O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga oshirmoqchi
Qirg‘izistonning "Vecherniy Bishkek" noshirlik uyi portalida "Yashil" energetikani rivojlantirish O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy vazifalaridan biridir" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2022 yilda 2030 yilgacha "yashil" iqtisodiyotga o‘tish va "yashil" o‘sishni ta’minlash dasturi qabul qilingan.
O‘zbekiston 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga, umumiy energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi va muqobil manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmini kamida 40 foizga oshirish niyatida. Bu mamlakatga nafaqat energiya resurslarini diversifikatsiya qilish, balki, muhimi, atmosferaga zararli chiqindilarni 34 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi.
"O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha noyob salohiyatga ega. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektr energiyasiga bo‘lgan hozirgi talabdan 10-12 barobar yuqori", – deyiladi maqolada.
"Vecherniy Bishkek" so‘nggi ma’lumotlar O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishganidan dalolat berishini ta’kidlagan. Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmida 10 foizdan 18 foizga oshirish rejalashtirilgan, deb ma’lum qilingan.
Ayni paytda bu boradagi ishlar jadallik bilan davom etmoqda. Ayni paytda respublikada umumiy quvvati 6,3 gigavatt bo‘lgan quyosh, shamol va gibrid elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosidagi 28 loyiha bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Ulardan umumiy quvvati 2,6 gigavatt bo‘lgan 7 ta loyiha doirasida birinchi quvvatlar 2023 yilda ishga tushirilgan.
"Deyarli barcha hududlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilmoqda. Xususan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda umumiy quvvati 1,6 gigavatt bo‘lgan 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 183 megavatt bo‘lgan 6 ta yirik va kichik gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi", – deb yozilgan "Vecherniy Bishkek" tarqatgan maqolada.
Mavzuga oid
08:20 / 21.12.2024
Qoraqalpog‘istonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
09:30 / 07.11.2024
Namanganda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
09:29 / 06.11.2024
O‘zbekistonda 2030 yilgacha “yashil” energiya manbalari 40 foizga yetkaziladi
10:10 / 29.10.2024