, konferensiya hamda seminar, 2 ta mahalliy tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid