Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger Alisher Tursunov qidiruvga berildi. Tarmoqlarda shu mazmunda tarqalgan xabarni Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uzʼga tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, u Jinoyat Kodeksining 244-2-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat – «diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish» harakatini sodir etishda ayblanib, qidiruvga berilgan.
IIV rasmiysi ma’lum qilishicha, fuqaro qachon qidiruvga berilgani tergov siri bilan bog‘liq. Shuningdek, boshqa ayblovlar qo‘yilgani haqida ham ma’lumot yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekzabon segmentida faol bo‘lgan diniy ulamo – marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining shogirdi, O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.
Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qiladi. U 2023 yil oxirida Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan olib ketilgan va ushlab turilgan. Keyinroq unga qo‘yilgan ayblovlar isbotini topmagan va qo‘yib yuborilgandi.











