Jahon | 12:53 / 02.01.2025
5405
4 daqiqa o‘qiladi

Dnestrbo‘yi aholisi issiqlik, gaz va issiq suvsiz qoldi

Rossiya gazi yetkazib berish to‘xtatilgani sababli Dnestrbo‘yi aholisi issiqliksiz, gaz va issiq suvsiz qoldi. Tiraspol Dnestrning o‘ng qirg‘og‘iga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi.

Foto: Vladislav Bachev/REUTERS

Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti to‘xtatilgani sababli tan olinmagan Dnestrbo‘yi aholisi 1 yanvar, chorshanba kunidan beri gaz, issiqlik va issiq suvsiz qolmoqda.

Dnestrbo‘yida issiqlik va issiq suv yo‘q

«Korxonaning issiqlik ishlab chiqarish obektlariga gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilishi munosabati bilan 2025 yil 1 yanvar soat 7.00 dan boshlab aholini isitish uchun issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlash to‘xtatiladi», — deyiladi «Tirasteploenergo» kompaniyasi xabarida. Faqatgina shifoxonalar uchun istisno qilingan.

Hozir Tiraspol va uning atrofida kunduzi +7°C, kechasi esa -2°C atrofida. Fuqarolarga issiq suv jo‘mraklarini ochmaslik va batareyalar ichidagi suvni to‘kmaslik tavsiya qilindi. Isitish uchun elektr isitgichlardan foydalanish, deraza va eshiklardagi yoriqlarni yopish, ularni adyol va pardalar bilan yopish taklif etilgan. «Issiq kiyining va o‘tkir respiratorli infeksiyalar va grippdan profilaktika dori-darmonlarini qabul qiling», deya qo‘shimcha qildi «Tirasteploenergo».

Gaz o‘chirilishi va elektr ta’minoti to‘xtatilishi

«Tiraspoltransgaz-Pridnestrove» kompaniyasi iste’molchilar, jumladan, turar joy va xususiy binolar, shuningdek, qozonxonalar uchun gaz o‘chirilishini e’lon qildi. Fuqarolarga gaz jo‘mraklarini yopish va ta’minotni mustaqil ravishda tiklashga urinmaslik tavsiya etildi.

«TSV Pridnestrove» telekanali mintaqadagi eng yirik Moldaviya (Kuchurgan) davlat elektr stansiyasi elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun gazdan ko‘mirga o‘tishni boshlagani haqida xabar berdi. «O‘tish normal, lekin MGRES 105 megavatt quvvat ishlab chiqaryapti. Ishlab chiqarish quvvati ko‘p qavatli binolar isitgichlar bilan isinishga o‘tganida ortadi», — deya xabar berdi telekanal.

«Pridnestrovets» Telegram-kanaliga ko‘ra, elektr stansiyasidagi ko‘mir zaxiralari 50-52 kunga yetadi. Bundan tashqari, stansiya Moldovaning qolgan qismiga, Dnestrbo‘yi o‘ng qirg‘og‘iga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi. Kishinyov hukumati mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini Ruminiyadan xaridlar orqali qoplashiga ishontirmoqda.

Kishinyovda yangi yil chiroqlari energiya inqirozi tufayli o‘chirildi

Ukraina orqali tranzitda Rossiya gazini yetkazib berish to‘xtatilishi munosabati bilan rasmiylar tomonidan joriy etilgan energiya tejash choralari tufayli Kishinyovda yangi yil chiroqlari 1 yanvar kuni o‘chirildi.

Kishinyov meri matbuot kotibi Natalya Iksar Facebookʼda poytaxtning yangi yil girlyandalari osilgan, ammo chiroqlarsiz ko‘chalari suratini e’lon qildi. «Qishki ta’tillar tugadi», deb yozdi u. «Kishinev v teme» Telegram-kanalining yozishicha, butun shaharda yorug‘lik faqat Buyuk xalq yig‘ilishining markaziy maydonida qoldirilgan.

Avvalroq poytaxt meri Ion Cheban rasmiylar «1 yanvardan boshlab elektr energiyasini bosqichma-bosqich o‘chirish choralarini ko‘rishi» haqida ogohlantirgan edi. Merning aytishicha, asosiy archa, markaziy maydon va sobor yaqinidagi maydondan tashqari butun shahar bo‘ylab dekorativ yoritish chiroqlari o‘chiriladi. 

Mer Moldova hukumati energiya sarfini qanday kamaytirishni aniq tushuntirmaganidan shikoyat qildi. «Bizda 300 dan ortiq trolleybus, 350 ta maktab va bolalar bog‘chalari, shifoxonalar, poliklinikalar, strategik korxonalar, ko‘cha yoritgichlari va svetoforlar mavjud», — dedi u.

Mavzuga oid