Dnestrbo‘yida elektr energiyasini rejali tarzda o‘chirish boshlandi
«Gazprom» tomonidan gaz ta’minoti to‘xtatilishi munosabati bilan Dnestrbo‘yida elektr uzilishlari boshlandi.
Tan olinmagan Dnestrbo‘yi hududi aholisi elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida ogohlantirildi. Tegishli xabar 3 yanvar, juma kuni Telegramʼda hududiy «Iqtisodiy rivojlanish vazirligi» tomonidan e’lon qilindi.
O‘chirishlar aholining «hozirda elektrni tarmoq ishlab chiqarganidan ko‘ra ko‘proq iste’mol qilishi» bilan bog‘liq. Uzilishlar Tiraspol, Benderining bir qator rayonlari, Kamenki shahrining sanoat sektori, Ribnitsa va uning atrofidagi rayonlar, shuningdek, Giska qishlog‘iga ta’sir qiladi.
Ba’zi aholi punktlariga yetkazib berish mahalliy vaqt bilan soat 18.00 dan 22.00 gacha (Toshkent vaqti bilan 21.00 dan 01.00 gacha) davrda bir soat davomida to‘xtatiladi. Bunday holda, belgilangan muddat «texnologik jarayon»ning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda 30 daqiqaga oshirilishi mumkin.
Dnestrbo‘yida deyarli barcha sanoat korxonalari ishi to‘xtab qoldi
Dnestrbo‘yida sanoat korxonalari ishi energiya resurslari yetishmasligi tufayli to‘xtatildi. Bu haqda 2 yanvar kuni hukumat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tan olinmagan Dnestrbo‘yi Moldaviya Respublikasi (DMR) iqtisodiy rivojlanish vaziri Sergey Obolonik ma’lum qildi. «Inqiroz shunchalik og‘irki, qaysi korxonalar to‘xtaganini sanab o‘tishning hojati yo‘q, faqat oziq-ovqat ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadiganlar bundan mustasno», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi «Novosti Pridnestrovya» Telegram-kanali. Vaziyat Rossiya gazini Ukraina orqali yetkazib berishning to‘xtatilishi bilan bog‘liq.
DMR hukumati 5 yanvardan keyin vaziyatni batafsil tahlil qilishi kutilmoqda, bunda fuqarolik sektorida iste’mol qanday ekani aniq bo‘ladi. «Biz energiya balansini qandaydir tarzda topish uchun ma’lum energiya xarajatlarini bloklash yoki kamaytirish orqali sanoat agentlarimizni qo‘llab-quvvatlash imkonini qidiramiz», dedi Obolonik. Vazir energetika sohasidagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishiga umid bildirdi va agar energiya inqirozi uzoq vaqt davomida hal etilmasa, «qaytarib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar ro‘y berishi, ya’ni korxonalar o‘z imkoniyatlarini yo‘qotishi mumkin»ligini tushuntirdi.
Mavzuga oid
12:38 / 06.01.2025
Dnestrbo‘yida aholi suv ta’minoti bilan bog‘liq muammo haqida ogohlantirildi
15:27 / 05.01.2025
Rossiyaning Moldova bilan gaz urushi: Dnestrbo‘yida isitish yo‘q, yuzlab korxonalar yopilib, minglab kishilar ishsiz qoldi
08:14 / 03.01.2025
Dnestrbo‘yida deyarli barcha sanoat korxonalari ishi to‘xtab qoldi
11:08 / 24.12.2024