O‘zbekiston | 14:00 / 19.02.2025
1662
3 daqiqa o‘qiladi

Havas Holding Kuvaytning Gulf Investment House kompaniyasi bilan 400 mln dollarlik bitim imzoladi

Havas Holding vakillari Kuvaytga tashrifi doirasida qiymati 400 million dollardan ortiq bo‘lgan bitimlarni imzoladi.

Foto: Havas Holding

2025 yil 17-18 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Kuvaytga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi bilan bir vaqtda Havas Holding vakillari Kuvaytning yetakchi kompaniyalari bilan ishbilarmonlik muzokaralarini o‘tkazib, qator yirik kelishuvlarga erishdi.

Havas Holding – 2018 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan ko‘p tarmoqli kompaniyalar guruhi. Uning asoschisi Fathulla Sadikov hisoblanadi. Hozirda guruh korxonalari chakana savdo (riteyl), development, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va FMCG tovarlari distributsiyasi bilan shug‘ullanadi. Guruh korxonalarida 4000 ga yaqin kishi ishlaydi. Xalqaro aloqalarni rivojlantirish strategiyasi doirasida Havas Holding vakillari Kuvaytga tashrif buyurib, u yerda bir qator kompaniyalar bilan hamkorlik shartnomalari imzoladi.

Xususan, Gulf Investment House investitsiya kompaniyasi bilan 400 mln dollarlik hamkorlik shartnomasi imzolandi. Havas Holding va Gulf Investment House o‘rtasidagi kelishuv kompaniyalarning o‘zaro hamkorligini hamda eksport-import va savdo, turar joy ko‘chmas mulkini qurish va rivojlantirish, ishlab chiqarish va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Gulf Investment House – 1998 yilda tashkil etilgan investitsiya fondi bo‘lib, Fors ko‘rfazidagi yetakchi moliyaviy kompaniyalardan biri hisoblanadi. Gulf Investment House Fors ko‘rfazi, Yaqin Sharq mamlakatlari va boshqa strategik bozorlarda investitsiyalarga ega. Havas Holding va Gulf Investment House o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari uchun yangi imkoniyatlarni yaratib beradi.

Shuningdek, Havas Holding va Raha Holding o‘rtasida shartnoma imzolangan bo‘lib, unda Havas Holding va Smooth Logistics (Raha Holding bo‘linmasi) o‘rtasida logistika sektorini raqamlashtirish va robotlashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Tashrif chog‘ida Havas Holding vakillari mamlakatning qator yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini muhokama qildi.

Havas Holding O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va milliy iqtisodiyotni global bozorlarga integratsiya qilish uchun shart-sharoitlar yaratgan holda, xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Sayt: havasholding.uz

 

Reklama huquqi asosida

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid