Jahon | 21:03
4145
9 daqiqa o‘qiladi

Uchinchi jahon urushidan qo‘rqqan podkaster Jo Rogan Zelenskiyni so‘kdi. Unga Klichko va boshqa ukrainlar javob qaytardi

Dunyodagi eng mashhur podkastlardan birining muallifi, amerikalik Jo Rogan o‘z efirlaridan birida ukrainlar prezidenti Volodimir Zelenskiyga haqoratlar bilan hujum qildi va Oq uy rahbari Jo Baydenni Ukrainaga Amerika raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat bergani uchun tanqid qildi.

Foto: Getty Images

Bu efir juma kuni bo‘lib o‘tgandi — va shundan keyin Roganning so‘zlari internetda amerikalik va ukrainalik foydalanuvchilar tomonidan faol muhokama qilindi. Ko‘plab taniqli shaxslar, jumladan bokschi Volodimir Klichko hamda Ukraina TIVning sobiq rahbari Dmitro Kuleba Ukraina prezidentining yonini olib chiqdi.

BBC Ukraina xizmatining Ukraina prezidenti ofisidagi suhbatdoshi butun tvitter bunga turli formatlarda aql bilan javob qaytargani, shu tufayli ofisdagilar qo‘shimcha reaksiyaga zarurat ko‘rmayotganini aytib hazil qilgan.

U prezident ofisi bundan keyin ham Amerika auditoriyasi uchun ukrainlarning pozitsiyasini tushuntirishda davom etishini ta’kidlagan.

Jo Rogan kim va u aynan nimalar dedi?

Jo Rogan — dunyodagi eng mashhur podkastlardan biri, YouTube va Spotify orqali efirga uzatiladiganThe Joe Rogan Experience dasturi muallifidir.

Uning har bir epizodi odatda millionlab marta ko‘riladi — bu ko‘p jihatdan, Roganning so‘z tanlab o‘tirmasdan, xayoliga nima kelsa gapiraveradigan boshlovchi sifatidagi imiji tufaylidir.

Rogan (chapda) saylovlarda Trampni qo‘lladi va amerikaliklarni unga ovoz berishga chaqirdi

U faoliyatini stendap-komik sifatida boshlagan, ammo keyin AQShda boks kommentatori sifatida shuhrat qozongan. Uni aralash jang san’ati turlari (MMA) bo‘yicha eng yaxshi sharhlovchi deb atashgan.

Ilon Mask aynan Roganning efirida marihuana chekib ko‘rgandi — bu epizod hozirgacha internetda virusdek aylanadi.

Rogan koronavirusga qarshi vaksinalar to‘g‘risidagi asossiz fitna nazariyalarini tarqatish bilan ham shug‘ullangan va shu tufayli amerikalik mashhur rok-qo‘shiqchilar Nil Yang va Joni Mitchell Spotify striming platformasidan o‘z musiqalarini o‘chirib tashlashni talab qilishgan.

Prezidentlik saylovlarida Jo Rogan ochiqchasiga Donald Trampni qo‘lladi.

Juma kuni prodyuser Skott Storch mehmon bo‘lgan epizod vaqtida u Zelenskiyni, o‘zining fikricha, prezident Bayden bilan birgalikda Uchinchi jahon urushi qo‘zg‘ayotgani uchun so‘kdi.

«Zelenskiy Putin qo‘rquvda ekanini aytadi. Yo‘qol ***!» — degan Rogan. (Rogan «f*** you», ya’ni eng keng tarqalgan inglizcha so‘kishni ishlatgan). «Yo‘qol ***, odamlar! Siz [***] Uchinchi jahon urushini boshlayapsiz!» — deya davom etgan u.

Podkaster yaqinda AQSh Ukraina qurolli kuchlariga amerikaliklarning ATACMS raketalari bilan Rossiyaning ichkari hududlariga zarba yo‘llashga ruxsat bergani faktini nazarda tutgan.

Rossiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina ATACMS yordamida Bryansk va Kursk oblastlaridagi harbiy obektlarni o‘qqa tutgan; Moskva ukrainlar Kursk oblastidagi shunday nishonlarga britanlarning Storm Shadow rusumli qanotli raketalari bilan ham hujum uyushtirganini ma’lum qilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF armiyasi bunga javoban o‘rta masofada harakatlanuvchi «Oreshnik» ballistik raketasi bilan Dnipro shahridagi harbiy zavodga zarba yo‘llaganini bildirgan.

«Ular [Rossiya] tarixda ilk bor qit’alararo uchuvchi ballistik raketani qo‘lladi!» — degan bu haqda Jo Rogan o‘z efirida.

BBC aniqlashicha, «Oreshnik» — qit’alararo ballistik raketa bilan jihozlangan RS-26 «Rubej» kompleksi asosida yaratilgan bo‘lsa ham, aslida o‘rta radiusda harakatlanuvchi ballistik raketa bo‘lib, uni qit’alararo uchuvchi raketa sifatida tasniflash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Reuters Ukraina hukumatidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Dnipro tomon uchirilgan ballistik raketada portlovchi moddalar ham bo‘lmagan. Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, raketa o‘quv kallaklarini olib yurgan. U zarbadan ko‘rilgan zararni «kichik» deb ta’rifladi. Agentlikning ikkinchi suhbatdoshi raketada portlovchi modda bo‘lmaganini ta’kidlagan. «Biz kutgan portlashlar sodir bo‘lmadi. Nimadir bo‘ldi, lekin unchalik katta emas», — deya qo‘shimcha qilgan u.

«Bu uni qo‘llashgan birinchi holat! Bu *** [la’nati] jinnilik, chunki bunday raketalar yadroviy kallak olib yurishi mumkin, — deya davom etgan Rogan o‘zining odobsiz leksikonida. — Muzokaralar stoliga o‘tiring, o‘zingizni bosib oling va tinchlaning, hammani bir boshdan o‘ldirishni bas qiling!»

«Biz Tramp uchun ovoz berganmiz. Va u bu bema’niliklarning barchasiga chek qo‘ymoqchi. Umid qilamizki, u buni uddalaydi», — deya qo‘shimcha qilgan Rogan.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni bir kun ichida to‘xtatishi mumkinligini aytgan, ammo buni qanday qilishini ochiqlamagan.

Trampning muxoliflari u Kiyevni hududiy yon berishga majburlashi va mojaroni Ukraina uchun noqulay shartlarda muzlatib qo‘yishi mumkinligidan xavfsiramoqda. Ukraina hukumati bunday ssenariyni rad etadi. Prezident Zelenskiy avvalroq Tramp bilan sentabr oyida ajoyib uchrashuv o‘tkazganini aytgandi va u ham Zelenskiy o‘z pozitsiyasini bayon etganida e’tiroz bildirmagandi.

«Uchinchi jahon urushi» va «yadroviy urush» ritorikasi hozirda Trampning taniqli tarafdorlari tomonidan keng tarqatilmoqda.

Yaqinda mojaroli boshlovchi, joriy yil boshida Vladimir Putindan intervyu olgan Taker Karlson Baydenning Ukrainaga uzoq masofali zarbalar yo‘llash uchun ruxsat berishini «dunyoning eng xavfli mamlakati bilan qaynoq urushni boshlab beradigan» qadam deb atagandi. «Biz barchamiz o‘limga juda yaqinmiz», — degandi Karlson X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Rossiya propagandasi»

Roganning podkastining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi ostida uning oxirgi gaplari yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar boshlanib ketdi. Ayrim foydalanuvchilar uning fikriga qo‘shilgan, qolganlari esa uning o‘zini ham haqoratlab javob yozishgan.

«Sen o‘zing yo‘qolib ket ***, Jo!» — deya yozgan ulardan biri. «O‘ylaymanki, kimnidir ayblash uchun juda kech, endi qo‘rqinchli reallik yuzaga chiqdi», — deya yozgan boshqasi. «Ammo u haq», — deya javob qaytaradi yana bir foydalanuvchi. «Senda Putinga savollar yo‘qmi, Jo?» — deya so‘raydi Rogandan yana bir tvitterchi.

Volodimir Klichko Roganga javob qaytarganlar safida edi

Ayrimlar Zelenskiyga uni o‘z haqligiga ishontirish uchun Roganning shousida ishirok etishni maslahat qilishgan: «Zelenskiy Jo Roganning oldiga borishi kerak. Hazillashmayapman. U hissiyot va ishonch bilan gapiradi… U Jo Roganning fikrini o‘zgartiradi».

Ayrim taniqli ukrainlar ham shov-shuvli so‘zlarga munosabat bildirishdi.

Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ukasi, bokschi Volodimir Klichko podkasterga murojaat yo‘llab, uni «Putinning propagandasini takrorlash»da ayblagan.

«Putin Rossiyasi muammoga duch kelgan, shuning uchun ular seni va sendaylarni qo‘rqitmoqchi. Bu urush uch kunda tugashi kerak edi, amalda esa uch yildan buyon davom etmoqda — mening xalqimning qahramonligi va qurbonliklari tufayli. Shuning uchun sen Putin chindan ham foydalanishni rejalashtirgan yagona quroldan: propagandadan foydalanayapsan», — degan kichik Klichko videoda.

Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba ham jim turmadi.

«Ukrainlarga hujum qilish va ularga gapirish imkoniyatini taqdim etmaslik — haqqoniy kurash emas. Agar chinakamiga gaplashmoqchi bo‘lsang, kel, Ukrainaga oid har qanday mavzuda bafurja gaplashamiz [...] Sen o‘z ishingni bilasan, men o‘zimnikini. Sigaralar mendan», — deya yozgan Kuleba tvitterda Roganga, uning sigaralarga muhabbatiga ishora qilgan holda.

Mavzuga oid